Matqurbonov Dilshod Matqurbon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ma’lumotlar uzatish tarmoqlarida noravshan to‘plamlar asosida marshrutlash model va algoritmlari”, 05.04.01 - “Telekommunikatsiya va kompyuter tizimlari, telekommunikatsiya tarmoqlari va qurilmalari. Axborotlarni taqsimlash” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/T4682.
Ilmiy rahbar: Djabbarov Shuhrat Yuldashevich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12.2019.T.07.02.
Rasmiy opponentlar: Parsiev Saydiaxat Solixodjaevich, texnika fanlari doktori (DSc), dotsent; Kamalov Yunus Karimovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Tashkent davlat transport universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ma’lumotlar uzatish tarmoqlarida marshrutizatorning funksional xususiyatlari va marshrut ishonchliligini hisobga olish imkonini beruvchi noravshan to‘plamlar asosida marshrutlash model va algoritmlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ma’lumotlar uzatish tarmoqlarida qo‘llaniluvchi topologiyalar ishonchliligining tayyorlik koeffisientini hisobga olgan holda, paketlarni o‘z vaqtida etkazish ehtimoligi hamda etkazishning o‘rtacha vaqt mezonlari asosida paketli kommutatsiya rejimlarining samaradorligini baholash usuli ishlab chiqilgan.
paketli kommutatsiya tugunining chiqish buferining yuklanganlik koeffisienti, tarmoq ishonchliligi va marshrutlash protokoli tomonidan hisoblangan metrikani hisobga olgan holda, samarali marshrut metrikasini tanlash imkonini beruvchi noravshan to‘plamlar asosida marshrutizatorning funksional modeli takomillashtirilgan.
ma’lumotlar uzatish tarmoqlarida marshrutizatorning interfeyslari yuklanganligini va ulardagi paketlarning navbatda kutish vaqt mezonlarini inobatga olgan holda noravshan ko‘p parametrli marshrut metrikasini shakllantirish asosida paketli kommutatsiya tugunining samaradorligini oshirish imkonini beruvchi marshrutlash algoritmlari ishlab chiqilgan.
marshrutizator funksional xususiyatlari va marshrut ishonchliligini hisobga olgan holda paketlarni tizimda bo‘lish vaqti va yo‘qolish ehtimollik mezonlari orqali ma’lumotlar uzatish tarmoqlarining samaradorligi baholash imkonini beruvchi noravshan to‘plamlarga asoslangan marshrutlash jarayonining imitatsion modeli yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ma’lumotlar uzatish tarmoqlarida noravshan to‘plamlar asosida marshrutlash model va algoritmlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
noravshan to‘plamlar asosida ko‘p parametrli marshrut metrikasini shakllantirish imkonini beruvchi marshrutizatorning ishlash algoritmi “O‘zbektelekom” AK Xorazm filialiga joriy qilingan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2024-yil 21-fevraldagi 33-8/1272-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida marshrutizator CPU yuklamasi oshgan holatlarda paketlarning o‘rtacha yo‘qolish ehtimoli an’anaviy marshrutlash algoritmiga qaraganda 9-10% gacha kamayishiga erishilgan;
noravshan to‘plamlar asosida marshrutizatorning  funksional modeli va metrikaga asoslangan marshrutlash algoritmlarini tadqiq qilish imkonini beruvchi dasturiy vosita “UNICON.UZ” MChJga joriy qilingan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2024-yil 21-fevraldagi 33-8/1272-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida O‘z DSt 3292:2018 “Telekommunikatsiyalar tarmoqlari. IP paketlarni marshrutlash uskunasi. Umumiy texnik talablar va nazorat qilish usullari” davlat standartiga muvofiq telekommunikatsiya tarmoqlarining ishlash samaradorligini oshirish hamda sifat parametrlarini yaxshilash imkoniyati yaratilgan;
ma’lumotlar uzatish tarmoqlarida paketli kommutatsiya rejimlarining samaradorligini marshrut ishonchlilik metrikasi asosida baholash imkonini beruvchi dasturiy vosita “Ist telekom” MChJ QKga joriy qilingan (Raqamli texnologiyalar vazirligining 2024-yil 21-fevraldagi 33-8/1272-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida ma’lumotlar uzatish tarmoqlarining ishonchlilik ko‘rsatkichiga qo‘yiladigan talablarni ta’minlash imkonini bergan. Shuningdek, ishlab chiqilgan algoritm yordamida tarmoqda bo‘lish umumiy vaqti o‘rtacha 3.5 marta kamayishiga erishilgan va kommutatsiya tugunlaridagi marshrutizator unumdorligini oshirish imkoniyati yaratilgan.

                

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish