Abdrimova Gulbahor Erimmatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ekologik og‘ir sharoitga moslashgan tut ipak qurti duragaylarini yaratish va tatbiq qilish», 06.02.04–Ipakchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B2017.2.PhD/Qx113.
Ilmiy rahbar: Yakubov Axmatjon Bakievich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.30.08.2018.Qx.13.02.
Rasmiy opponentlar: Gulamov Azamat Eshanqulovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Ismatullaeva Dilorom Adilovna, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yangidan yaratilgan yuqori mahsuldorlikka ega tut ipak qurtining duragaylari va jinsi bo‘yicha nishonlangan partenogenetik klonlar ichidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining ekstremal iqlim sharoitlariga mos ipak qurti zot va duragaylarini tanlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tut ipak qurtining tabiiy iqlim sharoiti o‘ta noqulay bo‘lgan hududlarda partonogenetik klonlari genetik potensialini yo‘qotmasligi aniqlangan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining ekstremal sharoitlariga chidamli va moslashgan S-5, S-10, S-12 zotlarining yaxshilangan populyasiyalari yaratilgan;
ekologik jihatdan noqulay hududlarga joriy etiladigan duragaylarni, tut ipak qurtining tuxum va qurtlik davrida jinsi nishonlangan zotlari ishtirokida olish mumkinligi isbotlangan;
tut ipak qurtining yangi «Navro‘z-3», «Navro‘z-4» va partenoklonlar ishtirokidagi «APK x Mechennaya-1» duragaylarini ekstremal qurt boqish sharoitlariga moslashishi aniqlangan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharoitida ham yangi duragay kombinatsiyalaridan me’yordagi pilla hosili olish mumkinligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ekologik og‘ir sharoitga moslashgan tut ipak qurti duragaylarini yaratish va tadbiq qilish bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari asosida:
tut ipak qurtining «Navro‘z-3», «Navro‘z-4» duragaylarining har biridan 12 quti urug‘ tayyorlangan va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani «Mart ovul» fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 3 oktyabrdagi 02/09-2348-son ma’lumotnomasi). Natijada bir quti boqilgan ipak qurti hisobidan pilla hosili nazoratga nisbatan 8,0 kilogramm va iqtisodiy samaradorlik 45000 so‘mni tashkil etgan, rentabellik darajasi 23,75 foizga oshgan;
tut ipak qurtining «Navro‘z-3», «Navro‘z-4» duragaylarining 8 quti urug‘ tayyorlangan va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida «Shoxsanam-Xo‘jayli» fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 3 oktyabrdagi 02/09-2348-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida bir quti hisobidan pilla hosili 7,5 kilogrammga oshgan va iqtisodiy samaradorlik 61500 so‘mni tashkil etgan;
tut ipak qurtining «Ipakchi 1 x Ipakchi 2», «Ipakchi 2 x Ipakchi 1» duragaylari va «APK x Mechennaya 1» klon zotli duragaylari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida «Muhabbat-Shermonova» fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 3 oktyabrdagi 02/09-2348-son ma’lumotnomasi). Natijada bir quti hisobidan pilla hosili 7 kilogrammga oshishiga erishilgan va iqtisodiy samaradorlik 66500 so‘mga teng bo‘lgan.