Mamutov Baxram Xojaniyazovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘arbiy Tyan-Shanda yopiq ildiz tizimli ko‘chatlardan madaniy o‘rmon barpo etishning o‘rmon-ekologik asoslari (O‘zbekiston hududida)”, 06.03.01 – O‘rmon ekinlari. Seleksiya, urug‘chilik va shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish. O‘rmonlar agromeliorasiyasi va himoya o‘rmonlarini barpo etish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.DSc/Qx276
Ilmiy rahbar: Berdiev Erkin Turdalievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04..
Rasmiy opponentlar: Kayimov Abduhalil, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Karimov Farxod Isamiddinovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Misirova Surayyo Abdumutalovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xuzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tog‘ sharoitida asosiy o‘rmon hosil qiluvchi igna va yaproq bargli daraxtlar ko‘chatlarini yopiq ildiz tizimli konteynerlarda etishtirishnig maqbul usuli hamda ushbu ko‘chatlar yordamida iqlim va tuproq sharoiti og‘ir bo‘lgan lalmi tog‘ qiyaliklarida madaniy o‘rmonzorlar barpo etish usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tog‘ qiyaliqlarida o‘rmon hosil qiluvchi igna va yaproq bargli daraxt ko‘chatlarini etishtirishda yopiq ildiz tizimli polietilenli konteynerning maqbul turi (“Zip-lock”) hajmi (15x20 sm) hamda tuproq oziqa substratining (55% o‘rmon tuprog‘i, 30% chirigan qo‘y go‘ngi, 15% daryo qumi) maqbul aralashmasi aniqlanib, ularni qo‘llash orqali ko‘chatlarning yillik o‘sishi yirik hajmli (15x25 sm) konteynerlarga nisbatan 1,7-2,1 barobarga (175-215% gacha) oshirilib, ko‘chatlarning ko‘karuvchanligini esa 83-91% da ta’minlanishi ilmiy asoslangan;
hajmi 15x20 sm ga teng “Zip-lock” polietilenli hamda 18x25 sm sintetik xaltachali yopiq ildiz tizimli konteynerlarda mahalliy tuproq oziqa substratini qo‘llab ekilgan kumushrang zarang urug‘larining unuvchanligi an’anaviy usulga (ko‘chatxonada ekilgan) nisbatan 1,0-1,1 barobarga (7,0-9,0% ga), ko‘chatlar o‘sishini esa 1,4-1,5 barobarga (141-156 % ga) oshirilgan;
“Zip-lock” polietilenli konteynerlarda etishtirilgan daraxt ko‘chatlarini chegaraviy dala nam sig‘imligiga nisbatan (ChDNS-23%) tuproq namligini 60-65-70% da saqlagan holda yomg‘irlatib sug‘orishni qo‘llash orqali suv sarfini an’anaviy (egatlab) sug‘orishga nibstan o‘rtacha gektariga 540-623 m3 gacha iqtisod qilinishi aniqlangan;
G‘arbiy Tyan-Shan tog‘ tizmasining o‘simlik o‘sish sharoiti og‘ir va suv tanqis bo‘lgan g‘arbiy va janubiy qiyaliklarida yopiq ildiz tizimli “Zip-lock” konteynerlarda etishtirilgan ko‘chatlarni chuqurchali (ko‘chat ildiz bug‘inini tuproqning yuza qatlamidan 20 sm chuqurga ekish) hamda tuproqlarda nam saqlovchi “KMS” gidrogelining tuproq og‘irligiga nisbatan 0,2% meyorini (bitta chuqurga 50-55 g) qo‘llab ekish uslullari yordamida mart-aprel oylarida ekilgan ko‘chatlarning ko‘karuvchanligini o‘rtacha 80-85% gacha, may oyida kechiktirib ekishda 61-93% gacha oshirishi ilmiy asoslangan;
g‘arbiy va janubiy tog‘ qiyaliklarida ekilgan yopiq ildiz tizimli ko‘chatlarning o‘sishi hamda o‘rmon bilan qoplanish (jipslashish) darajasini oshirishda mineral o‘g‘itning maqbul meyorini (N90R90K60) qo‘llash, ko‘chatlarning o‘sishini nazorat-o‘g‘isiz variantga nisbatan
1,3-2,0 barobargacha (129-202%) oshirib, ko‘chatlarning o‘rmon bilan qoplanish (jipslashish) muddatlarini esa 3-4 yilga jadallashtirishi isbotlangan;
g‘arbiy qiyalikda mineral o‘g‘itning sof holdagi N90P90K60 meyori + “KMS” gidrogelining 0,2% (bitta chuqurga 50-55 g) + “Uragan forte” gerbisidining gektariga 1200 ml meyorlarini birgalikda qo‘llash orqali tuproqning 50-75 sm qatlamida namlikni yoz oylarida (iyul, avgust, sentyabr) 4,5-4,7% ga oshirish hisobiga do‘lana va olma ko‘chatlarining o‘sib-rivojlanishini o‘g‘isiz (ishlovsiz) variantga nisbatan 6,4-7,2 barobarga (643-722%) oshirishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘arbiy Tyan-Shan tog‘ va tog‘oldi hududlarida asosiy o‘rmon hosil qiluvchi daraxtlarning (qrim qarag‘ayi, eman, do‘lana va olma) yopiq ildiz tizimli ko‘chatlarini etishtirish texnologiyalari va ulardan madaniy o‘rmon barpo etishning yangi usullarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
“O‘rmon xo‘jaliklari uchun o‘rmon daraxt ko‘chatlarini ildiz tizimi yopiq “Zip-lock” polietilen konteynerlarda etishtirishga oid” ilmiy tavsiyanoma tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024 yil 18 martdagi №03-03/3-2627-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyanoma o‘rmon xo‘jaliklarida yopiq ildiz tizimli daraxt ko‘chatlarini etishtirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
konteynerning maqbul “Zip-lock” turi, hajmi (15x20 sm), maqbul tuproq substrati (55% o‘rmon tuprog‘i, 30% qo‘y go‘ngi, 15% daryo qumi), ko‘chatlarni sug‘orishning maqbul usuli (yomg‘irlatib) hamda meyorlarini (25-30 l/m2) qo‘llash ishlanmasi Toshkent viloyati Ohangaron va Saksanota hamda Jizzax viloyati Zomin davlat o‘rmon xo‘jaliklarining ko‘chatxonalarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024 yil 18 martdagi №03-03/3-2627-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida konteyner usulida 11 000 tup ko‘chatlari etishtirilib, ko‘chat etishtirish samaradorligi 1,7-2,1 barobargacha (175-215% ga) oshirilgan;
tog‘ qiyaliklarida madaniy o‘rmon barpo etishda yopiq ildiz tizimli ko‘chatlarni chuqurchali va “KMS” gidrogelining 0,2% meyorini qo‘llab ekish, ekilgan daraxt ko‘chatlarning o‘sishini jadallashtirishda mineral o‘g‘itning sof holda gektariga N90R90K60 va N120P180K90 meyorlarini yakka hamda mineral o‘g‘itning gektariga N90R90K60 meyori, “KMS” gidrogelining 0,2% (har bir tupga 50-55 g) hamda “Uragan forte” gerbisidining 1200 ml/ga meyorlarini birgalikda kompleks qo‘llash texnologiyalari Toshkent viloyati Ohangaron davlat o‘rmon xo‘jaligining 1,5 ga, Saksonota davlat o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarish korxonasining 1,0 ga hamda Jizzax viloyati Zomin davlat o‘rmon xo‘jaligining 1,7 ga maydonida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024 yil 18 martdagi №03-03/3-2627-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida tog‘ qiyaliklarida ekilgan ko‘chatlarning ko‘karuvchanligi 75-80% gacha, ko‘chatlarning o‘sishi esa 1,3-2,0 barobargacha (129-202%) oshirilib, ko‘chatlarning o‘rmon bilan qoplanish (jipslashish) muddatlari esa 3-4 yilga jadallashgan.