Nasrullaeva Nafisa Zafarovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ingliz va o‘zbek tillarida olamning frazeologik manzarasidagi gender konseptlarining shakllanishi», 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik, tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B 2018.1.DSc/Fil31.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Andijon davlat universiteti, DSc.26.04.2018.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Mamatov Abdi Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori, professor; Raximov G‘anisher Xudoyqulovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Syuy Xun, filologiya fanlari doktori, Shanxay xorijiy tadqiqotlar universiteti professori.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: olamning ingliz va o‘zbek frazeologik manzaralarida gender konseptlar shakllanishi jarayonining mohiyatini ochib berish hamda ularning universal va milliy-madaniy xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz va o‘zbek tillari frazeologik tizimidagi gender ko‘rsatkichli birliklarni tanlab olish va tasniflash uchun shaxs olmoshlari faollashuviga asoslangan grammatik, suffikslar iste’molida namoyon bo‘ladigan morfologik, atoqli va turdosh otlar qo‘llanilishiga tayanadigan leksik va lug‘aviy ma’noga nisbatan farqlanadigan semantik mezonlar shakllantirilgan;
qiyoslanayotgan tillar frazeologiyasi materiali zamirida gender konseptlari shakllanish jarayonining til birliklarining leksik ma’nosini aks ettiruvchi semantik, komponentlarning tasavvuriy ma’nosi bilan bog‘liq assotsiativ va ekstralingvistik bilimlarga asoslangan konseptual bosqichlarda kechishi isbotlangan;
tahlil qilinayotgan tillarning frazeologik birliklari tuzilmasida gender komponent etimologiyasi aniqlangan hamda ular semantikasining kognitiv, milliy-madaniy, tarixiy-etimologik xususiyati yoritilgan;
frazeologik birliklarining semantik, antropotsentrik, kognitiv, lingvomadaniy belgilariga tayangan holda ajratiladigan gender semantikaning turlari hamda erkak va ayollarning tashqi ko‘rinishi, yoshi, oilaviy va ijtimoiy mavqei, intellektual va shaxsiy xususiyatlarini namoyon qiluvchi parametrlari va adabiyot, jug‘rofiya, madaniyat, tarix va kundalik hayotga oid bilim strukturalari tasnifi ishlab chiqilgan;
ingliz va o‘zbek tillari frazeologik birliklarida faollashadigan gender ma’nosini bevosita voqelantiruvchi denotativ semantika, qarama-qarshi jins denotatiga tegishli zidlanuvchan semantika, tagma’noli gender komponentining metaforik ko‘chimiga asoslangan ko‘chma ma’no va gender ko‘rsatkichli frazeologik birlikda mavjud bo‘lgan gender ma’nosining yo‘qolishidan iborat neytrallashtiruvchi semantikasi ajratilgan;
tadqiq qilinayotgan tillardagi gender ko‘rsatkichli frazeologik birliklarning faollashuvida namoyon bo‘ladigan leksik va semantik nuqtai nazaridan o‘xshashlik, grammatik, morfologik va lisoniy-madaniy nuqtai nazaridan esa farqli tomonlari (izomorf va allomorf xususiyatlari) aniqlangan;
ijtimoiy va oilaviy munosabatlar doirasidagi erkaklar va ayollarning gender rollari qiyoslangan hamda ingliz va o‘zbek frazeologik tizimining chog‘ishtirma o‘rganilishi asosida gender konseptlarining shakllanishida ingliz va o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari, tafakkuri, an’analarini aks ettiradigan etnomadaniy xususiyatlari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ishlab chiqilgan parametrlar asosida ingliz va o‘zbek frazeologiyasida gender konseptlarining shakllanishi va ularning tarixiy-ijtimoiy va milliy-madaniy o‘ziga xosligini aniqlash asosida:
qiyosiy-chog‘ishtirma tahlil jarayonida ingliz va o‘zbek frazeologik birliklarida aniqlangan derivatsion xususiyatlar «Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari» mavzusidagi OT–F8–062 raqamli fundamental tadqiqot loyihasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 21 iyundagi 89-03-2353-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi tillarning o‘ziga xos milliy xususiyatlarini aniqlash va ularning tillararo derivatsion munosabatlarini o‘rganish imkonini bergan;
olamning ingliz frazeologik manzarasida erkak va ayol andazalarini ishlab chiqilgan parametrlarga asoslangan holda tadqiq qilish modelidan London Metropoliten universitetining gumanitar va ijtimoiy fanlar fakul`tetida leksikografiya, stilistika, sotsiolingvistika va tarjima nazariyasi yo‘nalishlaridagi ilmiy tadqiqotlarni olib borish uchun foydalanilgan (London Metropoliten universitetining 2016 yil 15 avgustdagi ma’lumotnomasi). Ingliz frazeologiyasi materiali asosida “erkak” va “ayol” konseptlari shakllanishining ishlab chiqilgan parametrlari gender tilshunosligining rivojlanishiga ulush qo‘shgan;
idiomatik ifodalarni o‘rganish, nutqda ulardan to‘g‘ri foydalanishga oid materiallar hamda ingliz, rus va o‘zbek til birliklarining qiyosiy tahlili “Ingliz tilining amaliy kursi” fanini o‘rganish uchun mo‘ljallangan “5120100-Filologiya va tilni o‘qitish (ingliz tili)” bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha davlat ta’lim standartiga kiritilgan (O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 2018 yil 20 iyundagi 01/1036-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan materiallar ingliz frazeologik birliklarini samarali o‘rganishga, ularni ingliz tilidan rus va o‘zbek tillariga to‘g‘ri tarjima qilishga xizmat qilgan;
ingliz va o‘zbek gender ko‘rsatkichli frazeologik birliklarni komponent tahlil qilish jarayonida olingan natijalardan I-204-4-5 raqamli “Ingliz tili mutaxassislik predmetlaridan axborot-kommunikatsion texnologiyalari asosida virtual resurslar yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etish” nomli innovatsion tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 18 sentyabrdagi 89-03-3417-son ma’lumotnomasi). Ingliz tili gender ko‘rsatkichli frazeologik birliklarni umumiy frazeologik zaxiradan ajratib olish uchun taklif etilgan mezonlar, ularning strukturasidagi gender komponentini leksik nuqtai nazardan tahlil qilish natijalari ularning semantik ma’nosini chuqur o‘rganish imkonini bergan va ingliz tili leksikasi va frazeologiyasiga doir virtual resurslar yaratishga oid metodik tavsiyalarni shakllantirishda nazariy asos bo‘lgan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi gender belgili frazeologik birliklarning nutqiy faollashuvi bo‘yicha olingan natijalardan Camarqand viloyat teleradiokompaniyasining «Uyimdagi xazina» ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining 2018 yil 20 sentyabrdagi 09-02/438-son ma’lumotnomasi). Bu esa frazeologik birliklarning semantik mohiyatiga oid to‘plangan ma’lumotlardan bolalarga ingliz va o‘zbek tilini o‘rgatishda keng foydalanish imkoniyatini yaratgan.