Rabbimova Dilfuza Tashtemirovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Go‘dak bolalarda sepsisning rivojlanish omillarini, diagnostikasini, davolash va reabilitatsiyasini kompleks baholash», 14.00.09–Pediatriya va 14.00.35–Bolalar xirurgiyasi (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.DSc/Tib67.
Ilmiy maslahatchilar: Alimov Anvar Valievich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Shamsiev Azamat Muxitdinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, DSc.27.06. 2017.Tib.29.01.
Rasmiy opponentlar: Shamsiev Fazliddin Sayfievich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Vaxidov Alisher Shavkatovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Musaxodjaeva Diloram Abdullaevna, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: S.D. Asfendiyarov nomidagi Qozoq milliy tibbiyot universiteti (Qozog‘iston Respublikasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: go‘daklarda sepsisning xavf omillarini aniqlash, erta tashxislash mezonlarini ishlab chiqish, davolash va reabilitatsiya taktikasini optimallashtirish orqali davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor uchuvchan moyli kislotalari va qo‘zg‘atuvchilarga antigen bog‘lovchi limfotsitlarni aniqlash orqali go‘dak bolalarda sepsis etiologik omilini tashxislashga bo‘lgan yangicha yondashuv takomillashtirilgan;
go‘daklarda respirator, oshqozon-ichak va asab tizimi shikastlanishi bilan namoyon bo‘lgan tizimli yallig‘lanish sindromi va poliorgan etishmovchilik rivojlanishi isbotlangan, poliorgan etishmovchilikni tashxislash va ularning endotoksikoz ko‘rsatkichlari bilan bog‘liqligini ko‘rsatishda to‘qimalarga antigen bog‘lovchi limfotsitlarni aniqlashning yuqori diagnostik samaradorligi asoslangan;
MNS perinatal shikastlanishi bo‘lgan sepsisli go‘daklarda vegetativ muvozanati regulyasiyasining parasimpatik bo‘g‘in susayishi va simpatik bo‘g‘in o‘ta taranglashuvi tomon og‘ishi natijasida organizmning avval-boshdanoq zaiflashuvining o‘rni isbotlangan;
maxsus laborator tashxis mezonlari ishlab chiqilgan hamda endogen intoksikatsiya, leykotsitlar spontan aglomeratsiyasi va neytrofillar yadroli segmentatsiya ko‘rsatqichlari aniqlangan;
ilk bor go‘daklarda sepsisda immun va sitokin maqomlarning xarakterli o‘zgarishlari, IL-1Ra interleykin reseptorli antogonisti miqdorining immunsupressor reaksiyalari ustuvorligidan darak beruvchi CD8+ va CD3+-limfotsitlari bilan bog‘liqligi aniqlangan;
ichaklar selektiv dekontamenatsiyasi, neyroproteksiya, qonni ul`trabinafsha nurlantirish va diskret plazmaferez kabilarni o‘z ichiga olgan go‘daklarda sepsisni differensial davolashning patogenetik asoslangan dasturlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
go‘daklarda sepsisni tashxislash va davolashni takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
«Go‘daklardagi sepsisda moslashuv mexanizmlarini baholashning tashxislash ahamiyati» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2011 yil 22 noyabrdagi 8p-r/181-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma sepsis kechishining og‘irlik darajasini aniqlash va kasallik kechishini bashorat qilish imkonini bergan;
«Go‘daklarda sepsisni davolash taktikasini takomillashtirish» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2016 yil 2 martdagi 8p-/16-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma davolash natijalarini sezilarli oshirish, kasal bolaning antigen yuklamasini pasaytirish, ichaklarning tabiiy detoksikatsiya qobiliyatini tiklash va bemorlarning moslashuv imkoniyatlarini yuqori bosqichga ko‘tarish imkonini bergan;
go‘daklarda sepsisni tashxislash va davolashni takomillashtirish va davolash samaradorligini oshirishga qaratilgan tadqiqot natijalari sog‘liqni saqlash amaliyoti, jumladan, Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Samarqand tibbiyot instituti 1-son klinikasi, Samarqand viloyati Toyloq tumani tibbiyot birlashmasining klinik amaliyotiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2016 yil 2 martdagi 8p-/16-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga joriy qilinishi sepsis bilan kasallangan go‘daklardagi o‘lim ko‘rsatkichini 15,4% dan 4,8% gacha, shifoxonada davolanish muddatini 3,9 kunga kamaytirish imkonini bergan.