Kuranbaeva Umida Sultonnazarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy qoidalar.    
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Abu Rayhon Beruniy asarlarida Markaziy Osiyo, Eron va Hindiston tarixi” mavzusidagi 07.00.03 – Jahon tarixi, 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Tar286
Ilmiy rahbar: Ahmedov Ashraf, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti,
DSc.02/30.12.2019.Tar.44.01
Rasmiy opponentlar: Ishoqov Mirsodiq, tarix fanlari doktori, professor; Baxtiyor To‘raev, falsafa fanlari doktori.   
Yetakchi tashkilot: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Abu Rayhon Beruniy asarlarining Markaziy Osiyo, Eron va Hindiston tarixini yaxlit o‘rganishda muhim manba sifatidagi ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Beruniyning «Tafhim», «Mineralogiya», «Qonuni Mas’udiy» kabi aniq va tabiiy fanlarga doir asarlarida ilgari surilgan «iqlimlar va shaharlar koordinatasi» masalasiga doir xulosalarini tarixiy tadqiqotlarda qo‘llash va o‘rta asrlar yirik savdo markazlarining joylashuv o‘rnini aniqlash, tabiiy minerallarning xususiyatlari hamda «astronomik taqvim» tavsifi orqali turli xalqlar etnografiyasini o‘rganishda foydalanish imkoniyatlari mavjudligi dalillangan;
Beruniyning «Osor al-boqiya» asarida keltirilgan va haligacha keng ilmiy muomalaga tortilmagan Xorazm tarixiga doir «ekin ekish vaqti bo‘yicha ixtiloflarga chek qo‘yish va hosildan olinadigan yig‘imlarni tartibga solish maqsadida xorazmshoh Abu Said Ahmad ibn Muhammad Iroq tomonidan 959-yilda yil taqvimining isloh qilinishi» borasidagi ma’lumotlarning davlat boshqaruvi masalalarini ochib berishdagi ahamiyati asoslangan.
Beruniy asarlaridagi ma’lumotlar asosida bugungi kungacha ilmiy jihatdan to‘liq tavsifini topmagan «turkiy xalqlar yashagan hududlar chegarasi» masalasi aniqlashtirilib, shimolda Sharqiy Evropa (Volga, Kama, Oka, Ural daryolari oralig‘ida), Janubi-G‘arbiy Sibir (Irtysh daryosi bo‘yi), Balxash ko‘li va Mo‘g‘uliston dashtlari; janubda Kobul, Kashmir va Tibet tog‘ yonbag‘irlari; sharqda Uzoq Sharq va Xitoyning shimoli-g‘arbi; g‘arbda Qora va Kaspiy dengizi oralig‘i, Xuroson hududlari kirgani asoslangan.
Allomaning «Osor-al boqiya» asari xorazmshohlar sulolasi hukmdorlarining asl ismlarini tiklash, jumladan, shu paytgacha fanda Xurzod sifatida ma’lum bo‘lgan podshoh ismi Askajamuk ibn Azkajavar bo‘lganligini, shuningdek, Xorazmda islom dinining ilk kirib kelishi aksariyat adabiyotlarda ko‘rsatilganidek VIII asr birinchi choragi emas, ancha ilgariroq – VII asrning 80-yillariga to‘g‘ri kelishini ta’kidlash uchun asos bo‘la olishi dalillangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
«Abu Rayhon Beruniy asarlarida Markaziy Osiyo, Eron va Hindiston tarixi» mavzusiga oid ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
Beruniy asarlari soni yuzasidan ilmiy adabiyotlarda turlicha: 106, 113, 146, 180, 185 ta deb berilgan ma’lumotlar chuqur tahlil qilinib, aslida alloma 150 ta o‘zi yozgan, 9 ta tarjima va sharh qilgan hamda 25 ta unga bag‘ishlangan asarlar borligi, Beruniy ilmiy merosi 184 ta deb e’tirof etilishi, ulardan 33 tasi bugungi kunga etib kelgani va ularni Angliya, Fransiya, Gollandiya, Turkiya, Eron va Hindiston fondlarida saqlanishi, XIX–XX asrda tuzilgan kataloglarga kirmagan nusxalar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan «O‘zbekiston tarixi» telekanalida efirga uzatilgan «Aslida qanday?», «Mavzu» va «Javohir» ko‘rsatuvlarining ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston tarixi» telekanali davlat unitar korxonasining 2021-yil 27-maydagi № 40-40-848-sonli maʼlumotnomasi). Tadqiqot natijalarining joriy etilishi Beruniy asarlarining umumiy va ulardan bugungi kunga qadar etib kelganlarining sonini tuzatishga xizmat qilgan.
Beruniy asarlarida Hindiston tarixi va madaniyatiga doir, xususan, Mahmud G‘aznaviyning bu o‘lkaga yurishi to‘g‘risidagi ilmiy izlanishlar natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida falsafa fanlari doktori, proffesor R. Samarov rahbarligidagi mualliflar guruhi tomonidan «O‘zbek harbiy sanʼati tarixi» fundamental loyihasi asosida tayyorlangan «O‘zbekiston harbiy sanʼati tarixi» (siyosiy tarix kontekstida) xrestomatiyasining XIII bobi – «G‘aznaviylar davri»ni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasining 2022-yil 9-sentyabrdagi 2285-sonli dalolatnomasi). Tadqiqot natijalari 1017–1030-yillar oralig‘ida Mahmud G‘aznaviyning 17 marta Shimoliy Hindistonga yurishida shaxsan qatnashgan Beruniy o‘z asarlarida egallab olingan hududlar koordinatasining berilishi, Sulton olib borgan ichki va tashqi siyosatining keltirilishi G‘aznaviylar davlati tarixi to‘g‘risidagi mazkur xrestomatiyani yangi maʼlumotlar bilan boyitgan.
X–XI asrda xorazmshoh Ma’muniylar saroyida yashagan Beruniy asarlarida keltirgan davlat boshqaruvi, fanda Xurzod ismi bilan ma’lum bo‘lgan podshohning aslida Askajamuk ibn Azkajavar ekanligi, 959-yilda Abu Said Ahmad ibn Muhammad tomonidan Xorazmda yil taqvimining isloh qilinishi, «Dorul hikma» olimlarining 1017-yildan keyingi taqdiri to‘g‘risidagi ma’lumotlardan «O‘zbekiston tarixi» telekanalida efirga uzatilgan «Tarixiy savol» ko‘rsatuvining 3 ta soni ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan  (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston tarixi» telekanali davlat unitar korxonasining 2021-yil 27-maydagi № 40-40-848-sonli maʼlumotnomasi). Tadqiqot natijalarining joriy etilishi Beruniy asarlarida yoritilgan xorazmshoh sulolalaridan Afrig‘iylar va Ma’muniylar davri ichki va tashqi siyosati tarixini yangi ma’lumotlar bilan boyitishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish