Abdikarimova Dinara Rustamxanovnaning
falsafadoktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bank kreditlari garov ta’minotini baholash amaliyotini takomillashtirish yo‘llari», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Iqt379.
Ilmiy rahbar: Djabriev Akbarali Normuradovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017. I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Yo‘ldoshev Olim Abduraimovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bank kreditlari garov ta’minotini baholash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
texnologik uskunalar sotib olish uchun xorijiy valyutada ajratilayotgan kreditlar bo‘yicha garov ta’minoti sifatida uskunalarni qabul qilish bilan birga eksport operatsiyalarini va shartnomalarini ham hisobga olish tartibi ishlab chiqilgan;
bank kreditlari bo‘yicha transport vositalari, mashina va uskunalar garov sifatida qabul qilinganda amortizatsiya muddatini hisobga olish orqali garov riskini kamaytirish yo‘llari belgilab berilgan;
xususiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtiruvchi korxonalarlar uchun kelgusi hosilni garovga qo‘yish orqali kreditlash amaliyotining hosilni etishtirish bilan bog‘liq davriylik asosida bosqichma-bosqich amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilgan;
qisqa muddatli kreditlash amaliyotida yuqori likvidli qimmatli qog‘ozlarni ham garov ob’ekti sifatida qabul qilish tavsiya etilib, bunda garov bahosini aniqlashning tashkiliy-iqtisodiy asosi ishlab chiqilgan;
bank kreditlari bo‘yicha garov riskini pasaytirish maqsadida garov aktivlari portfelida yuqori likvidli aktivlarni diversifikatsiyalashning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bank kreditlari garov ta’minotini baholash amaliyotini takomillashtirish yo‘llari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
texnologik uskunalar sotib olish uchun xorijiy valyutada ajratilayotgan kreditlar bo‘yicha garov ta’minoti sifatida uskunani olish bilan birga eksport operatsiyalari va shartnomalarini ham hisobga olish bo‘yicha taklifi “Agrobank” ATBning 2018 yilga mo‘ljallangan kreditlash siyosatining asosiy yo‘nalishlarida xorijiy valyutada moliyalashtirilayotgan investision loyihalar va kreditlar bo‘yicha joriy etilgan (ATB “Agrobank”ning 2018 yil 25 maydagi 23-3-18/761-son ma’lumotnomasi). Natijada bank tomonidan 100 ming AQSh dollari miqdoridagi 2 ta investision loyihani amalga oshirishda bevosita qo‘llanilgan va natijada valyutadagi kredit riskining oldi olingan;
bank kreditlari bo‘yicha transport vositalari, mashina va uskunalar garov sifatida qabul qilinganda, garov riskini kamaytirish maqsadida amortizatsiya muddatini hisobga olish bo‘yicha taklifi “Agrobank” ATB tomonidan amaliyotga joriy etilgan (ATB “Agrobank”ning 2018 yil 25 maydagi 23-3-18/761-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni amaliyotga joriy etish orqali ajratilayotgan kreditlarga garov ta’minoti sifatida transport vositalari, mashina va uskunalar garovi ostida ajratilayotgan kreditlar salmog‘i 3%ga ortgan;
xususiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtiruvchilar uchun kelgusi hosilni garovga qo‘yish orqali kreditlash amaliyotining hosilni etishtirish bilan bog‘liq davriylik asosida bosqichma-bosqich amalga oshirish va bunda sug‘urta kompaniyalari tomonidan risklilikni baholash bo‘yicha taklifi “Agrobank” ATB tomonidan amaliyotga joriy etilgan (ATB “Agrobank”ning 2018 yil 25 maydagi 23-3-18/761-son, O‘zR Baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasining 2018 yil 18 iyundagi 117/06-2018-son ma’lumotnomalari). Ushbu taklif asosida bugungi kunda respublikamizda alohida e’tibor qaratilayotgan klaster tizimini rivojlantirish maqsadida “ABC Oqqo\'rgon Agro claster” MChJ paxta-to‘qimachilik klasteriga 63 mlrd. so‘mlik kredit loyiha bosqichlari asosida ajratilgan va bu o‘z navbatida samarali kredit monitoringi va loyiha samaradorligiga xizmat qilgan;
qisqa muddatli kreditlash amaliyotida yuqori likvidli qimmatli qog‘ozlarni ham garov ob’ekti sifatida qabul qilish yuzasidan taklifi “Agrobank” ATB tomonidan amaliyotga joriy etilgan (ATB “Agrobank”ning 2018 yil 25 maydagi №23-3-18/761-son ma’lumotnomasi). “Agrobank” ATB tomonidan ajratilayotgan qisqa muddatli kreditlash amaliyotida yuqori likvidli qimmatli qog‘ozlarni ham garov ob’ekti sifatida qabul qilish bankning 2018 yilga mo‘ljallangan kredit siyosatida inobatga olindi va garov turlari kengayishiga xizmat qilgan hamda mazkur garov turi ostida 1 mlrd. so‘mdan ortiq investision loyihalarni moliyalashtirishga imkoniyat yaratgan;
bank kreditlari bo‘yicha garov riskini pasaytirish maqsadida garov aktivlari portfelida yuqori likvidli aktivlarga alohida e’tibor qaratish, shuningdek, bozor bahosi keskin o‘zgaruvchan bir xil turdagi garov aktivlari hajmining oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik taklifi “Agrobank” ATB tomonidan amaliyotga joriy etilgan (ATB “Agrobank”ning 2018 yil 25 maydagi 23-3-18/761-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni qo‘llanilishi natijasida bank kreditlari bo‘yicha garov riskini boshqarish imkoniyati yuzaga kelgan.