Masharipov Azamat Tursinboevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Ba’zi biogen metallar tuzlarining sefotaksim va sefotaksim-amid komplekslari: sintez, tuzilishi va xossalari», 02.00.01 – Noorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/K660.
Ilmiy rahbar: Hasanov Shodlik Bekpo‘latovich, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Xorazm Ma’mun akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.K.72.01.
Rasmiy opponentlar: Kasimov Sherzod Abduzairovich, kimyo fanlari doktori, professor; Mardonov O‘ktam Mardonovich, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: biogen metall ionlarining sefotaksim hamda amidlar bilan gomo- va aralashligandli kompleks birikmalari sintezi, ularning tarkibi, tuzilishi, xossalarini o‘rganish, qo‘llanilish sohalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kvant-kimyoviy usullar yordamida polifunksional polidentat sefotaksim va amid molekulalari atomlaridagi zaryadlarning taqsimoti, energetik parametrlari, reaksion va koordinatsion xossalari hamda ular hosil qiladigan komplekslarning koordinatsion qurshovi aniqlangan;
ilk bor Ag(I), Mn(II), Co(II), Ni(II), Cu(II), Zn(II), Cr(III), Fe(III) tuzlari, sefotaksimning natriyli tuzi, asetamid (Ch3CONH2) (AA), karbamid (CO(NH2)2) (KA), tiokarbamid (CS(NH2)2) (TK) asosida 20 ta yangi anion, kation, neytral koordinatsion birikmalari sintez qilingan;
element, rentgenfazaviy, termik tahlil, IQ-, EPR spektroskopiya, RTT usullari yordamida sintez qilingan yangi birikmalarning individualligi va metall ionlari bilan koordinatsiyalanishi aniqlangan;
EPR spektroskopiya usuli bilan turli elektron tuzilishli Mn2+(3d5), Co2+(3d7), Cu2+(3d9) paramagnit metall ionlarining gomo- va aralash ligandli komplekslari tuzilishi, magnetokimyoviy xossalari markaziy ionlar d-elektron konfiguratsiyasi, ligandlarning elektronodonor atomlari turi (N,O,S) va tabiatiga bog‘liqligi aniqlangan;
Ilk bor sefotaksim molekulasi va uning asosida sintez qilingan [Cu3(Cxm)2](SO4)2, Na[Cr(Cxm)Cl3∙H2O]∙0,5H2O, Na[Ag(Cxm)NO3], [Mn(Cxm)2]∙H2O, [Co(Cxm)Cl∙(TK)2] kompleks birikmalarning rentgenfazaviy tahlil difraktogrammalaridan olingan natijalarni FullProf dasturida qayta ishlash ma’lumotlari asosida kristall tuzilishlari aniqlangan;
kristallografik va strukturaviy tadqiqotlar natijalari asosida sefotaksim molekulasi polifunksional pentadentat ligandlar sifatida Cu2+ ionlari bilan uch yadroli kompleks [Cu3(Cxm)2](SO4)2 hosil qilganligi, unda markaziy ionning ikkitasi tetraedrik va bittasi oktaedrik qurshovga egaligi isbotlangan;
sintez qilingan yangi kompleks birikmalardan “SefoCu” kompleks birikma metall konstruksiyasi va qurilmalarida korroziya jarayoniga qarshi ingibitor ta’siri va “SefaCo” kompleks birikmasining Fusarium oxysporum zamburug‘iga qarshi antifungal ta’siri aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ba’zi biogen metallar tuzlarining sefotaksim va sefotaksim-amid komplekslari sintezi, fizik-kimyoviy va biologik xossalarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
metallarni korroziyadan himoya qilish samaradorligini baholash tahlillari amalga oshirilib, sefotaksim bilan Cu(II) ning kompleks birikmasi “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” MChJda anaerob korroziyaning samarali ingibitori sifatida joriy etilgan (“Muborak gazni qayta ishlash zavodi” MChJ ning 2024 yil 18 martdagi 48/G‘K-03-son ma’lumotnomasi). Natijada, mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning ingibitor tarkiblari va xossalari bilan taqqoslanganda [Cu3(Cxm)2](SO4)2 kompleks birikmasining ingibirlovchilik himoya ta’sirini 77-79 % oshirish imkonini bergan;
“SefaCo” bakterisid ta’sirli stimulyator kompleksi Xorazm viloyati Yangibozor tumanida joylashgan “Mard Jaloliddin” fermer xo‘jaligining 4 gektar issiqxona dalasida “Chinto” pomidor navi, “Green house sabzavotlari” fermer xo‘jaligining 2 gektar issiqxona dalasida “Alamina” pomidor navi,“Xurshid Rashid bog‘i” fermer xo‘jaligi 2 gektar ochiq er dalasiga “Linda” pomidor navlari zamburug‘li kasalliklariga qarshi preparat sifatida qo‘llanilib, amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024 yil 29 martdagi 05/01-05/02-05/04-04-117-son ma’lumotnomasi). Natijada, preparat bilan ishlangan issiqxona va ochiq dalalarida pomidorning rivojlanishi, shonalashi, ko‘saklar soni va bo‘yi nazoratga nisbatan yuqoriligi, bakteriyali va zamburug‘li kasalliklarga chalinish holati kuzatilmaganligi, hosildorligini 57-100 sentnerga oshirish imkonini bergan.