Qudratova Muxlisa Qurbon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Turlararo duragaylarda ayrim qimmatli xo‘jalik belgilarining irsiylanishini an’anaviy va molekulyar-genetik jihatdan tahlil qilish», 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/B1272.
Ilmiy rahbar: Kushanov Faxriddin Ne’matullaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.B.53.01.
Rasmiy opponentlar: Mo‘minov Hasan Aliqulovich, biologiya fanlari doktori, dotsent; Qurbonov Abrorjon Yorkinovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘zaning yovvoyi va madaniy tetraploid turlari asosida yangi duragaylar yaratish, duragaylarda morfo-xo‘jalik belgilarni irsiylanishi va o‘zgaruvchanlik qonuniyatlarini an’anaviy va molekulyar genetik usullar yordamida aniqlash asosida noyob g‘o‘za shakllarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor g‘o‘zaning yangi introgressiv duragay kombinatsiyalarida tola sifati belgisining irsiylanishida G.mustelinum ning, tola uzunligi belgilarining irsiylanishida ssp.glabrum var.marie-galante ning, ko‘sak og‘irligi va tola chiqimi belgilarining irsiylanishida esa ssp.punctatum yarim yovvoyi shaklining genotipik ta’siri yuqori bo‘lishi ilmiy asoslangan;
murakkab turlararo duragaylarda tola uzunligi va chiqimi, bitta ko‘sakdagi paxta vazni, 1000 dona chigit vazni belgilarining oraliq, to‘liq dominant va o‘ta dominant holatida irsiylanishi aniqlangan;
bitta ko‘sak vazni belgisi bo‘yicha ssp.punctatum, tola uzunligi belgisi bo‘yicha ssp.glabrum var.marie-galante va tola mikroneyri belgisi bo‘yicha G.mustelinum dagi genlar duragay namunalarda bitta genotipga jamlangan va molekulyar markerlar yordamida isbotlangan;
qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha bitta genotipga jamlangan duragaylarning boshlang‘ich ashyolar bilan o‘zaro filogenetik munosabatlari o‘rganilishi asosida ssp.punctatum kenja turiga yaqin ekanligi ilmiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Turlararo duragaylarda ayrim qimmatli xo‘jalik belgilarining irsiylanishini an’anaviy va molekulyar genetik tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
turlararo murakkab duragaylash yo‘li bilan olingan namunalar va molekulyar markerlar asosida qimmatli xo‘jalik belgilari bitta genotipga jamlanganligi aniqlangan namunalarning urug‘lari O‘zR FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining “Noyob ob’ekt” g‘o‘za genofondi kolleksiyasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024 yil 6 avgustdagi 4/1255-1757-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu murakkab duragaylar g‘o‘za kolleksiyasi xilma-xilligini yanada boyitish hamda genetik-seleksion tadqiqotlarda boshlang‘ich manba sifatida foydalanish imkonini bergan;
turlararo duragaylarda ayrim qimmatli xo‘jalik belgilarining irsiylanishini an’anaviy va molekulyar genetik jihatdan o‘rganish asosida olingan natijalaridan “Gossypium L. turkumining dunyoviy bioxilma-xilligini genetik potensialini o‘rganish, filogeniyaning klassik uslublari asosida, tashqi muxitning biotik va abiotik ta’sirlariga bardoshli donorlar yaratish” mavzusidagi bazaviy moliyalashtirilayotgan ilmiy tadqiqot dasturining tadqiqot obekti sifatida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024 yil 6 sentyabrdagi 4/1255-1971-son ma’lumotnomasi). Natijada, ajratib olingan g‘o‘zaning qimmatli xo‘jalik belgilari yuqori bo‘lgan hamda bitta genotipga jamlangan boshlang‘ich manbalar genetik-seleksion tadqiqotlarda foydalanish va amaliyotga tavsiya etish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish