Israilov Inom Abduraxmonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sug‘oriladigan sharoitda don-dukkakli ekinlardan yuqori va sifatli hosil etishtirish texnologiyasini takomillashtirish”, 06.01.08 – O‘simlikshunoslik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam B2025.1.DSc/Qx186.
Ilmiy maslahatchi: Atabaeva Xalima Nazarovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01
Rasmiy opponentlar: Maxmatmurodov Alisher Ulmasovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Xalilov Nasriddin, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Yormatova Diloram, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida soya va mosh navlaridan yuqori va sifatli hosil etishtirishni ta’minlaydigan maqbul agrotexnologiya elementlari va agrotadbirlarni ilmiy asoslash hamda ishlab chiqarishga joriy etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida takroriy ekin sifatida ekilgan soya navlarining o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga urug‘larga nitragin bilan ishlov berish va mineral o‘g‘itlar maqbul me’yorlarining (R100K50) ijobiy ta’siri ilmiy asoslangan, “Orzu” navidan 20,3 s/ga, “Uzbekskaya-2” navidan 23,2 s/ga don hosili, shu jumladan nitragin evaziga o‘rtacha 3,0 s/ga qo‘shimcha don hosili olinib, “Uzbekskaya-6” navining takroriy ekin sifatida ekilganda pishib etilmasligi isbotlangan;
soyaning “Orzu”, “Uzbekskaya-2”, “Uzbekskaya-6” navlarini asosiy ekin sifatida etishtirishda navlar bo‘yicha maqbul ekish usuli (keng qatorlab, qator orasi - 60 sm) va me’yori (400 ming dona/ga) aniqlangan hamda o‘simlikning o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligi va don sifatiga ijobiy ta’siri ilmiy asoslangan;
Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida mosh navlarini takroriy ekin sifatida etishtirishda turli ekish muddatlari (25-iyun, 5-iyul, 15-iyul) va ekish me’yorlarining (20, 30, 40 kg/ga) o‘simlikning o‘sish, rivojlanishi, fotosintetik va simbiotik faoliyati, hosil elementlari shakllanishiga ta’siri ilmiy asoslangan hamda maqbul ekish muddati (25-iyun) va me’yori (30 kg/ga) aniqlangan;
urug‘larga nitragin bilan ishlov berib, 60x15-1 ekish sxemasida ekilgan moshning o‘sishi, rivojlanishi, ildizda tuganaklarning shakllanishi jadal kechib, maqbul tup soni (111 ming dona/ga) va barg yuzasi (26,7 ming m2/ga), fotosintez sof mahsuldorligining (6,50 g/m2 kun) me’yorida bo‘lishi evaziga yuqori don hosildorligini (26,3 s/ga) ta’minlashi aniqlangan hamda nitraginsiz barcha va nitraginli boshqa ekish sxemalariga nisbatan maqbul ekanligi ilmiy asoslangan;
soya navlarini asosiy va takroriy ekin sifatida hamda mosh navlarini takroriy ekin sifatida etishtirishda qo‘llanilgan texnologik elementlar va tadbirlarning iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichlariga ta’siri baholangan va maqbul variantlarning yuqori rentabellikni (soyada 120,2 % gacha, moshda 80,9 % gacha) tashkil etishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sug‘oriladigan sharoitda don-dukkakli ekinlardan yuqori va sifatli hosil etishtirish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida asosiy va takroriy ekin sifatida soya va mosh etishtirish bo‘yicha 2011 yil “Sug‘oriladigan erlarda soya etishtirish bo‘yicha tavsiyanoma”, 2014 yil “Soyani asosiy va takroriy ekin sifatida etishtirish bo‘yicha tavsiyanoma”, 2017 yil “Don-dukkakli ekinlarni etishtirish agrotexnologiyasi bo‘yicha tavsiyanoma” ishlab chiqilgan va joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024 yil 29 martdagi 05/05-04-114-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu tavsiyanomalar bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari, jumladan agroklaster va fermer xo‘jaliklari tomonidan amaliy faoliyatida keng ko‘lamda qo‘llanib kelinmoqda;
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlar sharoitida soya va mosh ekinlarini asosiy va takroriy ekin sifatida etishtirish texnologiyasi Bo‘ka tumani fermer xo‘jaliklarida (“Sarkor” fermer xo‘jaligida 15 ga soya va 25 ga mosh, “Yo‘ldosh Xojimetov” fermer xo‘jaligida 5 ga soya va 20 ga mosh, “Samandar AGRO zamin” fermer xo‘jaligida 10 ga soya va 25 ga mosh) jami 100 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024 yil 29 martdagi 05/05-04-114-son ma’lumotnomasi). Natijada, asosiy ekilgan soya navlaridan o‘rtacha 27,5 s/ga, takroriy ekilganda esa 25,6 s/ga va moshdan 25,0 s/ga don hosili etishtirilib, gektaridan 3,2-9,6 sentner qo‘shimcha hosil olishga hamda rentabellik darajasi 92,3-116,8% ga bo‘lishiga erishilgan;
soya va mosh ekinlarini takroriy ekin sifatida etishtirish texnologiyasi Yuqori chirchiq tumani fermer xo‘jaliklarida (“Diyorbek Doniyorbek” fermer xo‘jaligida 15 ga soya va 14 ga mosh, “Murod Agro biznes” fermer xo‘jaligida 10 ga soya va 20 ga mosh, “Xamdam serfayz” fermer xo‘jaligida 5 ga soya va 15 ga mosh) jami 79,0 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024 yil 29 martdagi 05/05-04-114-son ma’lumotnomasi). Natijada, takroriy ekilgan soya ekinidan o‘rtacha 26,0 s/ga va moshdan 22,6 s/ga don hosili etishtirilgan hamda gektaridan qo‘shimcha 2,2-8,6 sentner hosil olinib, rentabellik darajasi 53,1-80,6% ni tashkil qilgan;
soya va mosh navlarini takroriy ekin sifatida etishtirish texnologiyasi Oqqo‘rg‘on tumani fermer xo‘jaliklarida (“Karim Temirboev” fermer xo‘jaligida 15 ga soya va 30 ga mosh, “T.Islom” fermer xo‘jaligida 6 ga soya va 18 ga mosh, “Chashma” fermer xo‘jaligida 4 ga soya va 16 ga mosh) jami 89,0 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024 yil 29 martdagi 05/05-04-114-son ma’lumotnomasi). Natijada, takroriy ekilgan soya ekinidan o‘rtacha 25,0 s/ga va moshdan 22,8 s/ga don hosili olinib, 47,5-70,2% rentabellikka erishilgan;
Toshkent viloyatining O‘rta chirchiq tumanidagi Sholichilik ilmiy tadqiqot instituti tajriba xo‘jaligida soya etishtirish texnologiyasi 15 gektar va mosh etishtirish texnologiyasi 10 gektar, jami 25,0 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024 yil 29 martdagi 05/05-04-114-son ma’lumotnomasi). Natijada asosiy ekilgan soya navlaridan o‘rtacha 28,0 s/ga, takroriy ekilganda esa 26,5 s/ga va moshdan 25,5 s/ga don hosili etishtirilgan va bunda gektaridan mos ravishda 3,6 va 9,8 sentner qo‘shimcha hosil olinib, rentabellik darajasi 95,2-120,8% ni tashkil etgan.