Turdaliev Olimjon Fayzullajon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sa’diyning “Guliston” asaridagi qo‘shma fe’llar tadqiqi”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Fil3721.
Ilmiy rahbar: Amonov Muxtorjon Umarovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Alimova Xolidaxon Zikrillaevna, filologiya fanlari doktori, professor; Maxmudov Umedullo Akmaliddin o‘g‘li, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, PhD.
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Sa’diyning “Guliston” asarida qo‘llangan qo‘shma fe’llarni tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“Guliston” asarida qo‘shma fe’llarning “ism+fe’l”, “old ko‘makchi+ism+fe’l”, “infinitiv+fe’l”, “ism+old ko‘makchi+yuklama+fe’l” kabi 4 ta umumiy morfologik-struktur tipi va ularga oid 13 ta umumiy yasalish modeli aniqlangan. Ulardan “ot+fe’l” modeli sermahsul, “sifat+fe’l”, “ravish+fe’l”, “az old ko‘makchisi+ism+fe’l”, “dar old ko‘makchisi+ism+fe’l”, “be old ko‘makchisi+ism+fe’l” modellari o‘rta, “bar old ko‘makchisi+ism+fe’l”, “infinitiv+fe’l”, “harakat nomi+fe’l”, “undov so‘z+fe’l”, ism+be old ko‘makchisi+ham yuklamasi+fe’l”, ism+dar old ko‘makchisi+ham yuklamasi+fe’l”, “ravishdosh+fe’l” modellari kammahsul ekanligi aniqlangan;
qo‘shma fe’llarning morfologik maqomini belgilash va ularni erkin fe’lli birikmalardan farqlashda semantik va sintaktik belgilarning asosiy ekanligi, qo‘shma fe’llarning distant holati ba’zan lisoniy grammatik xarakter sifatida, ba’zan muallifning individual uslubi va matndan ko‘zlangan stilistik maqsadni amalga oshirish vositasi sifatida namoyon bo‘lishi asoslangan;
qo‘shma fe’lda ism qismga qo‘shiluvchi ko‘plik shakli ها hā (lar) asosan stilistik vazifa bajarib, “harakatning takrori” va “kuchaytirilishi” kabi grammatik ma’nolarni ifoda etishi, که ke bog‘lovchisi fe’l va ism qism o‘rtasida qo‘llanganda ma’noni ta’kidlash vazifasini bajarib kelishi dalillangan;
qo‘shma fe’llardagi ekvivalentlik hodisasidan “Guliston” asarining nasriy qismlarida saj san’atini yuzaga chiqarishda takrorlardan qochish uchun va she’riy qismlarida qofiya yasashda qo‘shma fe’llardagi ism yoki fe’l qismning kontekst mazmunidan kelib chiqib, tushib qolishi mumkinligidan unumli foydalanilganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqotning nazariy takliflari, amaliy tavsiyalari va xulosalari quyidagi loyihalar doirasida foydalanilgan:
qo‘shma fe’llarning morfologik maqomini belgilash va ularni erkin fe’lli birikmalardan farqlashda semantik va sintaktik belgilarning asosiy ekanligi, qo‘shma fe’llarning distant holati ba’zan lisoniy grammatik xarakter sifatida, ba’zan muallifning individual uslubi va matndan ko‘zlangan stilistik maqsadni amalga oshirish vositasi sifatida namoyon bo‘lishiga doir xulosalaridan 2022-2023-yillarga mo‘ljallangan AL-FDU2022307-010 raqamli “Lingvistik tahrir va tarjimashunoslik” ilmiy-tadqiqot markazida “Antiplagiat” dasturini amaliyotga joriy etishda, ilmiy-amaliy loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan (Farg‘ona davlat universitetining 2024-yil 13-noyabrdagi 04/6647-son ma’lumotnomasi) Natijada, “Guliston” asari tilida qo‘shma fe’llarning o‘rni, stilistikasi, asarda qo‘llanilishining individual omillari, qo‘shma fe’llarning grammatik, leksik-semantik, struktur va yasalish xususiyatlari, qo‘shma fe’llarning kompozision usul orqali yasalishi, derivatsiya jarayonida ishtirok etuvchi vositalar tizimi, arabiy so‘zlarning qo‘shma fe’l yasalishidagi ahamiyati lingvistik modellar asosida aniqlangan va tahrirlash jarayonida qo‘llanilgan.
“qo‘shma fe’lda ism qismga qo‘shiluvchi ko‘plik shakli ها hā (lar) asosan stilistik vazifa bajarib, “harakatning takrori” va “kuchaytirilishi” kabi grammatik ma’nolarni ifoda etishi, که ke bog‘lovchisi fe’l va ism qism o‘rtasida qo‘llanganda ma’noni ta’kidlash vazifasini bajarib kelishi bilan bog‘liq natijalaridan O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida amalga oshirilgan “O‘zbek milliy raqs san’atini targ‘ib etishga bag‘ishlangan veb-sayt va multimedia mahsulotlari (elektron lug‘atlar) to‘plamini yaratish” mavzusidagi F3-2019081663-raqamli fundamental loyiha doirasida foydalanilgan (O’zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi 2024-yil 20-iyundagi 1/04-102-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida yaratilgan "O‘zbek folklor san’ati terminlarining qisqacha o‘zbekcha-inglizcha-nemischa lug‘ati" tegishli ilmiy ma’lumotlar bilan boyitilgan.
qo‘shma fe’llardagi ekvivalentlik hodisasidan “Guliston” asarining nasriy qismlarida saj san’atini yuzaga chiqarishda takrorlardan qochish uchun va she’riy qismlarida qofiya yasashda qo‘shma fe’llardagi ism yoki fe’l qismning kontekst mazmunidan kelib chiqib, tushib qolishi mumkinligidan unumli foydalanilganligi xususidagi natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” telekanali ijodkorlari tomonidan 2024-yil uchinchi choragida uzatilgan “Bir asar tarixi” radioeshittirishini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” telekanalining 2024-yul 2-avgustdagi 11-son ma’lumotnomasi) Natijada “Guliston” asari haqidagi ma’lumotlar tinglovchilarga etkazilib, eshittirishning ilmiy-ommabobligi hamda mazmuni boyitilgan.