Samandarov Rustam Do‘syorovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Applikativ model va derivatsion jarayon”, 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3DSc/Fil672.
Ilmiy maslahatchi: Turniyozova Shaxnoza Nigmatovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor v.v.b.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar
instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Roziqova Gulbahor Zaylobiddinovna, filologiya fanlari doktori, professor; Raupova Laylo Rahimovna, filologiya fanlari doktori, professor; Ziyaev Avazjon Ixtiyorovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat chet tillar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi hozirgi o‘zbek tilida applikativ model va sintaktik derivatsiyaning ifoda imkoniyatlari, mikro va makrosintaktik strukturalar shakllanishi, applikativ modelning murakkab sintaktik qurilmalar va elementar gap shakllanishidagi mavqeyini aniqlashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek tilshunosligida applikativ model sintaktik va leksik derivatsiyaning ifoda imkoniyatlarini, shuningdek, mikrosintagmatik munosabatlarni hamda murakkab sintaktik qurilmalar shakli kengayishini ochib beruvchi kuch, sinergetik vosita ekanligi aniqlangan;
sintaktik derivatsiya hodisasining, asosan, transformatsion va gap shaklining kengayishi usullari bilan voqelanishi, bu gapning sintaktik shakli kengayishi jarayonda yuzaga chiqishi hamda applikativ model derivatsiyaning asosiy mexanizmi ekani dalillangan;
applikativ modelning muayyan til materialida qo‘llanilishi har bir tilning ichki qonun-qoidalariga va ularda faollik ko‘rsatuvchi applikatorlarning lisoniy tabiatiga bog‘liqligi, bu jarayon agglyutinativ tillarda affikslar, ko‘makchilar va bog‘lovchilar asosida, analitik tillarda feʼl shakllari, bog‘lovchilar, predloglar, yordamchi feʼllar orqali yuzaga chiqishi asoslangan;
applikativ model asosida so‘z birikmalarining shakli kengayishi, derivatsion jarayonda so‘z birikmasi zanjirining shakllanishi, bog‘lovchisiz MSQlarda ularning qismlarini o‘zaro turli leksik-morfologik vositalar: leksik takrorlar, sinonimik vositalar, olmoshlar va boshqa birliklar bog‘lashi hamda abzats derivatsiyasi operandlari mustaqil gap, murakkab sintaktik qurilma, ilovali qurilma va boshqa nutq birliklari qolipida kelishi isbotlangan;
applikativ model asosida matn hajmining kengayishi, unda har bir abzatsning o‘zi derivatsiya operandi bo‘lishi bilan birga, alohida olinganda mustaqil derivat hisoblanishi, bu jarayonda abzatslararo munosabat va mustaqil abzats komponentlari hamda ularning applikatorlari bir-biridan farq qilishi isbotlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Applikativ model va derivatsion jarayonni o‘rganish bo‘yicha ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:
applikativ modelning muayyan til materialida qo‘llanilishi har bir tilning ichki qonun-qoidalariga va ularda qo‘llanuvchi applikatorlar xarakteriga bog‘liq ekanligi haqidagi nazariy qarashlardan Samarqand davlat chet tillar institutida Evropa Ittifoqining TEMPUS dasturi 2014-2016 yillarga mo‘ljallangan Tempus Project 544161-TEMPUS-1-2013-1-UK-TEMPUS-JPCR Aston University DeTEL “Developing the Teaching of European LanguaGES: Modernizing Language Teaching through the development of blended Masters Programmes” xalqaro tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2024-yil 29-martdagi № 673/02-son ma’lumotnomasi). Natijada, tilshunoslikda derivatsiya tamoyillari hamda sintaktik qurilmalar derivatsion jarayonida applikativ modelning o‘rnini belgilashga erishilgan;
sintaktik derivatsiya hodisasi, asosan, ikki usul bilan: transformatsion va gap shaklining kengayishi usullari bilan voqelanishi, gapning sintaktik shakli kengayishi derivatsion jarayonda yuzaga chiqishi, applikativ model va transformatsion jarayon sintaktik derivatsiya hodisasining asosiy mexanizmlari ekanligi haqidagi nazariy qarashlardan Evropa Ittifoqi tomonidan Erasmus + dasturining 2016-2018-yillarga mo‘ljallangan 561624-ERR-1-2015-UK-EPPKA2-CBHE-SP-ERASMUS + CBHE IMEP: “O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi jarayonlarini modernizatsiyalash va xalqarolashtirish” nomli innovatsion tadqiqotlar loyihasi doirasida foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2024-yil 29-martdagi № 672/02-son ma’lumotnomasi). Natijada “derivatsiya” va uning turlari, “transformatsiya” terminlarining ilmiy talqini to‘g‘risidagi aniq ma’lumotlar berilganligi kelajakda lug‘at, oʻquv qoʻllanma, darsliklar kabi ilmiy adabiyotlarni yaratilishida va oliy ta’lim tizimida oʻqitiladigan grammatika, leksikologiya, stilistika kabi koʻplab fanlarni ilmiy dalillar bilan boyitilgan;
matnlarning shakllanishida ularning komponentlari orasidagi sintaktik-semantik bog‘lanish, folklor matnlari shakllanishining derivatsion xususiyatlari tavsifi, katta sintaktik strukturalar shakli applikativ model asosida kengayishi haqidagi ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2017-2020-yillarda bajarilgan FA-F1-OO5-raqamli “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental loyihasini amalga oshirishda foydalanildi (Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmi-tadqiqot institutining 2024-yil 25-iyundagi № 251/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, amaliy qo‘llash fundamental loyiha doirasida tayyorlangan ilmiy maqolalar hamda monografiyalar ilmiy saviyasini oshirishga xizmat qilgan;
applikativ model asosida so‘z birikmalarining shakli kengayishi, derivatsion jarayonda so‘z birikmasi zanjirining shakllanishi, bog‘lovchisiz MSQlarda ularning qismlarini o‘zaro turli leksik-morfologik vositalar: leksik takrorlar, sinonimik vositalar, olmoshlar va boshqa birliklar bog‘lashi haqidagi nazariy qarashlardan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida 2021-2023-yillarda bajarilgan “O‘zbek tilining milliy korpusini loyihalash va dasturiy majmua ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyihasini amalga oshirishda foydalanildi (Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialining 2024-yil 15-apreldagi № 227/01-01- son maʼlumotnomasi). Natijada, amaliy loyiha doirasida tayyorlangan ilmiy maqolalar hamda o‘zbek tilining milliy korpusi materiallari uchun ilmiy amaliy manba sifatida xizmat qilgan;
applikativ model asosida mikrosintaktik strukturalar shakllanishi, applikativ model va makrosintaktik qurilmalar derivatsiyasi hamda murakkab sintaktik qurilmalar, abzats derivatsiyasi operandlari mustaqil gap, murakkab sintaktik qurilma, ilovali qurilma va boshqa nutq birliklari qolipida kelishi haqidagi ilmiy xulosalardan Andijon davlat universitetida bajarilgan 2020-2023-yillarga mo‘ljallangan “Tarjimashunoslik va lug‘atshunoslik innovatsiya markazini tashkil etish asosida lug‘at va matn tarjimoni intellektual platformasini yaratish” mavzusidagi davlat amaliy-tadqiqot dasturlari doirasidagi loyihada foydalanilgan (Andijon davlat universitetining 2023-yil 28-dekabrdagi № 39-01-2855-son ma’lumotnomasi). Natijada, filologiya fakultetlarida nutq lingvistikasi, til nazariyasi, matn lingvistikasi fanlaridan yaratilgan ilmiy adabiyotlar boyitilib, ularning takomillashuviga erishilgan;
applikativ model va uning mikrosintagmatik qurilmalar shaklini kengaytiruvchi vosita ekanligi, sintaktik derivatsiya va leksik derivatsiyaning ifoda imkoniyatlari, applikativ modelning murakkab sintaktik qurilmalar shakllanishidagi mavqeyiga oid nazariy xulosalardan Samarqand davlat chet tillar institutida Evropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi 58545-EPP-1-2017-1-ES-EPPKA2-CBHE-JP CLASS: “Computational linguistics at Central Asian universities” ilmiy loyihani bajarishda foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2024-yil 29-martdagi № 670/02-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha doirasida o‘rganilgan applikativ metod bilan yasalgan so‘zlar leksik derivatsiya voqelanishida tilning rivojlanish qonuniyatlariga bo‘ysunishi hamda ushbu qonuniyatlarning tilshunoslikda shakllanishi tamoyillarini ishlab chiqilishi ta’minlangan.