Ubaydullaeva Naima Nabixanovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda surunkali obstruktiv o‘pka kasalligining rivojlanishi hamda avj olishi prediktorlari va markerlari», 14.00.05–Ichki kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DSs/Tib272.
Ilmiy rahbar:Liverko Irina Vladimirovna, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.30.02.
Rasmiy opponentlar: Brimkulov Nurlan Nurgazievich, tibbiyot fanlari doktori, professor (Qirg‘iz Respublikasi); Kayumov Ulugbek Karimovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Raximova Dilorom Alimovna, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot:Ukraina xarbiy-tibbiyot akademiyasi.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: surunkali obstruktiv o‘pka kasalligining (SOO‘K) tizimli ko‘rinishlarini kelib chiqishiga tayangan holda kasallik rivojlanishining patogenetik mexanizmlarini asoslash va avj olish tezligini pasaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor SOO‘K bo‘lgan bemorlarda nutritiv etishmovchilik, tizimli yallig‘lanish javobi sindromi, osteopeniya va osteoporoz kabi ekstrapul`monal asoratlar geterogen xarakteri va uchrash ehtimolligi tezligi aniqlangan;
SOO‘K avj olishini to‘xtatishga qaratilgan harakatlarni takomillashtirish imkonini beradigan chekuvchi kishi holati tavsiflangan va unga bog‘liq ravishda kasallikning individual-tipologik fenotiplari aniqlangan;
ilk bor SOO‘K bo‘lgan bemorlarda ekstrapul`monal ko‘rinishlarining adaptatsion, himoya-moslashuv, reparativ jarayonlar va kasallik avj olishi bilan o‘zaro bog‘liqligi isbotlangan;
ilk bor kasallik avj olishi va og‘ir infeksiya xavfi bo‘lgan tizimli yallig‘lanish javobi kelib chiqishida ekstrapul`monal buzilishlarning pul`mogen kaxeksiya, osteoporoz va tizimli yallig‘lanish kabi omillar ishtiroki isbotlangan;
SOO‘K avj olishi va og‘irlik darajasining kasallik xarakteri, oziqlanish etishmovchiligining klinik turlari va osteoporoz belgilari bilan bog‘liqligi aniqlangan;
SOO‘K bo‘lgan bemorlarda og‘ir infeksiya rivojlanish ehtimolligining assotsiativ omillari (II-III darajali oziqlanish tanqisligi, kasallikning o‘ta og‘ir darajasi, nafas yo‘llarining zamburug‘li kontaminatsiyasi, metabolik buzilishlar) asoslangan;
SOO‘K bo‘lgan bemorlarda ekstrapul`monal buzilishlar rivojlanishining patogenetik bo‘lagi sifatida enteral-immun oziqlanish orqali nutrision qo‘llab-quvvatlash muhimligi isbotlangan;
ekstrapul`monal asoratlarni hisobga olgan holda SO‘OKni davolashga differensial yondashuv takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
SOO‘K differensial-davolash taktikalari tamoyillari va yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Amaliy sog‘liqni saqlashda tamaki chekishga qarshi kurashishda yordam berish» mavzusidagi uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 3 avgustdagi 8n-d/169-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma nafas olish tizimi kasalliklari rivojlanishini qisqartirish, tamaki chekishning tarqalganligini kamaytirish va SOO‘K bilan xastalangan bemorlarning hayot sifatini oshirish imkonini bergan;
«Bemorning trofologik holati: oziqlanish etishmasligi diagnostikasi va uni surunkali obstruktiv o‘pka kasalligiga chalingan bermorlarda baholash» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 3 avgustdagi 8n-d/169-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma SOO‘K bilan xastalangan bemorlarni kompleks davolashda nutrisevtiklar qo‘llanishining ijobiy ta’sirini ko‘rsatgan, bu jismoniy faollikka chidamlilik darajasini oshirish va bemorlarning hayot sifatini yaxshilash hamda differensiallangan davolashga xizmat qilgan;
SOO‘K bilan og‘rigan bemorlarda tizimli yallig‘lanish javobi sindromi bilan xavf omillarini aniqlashga qaratilgan tadqiqotning tizimli tahlili bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash tizimiga, jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pul`monologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, 1-son shahar klinik kasalxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Farg‘ona viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi pul`monologiya bo‘limlari amaliyotiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 3 avgustdagi 8n-z/198-son ma’lumotnomasi). Natijada SOO‘K bilan xastalangan bemorlar salomatligining yaxshilanishiga va ekstrapul`monal buzilishlarni hisobga olgan holda davolanish uchun yangi yondashuvlar orqali kasallik avj olishini to‘xtatish imkonini bergan.