Mamatxanova Charos Boxodirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bel radikulopatiyasida nogironlarning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi», 14.00.13–Nevrologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Tib74.
Ilmiy rahbar: Mirdjuraev Elbek Mirshavkatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, DSc.27.06.2017.Tib.31.01.
Rasmiy opponentlar: Raximbaeva Gul`nora Sattarovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Raimova Malika Muxammedjanovna, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bel radikulopatiyasi bo‘lgan nogironlarning tibbiy-ijtimoiy ekspertizasi va reabilitatsiyasi usullarini optimallashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
nogironlar tibbiy-ijtimoiy ekspertizasi va reabilitatsiyasida jismoniy-somatik va ruhiy-emotsional holati ko‘rsatkichlarining o‘zgarishi aniqlangan;
nogironlar umurtqa pog‘onasi klinik-funksional holati elektroneyromiografiya ko‘rsatkichlari o‘zgarishiga bog‘liqligi aniqlangan;
ilk bor bel radikulopatiyasi bo‘lgan bemorlarda nogironlik guruhlarini belgilashning ilmiy asoslangan ekspertiza mezonlari ishlab chiqilgan;
bel radikulopatiyasi natijasida nogiron bo‘lgan bemorlarda ildizli og‘riq sindromlari disk churrasi lokalizatsiyasiga bog‘liqligi asoslangan;
pastki paraparez va plegiya holati bo‘lgan bemorlarda ildizli og‘riq sindromlarini tashxislash, ekspertiza va reabilitatsiya usullari yordamchi vositalar tartibi bilan optimallashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bel radikulopatiyasida nogironlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Bel umurtqalari osteoxondrozi nevrologik asoratlarining klinikasi, kechishi, reabilitatsiyasining asoslari hamda nogironlik guruhlarini belgilash mezonlari» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 16 maydagi 8n-r/106-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma bel umurtqalari osteoxondrozi klinikasi, kasallik asoratlari va kechishi xususiyatlarini inobatga olgan holda nogironlik guruhini belgilashdagi mezonlarni to‘g‘ri tanlash hamda reabilitatsiya asoslariga tizimli yondashish imkonini beradi;
bel radikulopatiyasida nogironlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyalash uchun ishlab chiqilgan yangi yondashuvlar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash tizimiga, jumladan Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, Toshkent viloyati va Toshkent shahri Shifokorlar mehnat espertizasi klinik amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 29 maydagi 8n-d/110-son ma’lumotnomasi). Joriy qilingan natijalar bel radikulopatiyasida nogironlikni to‘g‘ri aniqlash, asoslangan klinik-funksional tashxislash orqali tibbiy ekspertiza sifatini oshirishga va yo‘naltirilgan tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya natijasida byudjetdan tashqari pensiya fondini 6,7% tejashga imkon yaratgan.