Erdanova Guzal Mirulugovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Monbelyard zotli sigirlarning avlodlarini tana tuzilishi va turli omillariga bog‘liqlikda mahsuldorlik xususiyatlari (Toshkent va Sirdaryo viloyatlari sharoitida)”, 06.02.03 – Xususiy zootexniya. Chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyasi (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Qx1081
Ilmiy rahbar: Ruziev Raxmonqul Istamovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, PhD.06/09.07.2020.Qx/V.117.01.
Rasmiy opponentlar: Ro‘ziboev Nuriddin Raximovich, qishloq xoʻjalik fanlari doktori, professor; Mamatqulov Olimjon Eshonqulovich, qishloq xoʻjalik fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Respublikamizning tabiiy iqlim sharoitida naslchilik fermalariga import qilingan monbelyard zotli qoramollarning avlodlarini tana tuzilishi, eksterier ko‘rsatkichlari hamda sut mahsuldorligining turli ekologik va texnologik omillariga bog‘liqligini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari sharoitida import qilingan turli tana tuzilishiga mansub monbelyard zotli sigirlar avlodlarining eksterier ko‘rsatkichlari sut tipiga xosligi o‘rganilib maqbul bo‘lganlari aniqlangan ;
monbelyard zotli sigirlardan olingan avlodlarini issiq iqlim sharoitida sut mahsuldorligiga tasir etuvchi turli omillarga bog‘liqlikda irsiy salohiyatini yuzaga chiqarish imkoniyati 28-30 foizga oshishi ilmiy jihatidan isbotlangan ;
monbelyard zotli sigirlarning pushtdorlik xususiyatlarini takomillashtirishda turli omillarga bog‘liqlikda o‘rganilib, birinchi qochirishdagi otalanish darajasi 74,1 foizgacha bo‘lgani aniqlangan;
naslchilik fermer ho‘jaliklarning zamonaviy saqlash tizimi hamda optimallashtirilgan oziqlantirish texnologik sharoitlarida ozuqani sut bilan qoplash xususiyatlari ( 1 kg ozuqa birligiga olingan sut miqdori) go‘sht-sut tipidagi sigirlarga nisbatan sut-go‘sht tipidagi sigirlarda 4,5 foizga oshganligi aniqlangan;
monbelyard zotli sigirlar avlodlarining mahsuldorlik xususiyatlarini takomillashtirishda sut ishlab chiqarish tipiga bog‘liqligi o‘rganilib, sut-go‘sht tipiga mansub sigirlarning mahsuldorligi go‘sht-sut tipiga nisbatan 15-20 % yuqori bo‘lganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Monbelyard zotli sigirlarning turli tana tuzilishiga xoslikda mahsuldorlik xususiyatlarini oshirish bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar asosida:
sigirlarni tana tuzilishiga qarab, sut-gusht tipiga mansub podalarning nasl o‘zagini yaratish usuli Toshkent viloyati, Yuqori-Chirchiq tumanidagi “Ergash ota” MChJga qarashli naslchilik xo‘jaligida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veternariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2022-yil 12-dekabrdagi 02/23-551-sonli ma’lumotnomasi). Natijada sut-go‘sht tipiga mansub sigirlarning I-laktatsiyada o‘rtacha 4401±41,1 kg sut miqdori tengqurlari go‘sht-sut tipidagi sigirlarga nisbatan o‘rtacha 331 kg yoki 7,52 % (P 0,999), sut yog‘i chiqimi 5,91 kg yoki 3,46 % (P 0,99), sut oqsil chiqimi 9,93 kg yoki 6,22 % (P  0,999), yuqori bo‘lgan. Olingan sof foyda 1 bosh sigir evaziga sut-go‘sht tipidagi sigirlarning II-laktatsiya davrida 5734260 so‘mni tashkil qilgan go‘sht-sut tipidagi sigirlarda 4168260 so‘mni tashkil qilgan. Joriy qilingan ish natijalari asosida tajriba variantida rentabillik darajasi 38,9 % ko‘tarilgan.
sigirlarning tana tuzilishiga qarab sut mahsuldorlik ko‘rsatkichlari turli ishlab chiqarish xususiyatlari asosida sut-go‘sht va go‘sht –sut tiplariga bog‘likligini baholash Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi “INZIM TEX” MChJ naslchilik xo‘jaligida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veternariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2022-yil 12-dekabrdagi 02/23-551-sonli ma’lumotnomasi). Natijada olingan sof foyda 1 bosh sigir evaziga sut-go‘sht tipidagi sigirlarning II-laktatsiyasi davrida 2545470 so‘m sof foyda, go‘sht-sut tipidagi sigirlardan 1812580 so‘m sof foyda olingan. Iqtisodiy samaradorlik darajasi 2022-yil tajribadagi sut-go‘sht tipidagi tana tuzilishiga ega sigirlarda 16,6 % tashkil qilgan, go‘sht-sut tipidagi tana tuzilishiga ega sigirlarda 12,5 % tashkil qilgan.
sigirlarning 1 laktatsiya davomida sut mahsuldorlik ko‘rsatkichlari turli ishlab chiqarish xususiyatlari sut-go‘sht va go‘sht-sut tiplariga bog‘liqligi Toshkent viloyati Parkent tumanidagi “Talant” naslchilik xo‘jaligida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veternariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2022-yil 12-dekabrdagi 02/23-551-sonli ma’lumotnomasi). Natijada har bir bosh sigirdan olingan sof foyda sut-go‘sht tipidagi sigirlarda sof foyda, 6,0 mil.so‘mni tashkil etib, go‘sht-sut tipidagi sigirlarda esa 4,2 mil. so‘m sof foydani tashkil etgan. Sut-go‘sht tipiga sigirlaning rentabellik darajasi 17,8 % tashkil qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish