Abdullaev Davlatali Alijon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘zbekiston florasidagi Eremurus M. Bieb. turkumi turlarining introduksiya sharoitidagi biologiyasi”, 03.00.05 – Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/B629.
Ilmiy rahbar: Pechenisin Vladmir Petrovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Botanika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Botanika instituti, DSc.02/30.12.2019.B.39.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Farxod Isomiddinovich, biologiya fanlari doktori; Samadova Shoxista Azamatovna, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy-amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Botanika bog‘ida Eremurus turkumiga mansub turlarni introduksiya sharoitida biologiyasini o‘rganish, geografik tarqalishini aniqlash va kolleksiyasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Eremurus turlarining gullash muddatlari va gullashning boshlanishi uchun zarur bo'lgan o'rtacha sutkalik haroratlar yig‘indisi bo'yicha farqlanuvchi guruhlari aniqlangan;
o'rganilgan Eremurus turlari o'zgaruvchan (labil) reproduktiv strategiya bilan ajralib turadi, uning samaradorligi turning yashovchanligi, yorug‘lik ta’siri va ayrim turlar uchun gullash paytida havo harorati va namligiga bog‘liq;
o‘rganilgan Eremurus turlari generativ organlar ko‘rsatkichlari orasida bog‘liqlik mavjudligi va yo‘nalishi bo‘yicha sezilarli farqlarga ega ekanligi aniqlangan;
urug‘larning ochiq grunt sharoitida unuvchanligi ularning mutlaq (absolyut) massasiga bog‘liq ekanligi aniqlangan. Yirik urug‘lardan ungan nihollar yuqori darajali metabolizm va zahira oziq moddalarni tutuvchi ildizlarga ega ildizpoyaning jadal rivojlanishi bilan tavsiflanadi;
qizil kitobga mansub turlar erta gullashi, mevalarni kam xosil bo‘lishi, urug‘larning past unuvchanligi, vegetativ ko‘payish qobiliyatining sustligi kabi biologik xususiyatlari bilan keng tarqalgan Eremurus turlaridan introduksiya sharoitida ham ajralib turadi aniqlandi;
balandlik mintaqalar bo‘yicha 4 tur cho‘l, 13 tur adir, 23 tur tog‘, 3 tur yaylovlarda tarqalgan bo‘lib, tog‘ mintaqasi uchun 7 tur, adir mintaqasi uchun esa 7 tur, cho‘l mintaqasi uchun esa 3 tur xos ekanligi aniqlandi;
ilk bor Eremurus robustus misolida O‘zbekistonda Qizil kitobga kiritilgan turlarni tabiiy yashash joylariga muvaffaqiyatli reintoduksiya qilish imkoniyati ko'rsatilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston florasidagi Eremurus turkumi turlarining introduksiya sharoitidagi biologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston tog‘li hududlarida tarqalgan Eremurus turkumi noyob, endem va O‘zbekiston Qizil kitobga (2019) kiritilgan turlarni saqlab qolish, ko‘paytirish hamda reintroduksiya qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar Toshkent Botanika bog‘i geofit turlarini ex-situ sharoitida ko‘paytirish faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2023-yil 22-iyundagi 4/1255-1363-son ma’lumotnomasi). Natijada, 25 dan turdan ortiq Eremurus kolleksiyasini tashkil etish va introduksiyasini amalga oshirish imkonini bergan;
Eremurus turkumi turlarining O‘zbekiston florasida tarqalishini aks ettiruvchi GAT xaritalari va kamyob endem turlarini tabiiy yashash sharoitiga qaytarish orqali lokal populyasiyalar yaratish Nurota davlat qo‘riqxonasi amaliy faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2023-yil 19-avgustdagi 03-03/3-3975-son ma’lumotnomasi). Natijada Nurota davlat qo‘riqxonasida tarqalgan O‘zbekiston Qizil kitobga (2019) kiritilgan turlar tarqalgan hududlarni aniqlash va qo‘riqxona hududida turkum vakillarining lokal populyasiyasini yaratish imkonini bergan;
introduksiya qilingan Eremurus turkumi turlari introduksion baholanib, ko‘kalamzorlashtirishda foydalanish uchun tavsiyalar berilgan, o‘simliklar Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Toshkent shahar hokimligi Obodonlashtirish bosh boshqarmasining 2023-yil 21-dekabrdagi 1-13/2960-son ma’lumotnomasi). Natijada, Yunusobod tumani Bog‘ishamol ko‘chasining yo‘l yoqalariga ekilganligi va muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan va ko‘kalamzorlashtirishda foydalanish imkonini bergan..