Jumaeva Gulnor Sattarovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi  haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): 23.00.04 – Xalqaro munosabatlar, jahon va mintaqa taraqqiyotining siyosiy muammolari
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.DSc/Ss112
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, DSc.11/25.08.2022.Yu.24/02
Rasmiy opponentlar: siyosiy fanlar doktori, professor A.A.Haydarov; tarix fanlari doktori, professor O.P.Kobzeva; siyosiy fanlar doktori R.I.Nurimbetov.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston respublikasi strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga  molik.    
II. Tadqiqot maqsadi: Rossiya Federatsiyasi, Xitoy va AQShning Markaziy Osiyodagi geosiyosiy manfaatlari zamonaviy tizimining tabiatini qiyosiy tahlil qilish, ularning mintaqaga ta’sirini bashorat qilish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
– RF, XXR, AQSh kabi buyuk davlatlar milliy manfaatlarining shaklan o‘zgarib, geosiyosiy manfaatlarga aylanishining o‘ziga xos xususiyatlari aniqlandi. Xitoy, Rossiya va AQSh kabi davlatlarning milliy manfaatlari yangi sifat xususiyatlarini kasb etib, milliy chegaralardan tashqaridagi geosiyosiy ustuvorliklarga erishilishi, diqqat urg‘usini ichki yo‘naltirilgan vazifalardan xalqaro tizimda strategik ta’sirni ta’minlashga siljishi natijasida geosiyosiy manfaatlarga aylanishi, ushbu o‘zgarish global kuchlar muvozanatiga bevosita ta’sir ko‘rsatib, boshqa davlatlar bilan faol hamkorlik qilish va xalqaro institutlar faoliyatida integratsiyalashish zaruratini keltirib chiqarishi ilmiy asoslandi;
–  Xitoy, Rossiya va AQShning Markaziy Osiyoda o‘z geosiyosiy manfaatlarini amalga oshirish uchun foydalanadigan asosiy vositalari tasnifi keltirilgan. Xalqaro tashkilotlarda ishtirok etish, harbiy-strategik ittifoqlarni yaratish va "yumshoq kuch" tushunchasidan foydalanish kabi mexanizmlar ushbu davlatlarning mintaqadagi tashqi siyosiy strategiyasining samaradorligi va yo‘nalishini belgilaydigan tizim- shakllantiruvchi xususiyatga ega ekanligi isbotlangan;
– tadqiqot doirasida Rossiya, Xitoy va AQShning Markaziy Osiyodagi geosiyosiy manfaatlarini o‘rganishga global yoki xalqaro siyosat nuqtayi nazaridan yondashuv ularni umumiy, ya’ni mintaqaning xavfsizligi, iqtisodiy foydasi va barqaror rivojlanishini  o‘z ichiga olgan universal jihatlarni, shu bilan birga, har bir davlatning o‘ziga xos/xususiy, ya’ni uning strategik ustuvorliklari va yondashuvlarini aks ettiradigan manfaatlarga bo‘lish imkoniyatini berdi;
– milliy xavfsizlik/strategiya nuqtayi nazaridan, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy va AQShning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi geosiyosiy manfaatlari dual, ya’ni ikki qirrali xususiyatga ega. Ya’ni, bu manfaatlar oshkora (e’lon qilingan) va yashirin (aytib o‘tilmagan, lekin amalga oshirilayotgan) ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. E’lon qilingan manfaatlar tashqi siyosat ritorikasida aks esa, yashirin maqsadlar mazkur kuchlarga o‘zgaruvchan sharoitlarga moslashish va o‘z niyatlarini niqoblash imkonini beradi;
– zamonaviy texnologik, jumladan, raqamli rivojlanishni inobatga olgan holda, geosiyosiy manfaatlarni tahlil qilish va tizimlashtirish uchun ushbu jarayonlar geosiyosiy manfaatlar ustuvorliklarini strategik boshqarish va ularning ta’sirini baholashga yo‘naltirilgan yaxlit tahliliy yondashuv orqali integratsiya qilinishi mumkinligi isbotlandi. Boshqaruv vositalari bilan birgalikda, iqtisodiy tahlil, strategik rejalashtirish va axborot texnologiyalari sohalarida qo‘llaniladigan va xalqaro munosabatlarni o‘rganishga moslashtirilgan RICE, ICE, MoSCoW; Kanban, Critical Path, SMART-mezonlari, Masalalar piramidasi, Eyzenxauer Matrisasi, Story Mapping kabi usullardan foydalanishning maqsadga muvofiqligi va ularning samaradorligi aniq misollarda ko‘rsatilgan. Ushbu yondashuv buyuk davlatlarning geosiyosiy manfaatlarini tizimlashtirish va xalqaro munosabatlar bilan bog‘liq tushunchalarni yoritishga yordam beradi;
– SWOT va PEST-tahlil usullari orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari va buyuk davlatlar o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy muloqot doirasida, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari aniqlandi va ilmiy bashorat qilindi;
– Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiya, Xitoy va AQSh bilan mintaqaviy xavfsizlik sohasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish ssenariylari ishlab chiqildi hamda buyuk davlatlar va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi bardavom hamkorlik uchun tavsiyalar (“Yo‘l xaritasi”) tayyorlandi. Bu tavsiyalar mazkur geosiyosiy aktorlar manfaatlarining salbiy ta’sirini minimallashtirishga yo‘naltirildi.
IV. Tadqiqotning amaliy natijalari quyidagilardan iborat:
Buyuk davlatlar va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi kelgusidagi hamkorlik ssenariylarini ishlab chiqishda, shuningdek, Rossiya, Xitoy va Aqshning Markaziy Osiyodagi geosiyosiy manfaatlarining salbiy ta’siridan himoya qilish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da o‘z aksini topdi. Ushbu uch mamlakatning zamonaviy voqelik va evolyusion o‘zgarishlarga moslashtirilgan manfaatlari, geosiyosiy holati va amaliyotini batafsil o‘rganish, shuningdek, tegishli davlat idoralari va tashkilotlari uchun ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar O‘zbekiston tanlagan taraqqiyot yo‘lidan samarali borishi uchun zarur bo‘lgan nazariy asoslar va amaliy yondashuvlarni takomillashtirishga xizmat qiladi.

 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish