Babakulov Zafar Qurbonnazarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Tovar belgilaridan foydalanish va muhofaza qilishni fuqarolik-huquqiy tartibga solish», 12.00.03–Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Yu109.
Ilmiy raxbar: Omonboy Oqyulov, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.27.06.2017.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Samarxodjaev Batir Bilyalovich, yuridik fanlar doktori, professor; Djoldasova Saxipjamal Djalgasovna, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tovar belgilaridan foydalanish va muhofaza qilishdagi munosabatlarni ilmiy tahlil qilish asosida fuqarolik-huquqiy tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bevosita tovar belgisining egasi tomonidan yoki uning roziligi bilan fuqarolik muomalasiga qonuniy tarzda kiritilgan tovarlarga nisbatan tovar belgisidan boshqa shaxslarning foydalanishi mazkur tovar belgisiga doir mutlaq huquqning buzilishi bo‘lmasligi asoslangan;
tovar belgilarini yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatish noto‘g‘ri taqqoslash sifatida baholanishi va huquqiy javobgarlik keltirib chiqarishi asoslangan;
tovar belgilariga o‘xshash belgilardan qonunga zid ravishda foydalanish, realizatsiya qilish, ularni tovarlarda, etiketlarda, o‘rovlarda joylashtirish yo‘li bilan sotish va boshqacha usulda fuqarolik muomalasiga kiritish huquqbuzarlik deb e’tirof etilishi asoslangan;
fuqarolik muomalasiga avvalroq kiritilgan tovarga nisbatan belgi bilan aynan o‘xshash yoki adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish insofsiz raqobat sifatida baholanishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda tovar belgilaridan foydalanish va muhofaza qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
bevosita tovar belgisining egasi tomonidan yoki uning roziligi bilan fuqarolik muomalasiga qonuniy tarzda kiritilgan tovarlarga nisbatan tovar belgisidan boshqa shaxslarning foydalanishi mazkur tovar belgisiga doir mutlaq huquqning buzilishi hisoblanmasligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1107-1-moddasida hamda O‘zbekiston Respublikasining 2001 yil 30 avgustda qabul qilingan «Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida»gi 267-II-sonli Qonuni 26-moddasi to‘rtinchi qismida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2018 yil 19 iyundagi 06-16/826-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif tovar oldi-sotdi munosabatlarida tovar belgisi egasining roziligi bilan boshqa shaxslarning foydalanishini qonunga zid emasligini kafolatlashga xizmat qilgan;
boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektga zarar keltirishi yoki uning ishchanlik obro‘siga putur etkazishi mumkin bo‘lgan noto‘g‘ri taqqoslashlar, xususan xo‘jalik yurituvchi sub’ektning tovarini xolisona tasdiqqa ega bo‘lgan tavsiflarni yoki taqqoslash parametrlarini ko‘rsatmagan holda tovarning ustunligi haqida taassurot hosil qiluvchi so‘zlardan yoki belgilardan foydalanish orqali boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektning (raqobatchining) o‘zga tovari bilan taqqoslash yoxud ko‘rsatilgan so‘zlarni yoki belgilarni o‘z ichiga olgan tasdiqlar yolg‘on, noaniq bo‘lgan yoki buzib ko‘rsatilgan hollar noto‘g‘ri taqqoslash ekanligiga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining 2012 yil 6 anvardagi «Raqobat to‘g‘risida»gi O‘RQ-319-sonli Qonunining 13-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2018 yil 19 iyundagi 06-16/826-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif iste’molchilarning kontrafakt mahsulotlarni sotib olishdan himoya qilishga xizmat qilgan;
yuridik shaxsning intellektual faoliyati natijalaridan va ularga tenglashtirilgan individuallashtirish vositalaridan, tovarni individuallashtirish vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanilgan holda tovarni realizatsiya qilish, shu jumladan tovarni xo‘jalik yurituvchi sub’ektning (raqobatchining) tovar belgisiga, firma nomiga o‘xshash bo‘lgan yoxud adashtirib yuborish darajasida u bilan o‘xshash bo‘lgan belgidan uni tovarlarda, etiketkalarda, o‘rovlarda joylashtirish yo‘li bilan yoki sotilayotgan yoxud fuqarolik muomalasiga o‘zgacha tarzda kiritilayotgan tovarlarga nisbatan tovar belgisidan boshqacha tarzda foydalanish yo‘li bilan, shuningdek, ushbu belgidan domen nomida foydalanish orqali qonunga xilof ravishda foydalanilgan holda realizatsiya qilish alohida turdagi huquqbuzarlik sifatida qaralishi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining «Raqobat to‘g‘risida»gi O‘RQ-319-sonli Qonunining 13-moddasi birinchi qismi 2-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2018 yil 19 iyundagi 06-16/826-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif tovar belgisi ustunligini ta’minlagan holda u bilan bir xil yoki o‘xshash belgilardan uchinchi shaxslar foydalanish holatlarining oldini olishga xizmat qilgan;
yuridik shaxsni individuallashtirish vositalariga, tovarni individuallashtirish vositalariga bo‘lgan mutlaq huquqni olish, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’ekt (raqobatchi) tomonidan avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan tovarga nisbatan belgi bilan aynan o‘xshash yoki adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq insofsiz raqobatga yo‘l qo‘yilmaydi, mazmunidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining «Raqobat to‘g‘risida»gi O‘RQ-319-sonli Qonunining 13-moddasi ikkinchi qismida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2018 yil 19 iyundagi 06-16/826-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif tovar bozorida sog‘lom raqobat muhitini qaror toptirishga xizmat qilgan.