Normatov Bektosh Ramazon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Immobillangan reagentlar yordamida qo‘rg‘oshin va vismut ionlarini sorbsion-spektroskopik aniqlash (Qashqadaryo viloyati tabiiy obektlari misolida)», 02.00.02 – Analitik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/K756.
Ilmiy rahbar: Smanova Zulayxo Asanalievna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/30.04.2022.K.78.05.
Rasmiy opponentlar: Sultonov Marat Mirzaevich, kimyo fanlari doktori, professor; Umirova Gulnora Abduraxmonovna, kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Toshkent farmasevtika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: immobillangan organik reagentlar (arsenazo III, ksilenol zarg‘aldog‘i) yordamida qo‘rg‘oshin (II) va vismut (III) ionlarini aniqlashning arzon, tezkor, tanlab ta’sir etuvchan hamda sezgir sorbsion-spektroskopik usulini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
SMA-1, PPA-1, PPM-1 tolali tashuvchilarga organik reagentlar: arsenazo III va ksilenol zarg‘aldog‘ini immobillash analitik faol guruhlar hisobiga sodir bo‘lishi hamda konsentrlash hisobiga sezuvchanlikning 100 marta oshishi isbotlangan;
maqbul tashuvchi sifatida PPM-1 tola tanlab olingan, immobillash va kompleks hosil qilishining maqbul sharoitlari aniqlangan;
immobillangan arsenazo III ni Pb (II) ioni bilan ksilenol zarg‘aldog‘ini vismut (III) bilan kompleks hosil qilish reaksiyasida kompleksning spektroskopik tavsiflari (haqiqiy molyar so‘ndirish koeffisienti va kompleksning barqarorlik doimiyligi) aniqlangan;
qo‘rg‘oshin (II) va vismut (III) ionlarini yangi immobillangan arsenazo III va ksilenol zarg‘aldog‘i bilan aniqlashnnig sorbsion-spektroskopik usuli ishlab chiqilgan;
ishlab chiqilgan sorbsion-spektroskopik usul yordamida qo‘rg‘oshin (II) va vismut (III) ionlarini aniqlashning Buger-Lambert-Ber qonuniga bo‘ysunishi Pb (II) ioni uchun 6-49 mkg/25 ml, Bi (III) ioni uchun 3-42 mkg/25 ml oralig‘ida bo‘lishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sanoat oqava suvlarini tarkibidan qo‘rg‘oshin (II) va vismut (III) ionlarining miqdorlarini aniqlash va tozalash bo‘yicha yangi sorbsion-spektroskopik usulini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalari asosida:
qo‘rg‘oshin (II) va vismut (III) ionlarini immobillangan organik reagentlar yordamida sorbsion-spektroskopik aniqlash usuli Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi Shurtan neft gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli konlar chiqindi suvlari tarkibidagi og‘ir metall ionlarini aniqlash uchun joriy qilingan (Shurtan neft gaz qazib chiqarish boshqarmasining 2024 yil 6 iyundagi 20-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, suv tarkibida og‘ir metall ionlarini aniqlash uchun immobillangan organik reagentlardan foydalanish imkonini bergan;
qo‘rg‘oshin (II) va vismut (III) ionlarini aniqlash va ajratib olish usuli Muborak gazni qayta ishlash zavodida chiqindi suvlarini og‘ir metall ionlarini nazorat qilish va tozalash jarayonida joriy qilingan (Muborak gazni qayta ishlash zavodining 2024 yil 28 sentyabrdagi 02-02/EN-6415-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, chiqindi suvlarini tarkibidan og‘ir metall ionlarini aniqlash va samarali tozalash imkonini bergan.