Egamberdieva Malika Odil qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «AQSh, GFR, XXR zamonaviy iqtisodiy diplomatiyasining rivojlanishi va ularning tajribasidan O‘zbekistonda foydalanish », 08.00.09 – Jahon iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Iqt3566
Ilmiy rahbar: Mavlanov Ibragim Radjabovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, DSc.11/25.08.2022.I.24.03
Rasmiy opponentlar: Islomov Baxtiyor Anvarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Gulamov Abdulaziz Abdullaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: AQSh, Germaniya, Xitoyning zamonaviy amaliyoti va tajribasini o‘rganish asosida O‘zbekistonda iqtisodiy diplomatiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar va amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
AQSh, Germaniya va Xitoyning zamonaviy iqtisodiy diplomatiyasidagi savdo va investisiya omillarning kompleks qiyosiy tahlili o‘tkazildi, uning nazariy va amaliy qoidalari O‘zbekiston sharoitida amaliy foydalanish uchun tavsiya etildi;
jahon iqtisodiyoti rivojlanishining so‘nggi bosqichida ushbu mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishida an’anaviy asosiy harakatlantiruvchi kuch bo‘lib kelgan AQSh, Germaniya va Xitoyning zamonaviy iqtisodiy diplomatiyasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi;
xalqaro savdo va investisiya oqimlarini rivojlantirishning hozirgi tendensiyalari aniqlandi, ularning tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishga o‘zaro bog‘liqligi va ta’siri hamda AQSh, Germaniya va Xitoyning iqtisodiy diplomatiya mexanizmlari aniqlandi;
O‘zbekiston sharoitida “iqtisodiy diplomatiya” tushunchasining zamonaviy talqini taklif etildi;
gravitatsion modelni qo‘llash asosida O‘zbekiston, AQSh, GFR va XXR o‘rtasida o‘zaro savdo va investisiya oqimlarini rivojlantirishning o‘ziga xos xususiyatlari aniqlandi;
statistik ma’lumotlar tahlilidan foydalanib, 1991-2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiy diplomatiyaning eng muhim mexanizmlari ta’sirida jiddiy tarkibiy o‘zgarishlar sodir bo‘lganligi aniqlandi;
AQSh, Germaniya va Xitoyda joriy yondashuvlar va yutuqlar monitoringi asosida O‘zbekistonda iqtisodiy diplomatiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha tizimlashtirilgan tavsiyalar majmuasi ishlab chiqildi;
ishlab chiqilgan iqtisodiy modeldan foydalangan holda iqtisodiy diplomatiya bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani O‘zbekistonda joriy etish zarurligi asoslab berildi.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasiga xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilingan tashqi ko‘mak mablagʻlarining samaradorligini oshirish mexanizmi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 92-maqsadini ishlab chiqishda foydalanilgan: Ushbu strategiyaning mazkur maqsadi O‘zbekistonning investision jozibadorligini oshirish, sanoatni modernizatsiya qilish va xalqaro savdoni rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur maqsadni amalga oshirish jarayonida Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan strategik yo‘nalishlar belgilandi, shu jumladan, mintaqaviy va xalqaro investisiya oqimlarini jalb qilish mexanizmlari shakllantirildi. (Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2024-yil 21-iyundagi 01-777-sonli ma’lumotnomasi). Shuningdek, ushbu maqsadga erishish uchun normativ-huquqiy bazaning rivojlantirilishi va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Xiva tumani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasining tashqi iqtisodiy aloqalar qismini ishlab chiqishda foydalanilgan: Xiva tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun tashqi iqtisodiy aloqalar strategiyasini shakllantirishda xalqaro savdo va investisiya aloqalarini kengaytirishga katta e’tibor qaratildi. Xususan, turizm va agrosanoat yo‘nalishida xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va chet ellik investorlar uchun qulay sharoitlar yaratishga oid chora-tadbirlar belgilandi. (Xiva tuman hokimligining
2023-yil 1-noyabrdagi 5-325-sonli ma’lumotnomasi). Mahalliy hududlarning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari qayd etilgan.
Hududlarni iqtisodiy rivojlantirishga ko‘maklashish markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Hududlarning eksport salohiyatini oshirish va investisiya jozibadorligini kengaytirish” o‘quv dasturini tayyorlashda foydalanilgan: Ushbu o‘quv dasturi hududiy iqtisodiy siyosatning asosiy yo‘nalishlarini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, hududlarda eksport imkoniyatlarini oshirish va mahalliy iqtisodiyotni diversifikatsiyalash bo‘yicha aniq tavsiyalarni o‘z ichiga oladi. Dasturni tayyorlash jarayonida xalqaro savdo, investisiya va marketing strategiyalariga oid ilg‘or xalqaro tajribalar o‘rganilib, mahalliy sharoitlarga moslashtirilgan holda amaliyotga tatbiq qilish bo‘yicha yondashuvlar ishlab chiqildi. (“Hududlarni iqtisodiy rivojlantirishga ko‘maklashish markazi” NNTning 2024-yil 2-apreldagi D/13-sonli ma’lumotnomasi).
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Evropa davlatlari va Evropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik bo‘yicha departamentining strategik rejalarini ishlab chiqishda foydalanilgan: O‘zbekiston va Evropa davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy diplomatiya strategiyalarini rivojlantirishda ushbu maqsad Evropa bozorlariga eksport imkoniyatlarini kengaytirish, texnologik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va Evropa Ittifoqi institutlari bilan mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga yo‘naltirilgan. Ushbu strategik rejalarda Evropa davlatlari bilan investisiya hamkorligini chuqurlashtirish, o‘zaro manfaatli savdo bitimlari tuzish va yuqori texnologiyali mahsulotlar almashinuvini jadallashtirish bo‘yicha takliflar kiritildi. (O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Evropa davlatlari va Evropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik bo‘yicha departamentining 2024-yil 29-fevraldagi ma’lumotnomasi).