Qudratov Jasur Asilbekovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Nurota tog‘lari qorinoyoqli mollyuskalari (Gastropoda, Pulmonata, Pectinibranchia): taksonomiyasi, bioekologik xususiyatlari, tarqalishi va ahamiyati», 03.00.06–Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4 DSc/V242.
Ilmiy rahbar: Izzatullaev Zuvaydullo Izzatullaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Zoologiya instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.V.52.01.
Rasmiy opponentlar: Pazilov Abduvaet, biologiya fanlari doktori, professor; Muminov Boqijon Alimovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:Nurota tog‘lari qorinoyoqli mollyuskalarining taksonomik tarkibi, bioekologik xususiyatlari va xo‘jalik ahamiyatini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Nurota tog‘lari qorinoyoqli molyuskalarining 20 oila, 30 avlodga mansub, 54 turi tarqalganligi, ulardan 15 turi suv va 39 turi quruqlik mollyuskalari ekani aniqlangan;
qorinoyoqli suv mollyuskalaridan: 5 tur Lymnaea stagnalis, L.thiessea, L.subdisjuncnta, Costatella acuta, Anisus ladacensis; quruqlik mollyuskalaridan: 9 tur Pupilla turcmenica, Pupilla striopolita, Pyramidula rupestris, Pseudonapaeus albiplicatus, Cecilioides acicula, Deroceras agreste, Candaharia levanderi, Euconulus fulvus, Leucozonella retteri, jami 14 ta turNurota tog‘lari faunasi uchun yangi tur ekanligi aniqlangan;
Nurota tog‘larining qorinoyoqli suv mollyuskalari to‘rtta ekologik guruhlarga (krenofil, fitofil, tel`matofil, fitoreofil) va quruqlik mollyuskalari beshta ekologik guruhlarga (gigrofil, mezofil, kserofil, mezokserofil, kriomezokserofil) ajratilgan;
ilk bor Markaziy Osiyo sharoitida L. stagnalis ning hayot sikli bo‘yicha uning 5 bosqichda (yuvenil`, voyaga etish, ko‘payish, klimakterik, senil`) o‘tishi aniqlangan;
Nurota tog‘lari qorinoyoqli mollyuskalari gel`mintlarning oraliq xo‘jayin ekanligi va ularning gel`mintozlar tarqatishdagi roli aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Nurota tog‘lari qorinoyoqli mollyuskalari taksonomiyasi, bioekologik xususiyatlari, tarqalishi va ahamiyati bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
qorinoyoqli mollyuskalarning bioekologik xususiyatlari va tarqalishi Samarqand viloyati Pastdarg‘om va Payariq tumanlarining chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida qoramol va qo‘ylarni fassiolyoz bilan zararlanishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasining 2018 yil 5 maydagi 02/13-580-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu hududlarda chorva mollarining fassiolyoz bilan zararlanishini 40–50 % gacha kamaytirish imkonini bergan;
qorinoyoqli mollyuskalarning turlar tarkibi Samarqand viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza davlat qo‘mitasida hududning populyasion ko‘rsatkichlarini aniqlashda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2018 yil 18 iyuldagi 03-01/12-2785-son ma’lumotnomasi). Natijada mollyuskalar faunistik tarkibining o‘zgarishini baholash va u orqali hayvonot dunyosi barqarorligini saqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini bergan;
Nurota tog‘lari faunasiga doir 54 turga kiruvchi qorinoyoqli mollyuska namunalari respublikada yetakchi bo‘lgan «Zoologiya kolleksiyasi» noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 8 sentyabrdagi 4/1255-2405-son ma’lumotnomasi). Natijada yig‘ilgan namunalar qorinoyoqli mollyuskalar fondini boyitish va turlar xilma-xilligini aniqlash imkonini bergan.