Ergasheva Nargiza Nasriddinovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bolalardagi orqa miya patologiyasida nevrologik buzilishlarning klinik-paraklinik tavsifi va ularni tashxislash hamda davolashga yangicha yondashuvlar», 14.00.13–Nevrologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.DSc/Tib161.
Ilmiy maslahatchi: Madjidova Yakutxon Nabievna, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, DSc.27.06.2017.Tib.31.01.
Rasmiy opponentlar: Shamansurov Shaanvar Shamuratovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Muratov Faxmitdin Xayritdinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Shodiev Amirkul Shodievich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Federal davlat byudjet muassasasiga qarashli I.P.Bexterov nomidagi Odam miyasi ilmiy-tadqiqot instituti (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: umurtqa pog‘onasi va orqa miya rivojlanishining anomaliyalari mavjud bolalarda kasallikni erta tashxislash, davolashni optimallashtirish va ularning hayot sifatini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor respublikada umurtqa pog‘onasi va orqa miya anomaliyalarining uchrash soni va xarakteri aniqlangan;
mielodisplaziyaning yaqqol va yashirin shakllarini kechishi, klinik manifestatsiyasi va a’zolardagi buzilishlarning tavsifi tizimlashtirilgan;
davolashgacha va xirurgik davolashning bosqichlariga bog‘liq holda spinal dizrafizmdagi nevrologik holat va uning dinamikasi baholanib, buzilishlarning rivojlanganlik darajasi va polimorfligini spinal dizrafizmning xarakteri va og‘irlik darajasiga bevosita bog‘liqligi aniqlangan;
yashirin spinal dizrafizmning anorektal, urogenital va koloproktologik anomaliyalar bilan birga kelishi holati yuqoriligi va uning neyrofunksional buzilishlarning yuzaga kelishidagi ahamiyati isbotlangan;
spinal mal`formatsiya bo‘yicha operatsiyadan keyingi rezidual va nevrologik buzilishlarning rivojlanishida tug‘ma xarakterli patologiya bilan qo‘shilgan OMFS belgilari yoki operativ amaliyot bilan bog‘liq adgeziv jarayon ustunlik qilishi isbotlangan;
operativ va konservativ davolashga bolalar nevrologi, xirurgi, urologi, ortopedining ishtiroki bilan mul`tdissiplinar yondashuv zarurati isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Orqa miya potologiyasining klinik-paraklinik aspektlari va ularni tashxislashda yangicha yondashuvlar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Bolalarda umurtqa pog‘onasi va orqa miyaning osteonevral anomaliyalarini tashxislashni optimallashtirish» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 12 oktyabrdagi 8N-r/149-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma osteonevral anomaliyalarni tashxislash tartibi tizimini ishlab chiqish imkonini bergan;
«Bolalarda spinal mal`formatsiyalarda tos a’zolari disfunksiyasini tashxislash va davolash» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 12 oktyabrdagi 8N-r/151-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma spinal malformatsiyasi bo‘lgan bemorlarda tos a’zolar faoliyatining buzilishini tashxislash va davolashning kompleks taktikasini tanlash imkonini bergan.
Bolalardagi orqa miya patologiyasida nevrologik buzilishlarning klinik-paraklinik tavsifi va ularni tashxislash hamda davolashga yangicha yondashuvlar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasining bolalar nevrologiyasi bo‘limi, gospital bolalar xirurgiyasi kafedrasining klinik bazalari, Toshkent shahar 2-son bolalar klinik xirurgik kasalxonasining rejali xirurgiya bo‘limi, Respublika ixtisoslashtirilgan Neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bolalar neyroxirurgiyasi bo‘limi amaliyotida joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 17 avgustdagi 8n-d/165-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalar bolalardagi orqa miya patologiyasida nevrologik buzilishlarni tashxislash va davolash sifatini oshirish, bemorlarni kasalxonada yotish muddatini qisqartirish imkonini yaratgan.