Xasanov Nodir Hamrokulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Zarafshon daryosi quyi oqimi suv tiplarida gidrobiontlar tarqalishiga abiotik omillar ta’siri», 03.00.10 – Ekologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/V846.
Ilmiy rahbar: Boymurodov Xusniddin Toshboltaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.02/30.04.2021.B.79.01.
Rasmiy opponentlar: Jumamuratov Mirzamurat Ajimuratovich, biologiya fanlari doktori; Juginisov Tanirbergen Isaevich, biologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Zarafshon daryosi quyi oqimi suv tiplarida gidrobiontlarning zamonaviy holatini aniqlash, ularga abiotik omillar ta’sirini taxlil qilish va foydalanish istiqbollarini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Zarafshon daryosi quyi oqimida suv ekotizimlaridan Pisididae, Euglesidae, Belgrandiellidae, Lymnaeidae, Physidae, Planorbidae, Pontastacus va Hirudinidae oilalariga mansub gidrobiontlarning 27 turdan iborat faunasi tur tarkibi aniqlangan;
ilk bor GenBanki bazasida C.ferghanensisning PP239092 inventar raqami olingan va mDNK (COI) geni nukleotidlari asosida molekulyar identifikatsiyalangan;
mollyuskalar, qisqichbaqalar va zuluklarning turli suv ekotizimlarida yashash sharoitiga ko‘ra ekologik guruhlari va populyasiyalarining taqsimlanish darajalari ochib berilgan;
gidrobiontlarning daryolar, buloq, chashmalar va baliqchilik xo‘jaliklarida tarqalishi, zichligi va ekologiyasiga suv oqim tezligi, chuqurligi, (pH) muhiti va temperaturasi kabi abiotik omillarning ta’siri isbotlangan;
suv sifat ko‘rsatkichlarining mollyuskalar, qisqichbaqalar tarqalishi, yoshi, biomassasi hamda chig‘anoqlarining morfologik belgilarining o‘zgaruvchanligiga ta’siri baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Zarafshon daryosi quyi oqimi suv havzalarida gidrobiontlarning tarqalishi va ulardan iqtisodiyot tarmoqlarida foydalanish yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
Zarafshon daryosi quyi oqimi suv tiplarida tarqalgan stenabiont kam tarqalgan Euglesa hissarica, Euglesa turkestanica, Euglesa obliquata, Kuiperipisidium sogdianum, Planorbis planorbis va Planorbis tangitarensis turlar populyasiyalarining holati va ularni muhofaza qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Navoiy viloyati Xatirchi, Karmana va Qiziltepa tumanlari va Buxoro viloyati Buxoro va Vobkent tumanlari bo‘limlarining kamyob hayvonot turlarini yashash muhitida saqlab qolish faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vazirligining 2024 yil 25 sentyabr 03-03/3-9381 ma’lumotnomasi). Natijada, lokal hududlardagi suv rejimlarini mavsumiy boshqarish orqali noyob turlar tarqalgan biotoplarni muhofaza qilish va populyasiyalarini saqlab qolish imkonini bergan;
gidrobiontlarning saproblik xususiyati asosida chuchuk suv havzalarining tozalik darajasini aniqlash bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Navoiy va Buxoro viloyatlari sun’iy va tabiiy suv tiplarining baliq etishtiriluvchi xavzalarning organik ifloslanish darajasini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 28 mart 05/26-05/1326-son ma’lumotnomasi). Natijada, baliqlar intensiv ko‘paytiriluvchi havzalarning saproblik darajasini tezkor aniqlash va suv sifatini baholash imkonini bergan;
Corbiculina ferghanensis (Kursalova et Starobogatov, 1971) turining mtDNK COI geni nukleotidlar ketma-ketligi fragmentlari aniqlangan va olingan natijalar Biotexnologik axborotlar milliy markaziga joriylashtirilgan (National Center for Biotechnology Information, 2024-yil 5-fevraldagi ma’lumotnoma, www.blast.ncbi.nlm.nih.gov). Natijada, GenBanki bazasida PP239092 inventar raqami olingan va dunyoning turli mintaqalarida tarqalgan ikkipallali mollyuska turlarining identifikasiyalash va filogenetik tahlili boʻyicha xalqaro maʼlumotlar bazasi tarkibini boyitish imkonini bergan.