Mo‘minova Aziza Arslonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Fransuz, o‘zbek va rus tillarida undovni ifodalovchi til birliklarining lingvomadaniy xususiyatlari», 10.00.06– Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B2017.1.PhD/Fil92.
Ilmiy rahbar: Teshabaeva Dilfuza Muminovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, DSc. 27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Shirinova Raima Xakimovna, filologiya fanlari doktori; Xudoybergenova Zilola Narbaevna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotningmaqsadi: fransuz, o‘zbek va rus tillaridagiundashni ifodalovchi til birliklarining lingvomadaniy xususiyatlarini tadqiq qilish va har biriga xos o‘xshash va farqli tomonlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: fransuz va rus madaniyatiga xos undash kategoriyasining qat’iyligi va majburiyligi fe’lning infinitiv shakli bilan bo‘rttirilishi, o‘zbek tilida andisha, hurmat, xushmuomalalik kabi qadriyatlarni aks ettiruvchi va undashni yumshatuvchi fe’l mayllari qo‘llanilishi aniqlangan;
fransuz, o‘zbek va rus tillarida undashni ifodalovchi til birliklarining lingvomadaniy xususiyatlari dastlab undash turlari va muloqot vaziyatidagi kommunikantlar mavqei bilan bog‘liqligi dalillangan;
undashni ifodalovchi preskreptiv, rekvestiv, suggestiv turlarning qo‘llanilishidagi o‘xshashlik qiyoslanayotgan tillarda fe’lning buyruq mayli shakllarida, undash semalariga ega maxsus so‘zlar yordamida hamda ot, ravish va undov so‘zlarning undashni ifodalab kelishida mujassamlashganligi badiiy matnlar misolida asoslangan;
fransuz, o‘zbek va rus tillarida nutq sohiblarining muomala-madaniyati va odob-axloqini aks ettiruvchi xushmuomalalik semalari hamda nutqiy etiket birliklari undash jarayonining asosiy omili ekanligi izohlangan;
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Fransuz, o‘zbek va rus tillarida undash kategoriyasining milliy‑madaniy xususiyatlarini aniqlashda ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:
chet tilini egallashning kompetensiyalari asosida undash kategoriyasining milliy-madaniy xususiyatlari filologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun mo‘ljallangan darslik mazmuniga singdirilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 27 noyabrdagi FTA-02-11/1192-son ma’lumotnomasi). Joriy etilgan materiallar fransuz, o‘zbek va rus tillarida undash kategoriyasining milliy o‘ziga xosliklarini ochib berishga xizmat qilgan.
ta’lim muassasalarida chet tillarini o‘rganish jarayonida fransuz va rus madaniyatiga xos undash kategoriyasining qat’iyligi va majburiyligi fe’lning infinitiv shakli bilan bo‘rttirilishi, o‘zbek tilida andisha, hurmat, xushmuomalalik kabi qadriyatlarni aks ettiruvchi va undashni yumshatuvchi fe’l mayllari qo‘llanilishining xususiyatlarini ochib berishga doir xulosalar Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 8 maydagi 124-son «Uzluksiz ta’lim tizimining chet tillar bo‘yicha Davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan me’yoriy hujjatlarni tayyorlashda foydalanildi (Xalq ta’limi vazirligi Respublika ta’lim markazining 2017 yil 19 dekabrdagi 01/11-01/07-1838-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan materiallar undashni ifodalovchi til birliklarining milliy madaniyatni xarakterlovchi “andisha”, “hurmat”, “xushmuomalalik” kabi qadriyatlar asosida fransuz, o‘zbek va rus madaniyatida qo‘llanilish xususiyatlarini ochib berishga xizmat qilgan.
turli tizimli tillarni o‘qitishning zamonaviy texnologiyalarini keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston milliy telerodiokompaniyasining «Yoshlar» teleradiokanali aksiyadorlik jamiyati qoshidagi «Bolajon» telekanalining «Quvnoq alifbo», «Kitoblar mamlakatida» nomli teleko‘rsatuv eshittirishlarida tadqiqot asosida ishlab chiqilgan usullardan foydalanilmoqda (O‘zbekiston milliy telerodiokompaniyasi «Yoshlar» teleradiokanalining 2017 yil 16 noyabrdagi 14-35-452-son ma’lumotnomasi). Dissertatsiyada keltirilgan buyruq, ruxsat, taqiq, iltimos, o‘tinch, ogohlantirish semalarining o‘zbek va rus tilida ifodalanishi hamda ularning muqobillarini topish, o‘zaro o‘xshash-noo‘xshash tomonlarini inobatga olish zarurligi ko‘rsatib berilgan.