Altiev Abdurashid Sultanovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Er resurslaridan foydalanish tizimini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish», 08.00.04–Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti va 06.01.10–Er tuzish, kadastr va er monitoringi (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/Iqt135.
Ilmiy maslahatchi: Chariev Qurbon Amirovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.I.10.03.
Rasmiy opponentlar: Nazarova Fotima Xakimovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor;Karamatov Ozodbek Orinboevich, iqtisodiyot fanlari doktori; Hasanov Shavkat Tursunqulovich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot nomi: Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotningmaqsadi: O‘zbekistonda er resurslaridan foydalanish tizimini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-nazariy va uslubiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
er resurslaridan foydalanish tizimini fermer xo‘jaliklarida er subijarasi, dehqon xo‘jaligi va tomorqa er uchastkasini yoki uning bir qismidan vaqtincha foydalanish asosida tartibga solish mexanizmlari asoslangan;
qishloq joylarda erlarni jismoniy va yuridik shaxslarga mulk sifatida berishning baholash uslubi, ijtimoiy omillari, soliqqa tortish tartibi va uni tashkil qilishning shart-sharoitlari hamda o‘ziga xos xususiyatlari asoslab berilgan;
qishloq xo‘jaligi erlaridan foydalanish munosabatlarini tartibga soluvchi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali ularning iqtisodiy-huquqiy holatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan;
dehqon xo‘jaligi va tomorqa er uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik huquqini kredit olish uchun garovga qo‘yish tartibi asoslangan;
qishloq xo‘jaligi erlarining normativ qiymatini erlarga qilingan kapital xarajatlarni hisobga olish koeffisienti, kapitallashuv va narx-navo darajasini e’tiborga olgan holda aniqlash yuzasidan takliflar asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Er resurslaridan foydalanish tizimini tartibga solish mexanizmlarini shakllantirish bo‘yicha olingan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar asosida:
er resurslaridan foydalanish tizimini fermer xo‘jaliklarida er subijarasi, dehqon xo‘jaligi va tomorqa er uchastkasini yoki uning bir qismidan vaqtincha foydalanish asosida tartibga solish mexanizmlari yuzasidan bildirgan taklifi O‘zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Er kodeksining yangi tahririni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2018 yil 14 iyundagi 03-05-4834-son ma’lumotnomasi). Natijada qishloqda er ijarasi mazmuni va ko‘lamining yanada kengayishi hisobiga ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yangi bosqichga asos solingan, er solig‘ini to‘lashning moliyaviy manbasi mustahkamlangan, barqaror va samarali ish joylari tashkil etilgan;
qishloq joylarda erlarni jismoniy va yuridik shaxslarga mulk sifatida berishning baholash uslubi, ijtimoiy omillari, soliqqa tortish tartibi va uni tashkil qilishning shart-sharoitlari hamda o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasining 2015 yil 26 avgustdagi 330/01-36-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifdan foydalanish 2014 yilda 55 ta iqtisodiy nochor, past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarning foydalanilmayotgan er uchastkalarining 212,6 gektar maydoni topshirilishi natijasida er solig‘idan 673,2 mln. so‘m mablag‘lar tejalishini asoslashga yordam bergan;
qishloq xo‘jaligi erlaridan foydalanish munosabatlarini tartibga soluvchi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish orqali ularning iqtisodiy-huquqiy holatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi tomonidan joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2018 yil 14 iyundagi 03-05-4834-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarni tatbiq etish qishloq xo‘jaligi erlarini me’yoriy baholash, erlarning hisobotini yuritish, er monitoringini amalga oshirish ishlarida mehnat unumdorligini o‘rtacha 20 %ga oshirish, ushbu jarayonlar uchun barcha xarajatlarni o‘rtacha 25 %gacha qisqartirish imkonini bergan;
dehqon xo‘jaligi va tomorqa er uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik huquqini kredit olish uchun garovga qo‘yish tartibi yuzasidan taklifi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 oktbyardagi PQ-3318-son “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasini ishlab chiqishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2018 yil 26 fevraldagi 4/23-1203/3-sonli ma’lumotnomasi). Natijada dehqon va tomorqa xo‘jaliklari faoliyatini moliyalashtirishning yanada qulay mexanizmini yaratish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi;
qishloq xo‘jaligi erlarining normativ qiymatini erlarga qilingan kapital xarajatlarni hisobga olish koeffisienti, kapitallashuv va narx-navo darajasini e’tiborga olgan holda aniqlash yuzasidan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amaliyotda qo‘llash uchun qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2017 yil 18 dekabrdagi KA/04-03-32-04/1680-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif orqali O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 18 avgustdagi “Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining normativ qiymatini aniqlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 235-sonli qarorining qayta ko‘rib chiqilishi zarurligini asoslab bergan.