Xatamova Munira Matkayumovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Turk xoqonligi shaharlari (VI–VIII asrlar)”, 07.00.03–Jahon tarixi (tarix fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2018.2.PhD/Tar129.

Ilmiy rahbar: Asqarov Ahmadali, tarix fanlari doktori, professor, akademik.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, DSc.27.06.2017.Tar.44.01.

Rasmiy opponentlar: Xodjaev Ablat, tarix fanlari doktori; Boboyorov G‘aybulla Bollievich, tarix fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Turk xoqonligi shaharlari xususiyatlarini fanlararo yondashuv yordamida ochib berishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

eski turklar “shahar” tushunchasi ostida sof turkcha balïq atamasini, o‘z davlatlari “poytaxti” deb esa hukmdorlik ramzi sanalgan, mavqei doimiy poytaxt shahardan yuqori turgan “Oltin O‘rdu”ni tushunishgani asoslangan;

xoqon o‘rdulari maqomi va vazifasiga ko‘ra bosh, oliy o‘rdu – “Oltin O‘rdu” yoki “Ulug‘ Oltin o‘rdu”, mavsumiy o‘rdu – “Shimoliy o‘rdu” va “Janubiy o‘rdu” hamda “Safar o‘rdu”lari tarzida bir‑biridan farqlangani aniqlangan hamda bu Turk xoqonligi shaharlari va umuman dasht shaharlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan ekani asoslangan;

xoqon xotinlari “Xotun‑o‘rdu”, “Xotun-baliq” yoki “Xotun‑kat” hamda xoqonlarga uzatilgan xitoylik malikalar “Quy” deb yuritilgan alohida o‘rdu va shaharlarda yashashgani aniqlangan hamda turklarda Jabγūkaθ va Xātūnkaθ, xazarlarda Xan-balïq va Xātūn-balïq, uyg‘urlarda Ordu-balïq va Xātūn-balïq tarzidagi boshqa biror erda kuzatilmaydigan qo‘shaloq shaharlar qurish an’anasi O‘rta Osiyo va unga tutash erlarga eski turklar olib kelgan shahar madaniyatidagi o‘zgarishlardan biri ekani dalillangan;

Ashina sulolasi hun, juan‑juan, usun kabi davlatlarning boshqaruv markazlari o‘rniga qarorgohlarini qurish bilan o‘zlarining mintaqadagi siyosiy legitimatsiyasini asoslashgani, vohalarda o‘z hukmronligini o‘rnatganidan keyin ham dasht davlatlariga xos mavsumiy qarorgohlarda yashashni davom ettirishgani, xoqonlik chegaralari kengaygani sari strategik hududlarda yangi qarorgohlarga asos solishganiga oydinlik kiritilgan;

xoqonlik qo‘li ostidagi voha hududlarida eski shaharlarning takomillashgani va yangilarining qurilgani hamda shu bilan bog‘liq holda voha shaharlarida mavjud turkiy qatlamning yanada qalinlashgani Choch va Farg‘ona misolida asoslangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Turk xoqonligi shaharlari masalasini o‘rganish jarayonida erishilgan natijalar asosida:

Markaziy Osiyoda ilk o‘rta asrlardagi etnik jarayonlarda qadimgi turklarning kuchli ta’siri, Chochda turkiy va turkiy‑sug‘diy nomdagi shaharlar, Farg‘onada turk‑run yozuvli yodgorliklar, ikkala hukmdorlikda ham turk xoqonlari zarb ettirgan tangalar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan FA-A1-GO25 PV-2014-0911000555 raqamli “O‘zbeklar: etnik tarix, madaniyat va an’analar” (2015–2017) mavzusidagi loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 19 apreldagi 3/1255-1015-son ma’lumotnomasi). Ushbu nashr O‘zbekiston hududida ilk o‘rta asrlarda kechgan etnosiyosiy jarayonlar hamda qadimgi turklarning o‘zbeklar etnogenezidagi rolini ilmiy asoslashga xizmat qilgan;

Turk xoqonligida maxsus elchilik bilan shug‘ullanuvchi shaxslar va boshqa yuqori unvonli amaldorlar, xoqonlikka xos diplomatik seremonial (xoqonlar elchilarni o‘tirgan holda qarshi olishgani, qo‘shin namoyishi, qimmatbaho va dabdabali buyumlar ko‘rgazmasi, og‘zaki diplomatik so‘zlashuv, elchilarning xoqon o‘rdusida qarshi olinishi), “Oltin O‘rdu” va uning ko‘rinishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar I-1-FA-G003 IZ-2015-0907175446 raqamli “O‘zbekistonda elchilik xizmati tarixidan lavhalar” (2016–2017) nomli loyiha doirasidagi monografiyada o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 19 apreldagi 3/1255-1015-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot O‘zbekiston diplomatiyasi tarixida Turk xoqonligi davri alohida o‘rin tutgani, qadimgi turklarga xos diplomatik seremonialning o‘ziga xos xususiyatlari va “Oltin O‘rdu”ning elchilarni qarshi olishdagi ahamiyatini tahlil etishga xizmat qilagan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish