Mo‘minova Guyoxon Alidjonovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Dalachoy va do‘lana o‘simliklari asosida xalq tabobati uchun yangi tovarlar olish va ularni sinflash», 02.00.09 – Tovarlar kimyosi, 14.00.41 – Xalq tabobati (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2025.1.DSc/K178.
Ilmiy maslahatchilar: Asqarov Ibrohim Rahmonovich, kimyo fanlari doktori, professor; Mamatova Irodaxon Yusupovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat univarsiteti, DSc.03/29.10.2021.K/T.60.05.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Shavkat Vohidovich, kimyo fanlari doktori, professor; Abdug‘aniev Baxtiyorjon Yormaxamatovich, kimyo fanlari doktori, dotsent; Ismoilov Mo‘minjon Yusupovich,  kimyo fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy dalachoy va do‘lana o‘simliklari asosida qandli diabet kasalligini oldini olish va davolash hususiyatiga ega bo‘lgan biologik faol moddalar saqlagan oziq-ovqat qo‘shilmalarini ishlab chiqish, ularni kasallikni davolashdagi samarali ta’sirini aniqlash va TIF TN bo‘yicha sinflashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mahalliy dalachoy, do‘lana va ayrim dorivor o‘simliklarning flavonoidlar, suvda eruvchi vitaminlar, aminokislotalar va elementlar tarkibi bo‘yicha qandli diabet bilan kasallangan bemorlar uchun eng maqbul tarkibga egaligi isbotlangan;
in vitro sharoitda turli massa nisbatlarda olingan mahalliy igir, dalachoy, do‘lana dorivor o‘simliklari aralashmasining antioksidantlik faolligi spektrofotometrik usulda aniqlanganda, ularning mos ravishda 15:70:15 massa nisbatdagi aralashmasi boshqa aralashmalarga nisbatan eng yuqori ko‘rsatkichga ega ekanligi isbotlangan;
spektrofotometrik usul yordamida turli massa nisbatlarda olingan mahalliy igir, dalachoy, do‘lana dorivor o‘simliklari aralashmasining antiradikallik faolligi aniqlanganda, ularning mos ravishda 1:1:2 massa nisbatdagi aralashmasi boshqa aralashmalarga nisbatan eng yuqori antiradikallikka ega ekanligi isbotlangan;
dorivor o‘simliklar asosida ishlab chiqilgan “As-GAM” va “Shifo” oziq-ovqat qo‘shilmalari tarkibidagi 5 ta makroelemetlar va 56 ta mikroelementlar miqdori induktiv bog‘langan plazmali optik emission spektrofotometr yordamida aniqlangan;
mahalliy dalachoy poyasi, guli, kashnich urug‘i, igir, do‘lana, suli dorivor o‘simliklari tarkibidagi solidrozid, rutin, kversetin, digidrokversetin, lyuteonin, gall kislotasi, rozavin polifenollarining miqdori yuqori samarali suyuqlik xromatografiyasi usuli yordamida aniqlangan;
“As-GAM” va “Shifo” oziq-ovqat qo‘shilmalari tarkibidagi sistin, sistein, fenilalanin, tirozin, treonin kabi almashinadigan va almashinmaydigan 20 xil aminokislotalar miqdori yuqori samarali suyuqlik xromatografiyasi usuli yordamida aniqlangan;
“As-GAM” va “Shifo” oziq-ovqat qo‘shilmalarining o‘tkir zaharlilik darajasini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan biokimyoviy tadqiqotlar natijasida, ushbu oziq-ovqat qo‘shilmalari zaharsiz birikmalar sinfi (6-sinf)ga mansubligi, sintetik dori vositasiga nisbatan zararsiz va foydali ekanligi isbotlangan;
hayvonlarda o‘tkazilgan eksperimental tadqiqotlar natijasida “As-GAM” va “Shifo” oziq-ovqat qo‘shilmalarining gepatoprotektor va regenerativ xususiyatga ega ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. «Shifo» va «As-GAM» oziq-ovqat qo‘shilmalari va ulardan ajratib olingan moddalarning kimyoviy tarkibi va tuzilishi asosida sinflash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“As-GAM” va “Shifo” oziq-ovqat qo‘shilmalarini “Oltin Vodiy Tabiati MChJ” da ishlab chiqarish uchun tashkilot standarti (S 305433003-01:2023 va S23424257-01:2020), texnologik yo‘riqnoma (TY 305433003-01:2023 va TY 23424257-01:2020) ishlab chiqilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining 2023 yil 11 oktyabrdagi 31-8/1606-son ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil, 2 oktyabrdagi 06.8/1447-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, qandli diabetga qarshi xususiyatiga ega “As-GAM” va “Shifo” oziq-ovqat qo‘shilmalarini kukun shaklini ishlab chiqarish imkonini bergan;
qandli diabet kasalligini davolash hamda oldini olish xususiyatiga ega bo‘lgan “Shifo” oziq-ovqat qo‘shilmasini ishlab chiqarish uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsatnoma olingan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022 yil 29 iyuldagi 001397-son ruxsatnomasi, “Uz-Test” DUKning 2020 yil 2 dekabrdagi 2476508-son muvofiqlik sertifikati, Jalakuduk tuman sanitar epidemiologik osoyishtalik nazorat markazining 2020 yil 3 noyabrdagi 298521-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Shifo” oziq-ovqat qo‘shilmasini “Oltin vodiy Tabiati” MChJ da ishlab chiqarish hamda qandli diabet kasalligini davolashda foydalanish imkonini bergan;
“Shifo”  va “As-GAM” oziq-ovqat qo‘shilmalari uchun tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi bo‘yicha quyidagicha: 1212 30 150 6 va 1212 30 150 7 kod raqami ishlab chiqilgan hamda davlat bojxona amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2022 yil 1 iyuldagi 16/05-22-0372-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur turdagi moddalarni eksport va import qilishda ulardan undiriladigan boj to‘lovlarini nazorat qilish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish