Jo‘raeva Go‘zal Qodirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Firoqiy va uning adabiy merosi”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2433.
Ilmiy rahbar: Qobilova Zeboxon Bakirovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Tojiboeva Muqaddas Abdurahimovna, filologiya fanlari doktori, professor; Xo‘janova Gulchehra Uralovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Do‘stmuhammad Firoqiy tarjimayi holi, adabiy merosining manbalari, she’rlari hajmini belgilash va ularning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek adabiyotshunosligida birinchi marta Do‘stmuhammad Firoqiyning hayoti va ijodiy biografiyasi shoir haqidagi xotiralar, hasbi hol xarakteridagi she’rlar, qo‘lyozma va toshbosma manbalar, maktublar kabi ma’lumotlarga tayangan holda dalillangan;
shoirning g‘azal, fard singari she’riy janrlar, musammat shakllariga oid asarlari aniqlanib, jami 4684 misradan iborat 222 ta she’ri ilmiy muomalaga kiritilgan va ularning ishqiy, falsafiy, axloqiy, ijtimoiy kabi mavzularda yozilgani isbotlangan;
shoirning g‘azal, muxammas, murabba, ruboiy, chiston, fard janrlarida ham barakali ijod qilgani, muvashshah-g‘azal, nazira-g‘azal, mushoira-g‘azallarning go‘zal namunalarini yaratgani, ilk marotaba mushoira-muxammas janrini o‘zbek mumtoz adabiyotiga olib kirgani asoslangan;
Firoqiyning lirik qahramoni nosih, oshiq, modih ko‘rinishlarida namoyon bo‘lgani, she’rlarida musiqiylik va ta’sirchanlikni orttirish maqsadida ramal, hazaj, mutaqorib bahrlaridan keng foydalangani, tashbeh, mubolag‘a, tazod, tashxis, tajohuli orif kabi badiiy san’atlar shoirning poetik niyatini o‘quvchiga etkazishda alohida ahamiyatga ega bo‘lgani ochib berilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Do‘stmuhammad Firoqiyning she’riyati va uning poetikasi masalasini tadqiq etish jarayonida chiqarilgan xulosalar, erishilgan ilmiy natijalarning joriylanishi quyidagilarda ko‘rinadi:
o‘zbek adabiyotshunosligida birinchi marta Do‘stmuhammad Firoqiyning hayoti va ijodiy biografiyasi shoir haqidagi xotiralar, hasbi hol xarakteridagi she’rlar, qo‘lyozma va toshbosma manbalar, maktublar kabi ma’lumotlarga tayangan holda dalillangani bilan bog‘liq yangiliklardan AL-322103020 raqamli “Qo‘qon adabiy muhiti ijodkorlari hayoti va ijodi bo‘yicha veb-sayt va elektron platforma yaratish” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (Qo‘qon davlat pedagogika institutining 2024- yil 27 -maydagi 632/04 – sonli ma’lumotnomasi). Natijada, platforma yangi va qiziqarli ma’lumotlar bilan boyitilib, foydalanuvchilarga qulaylik yaratilgan;
shoirning g‘azal, fard singari she’riy janrlar, musammat shakllariga oid asarlari aniqlanib, jami 4684 misradan iborat 222 ta she’ri ilmiy muomalaga kiritilgan va ularning ishqiy, falsafiy, axloqiy, ijtimoiy kabi mavzularda yozilgani isbotlanganiga doir xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi nasr va adabiy tanqid bo‘limi yig‘inlarida yosh ijodkorlarga o‘tilgan mahorat darslarida, shuningdek, ijodiy seminarlarda o‘qilgan ma’ruzalarda foydalanilgan. (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2024- yil 11- martdagi 01- 03/ 288 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada yosh qalamkashlarning adabiyot tarixiga oid bilimlari kengaygan, seminarlarning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan;
shoirning g‘azal, muxammas, murabba, ruboiy, chiston, fard janrlarida ham barakali ijod qilgani, muvashshah-g‘azal, nazira-g‘azal, mushoira-g‘azallarning go‘zal namunalarini yaratgani, ilk marotaba mushoira-muxammas janrini o‘zbek mumtoz adabiyotiga olib kirgani asoslangani haqidagi xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” teleradiokanali “Bedorlik”, “Adabiy jarayon”, “Gʻazal bo‘stoni” nomli eshittirishlari (2022-2024 yillar) ssenariysida foydalanilgan. (“O‘zbekiston” Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2024-yil 4- noyabrdagi 04- 36 -1169 -sonli ma’lumotnomasi) “Natijada radiotinglovchilar Qo‘qon adabiy muhitining yana bir vakili ijodi bilan tanishgan, eshittirishlarning ilmiy qimmati ortgan.
Firoqiyning lirik qahramoni nosih, oshiq, modih ko‘rinishlarida namoyon bo‘lgani, she’rlarida musiqiylik va ta’sirchanlikni orttirish maqsadida ramal, hazaj, mutaqorib bahrlaridan keng foydalangani, tashbeh, mubolag‘a, tazod, tashxis, tajohuli orif kabi badiiy san’atlar shoirning poetik niyatini o‘quvchiga etkazishda alohida ahamiyatga ega bo‘lgani ochib berilgani bilan bog‘liq xulosalardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2022-, 2023-yillarda o‘tkazilgan targ‘ibot faoliyatida foydalanilgan (Respublika ma’naviyat va ma’rifaat markazi huzuridagi ijtimoiy ma’naviy tadqiqotlar institktining 2024- yil 4- apreldagi 250- sonli ma’lumotnomasi). Natijada, targ‘ibot anjumanlarining ilmiy-ma’rifiy jihatdan o‘ziga xosligi ortgan, badiiy adabiyotning tarbiya vositasi sifatidagi ahamiyati ochib berilgan.