Jo‘raqo‘ziev Nodirbek Imomqo‘zievichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qadimgi turkiy yozma yodgorliklarda kosmogonik mifologiya”, 10.00.08–Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil194.

Ilmiy rahbar: Rahmonov Nasimxon Asqarovich, filologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.

Rasmiy opponentlar: Turdimov Shomirza G‘anievich, filologiya fanlari doktori; Jumaniyozov Bahrom Matkarimovich, filologiya fanlari nomzodi.

Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: qadimgi turkiy yozma yodgorliklardagi kosmogonik mifologiyaga oid matnlarni qiyosiy o‘rganish, ramziy obrazlar zaminidagi mif syujetlarini va ulardagi kosmogonik tasavvurlarni yoritish, shuningdek, turkiy xalqlar ertak va eposlariga qadimgi turkiy yozma yodgorliklarni qiyoslash asosida qadimgi turkiy kosmogonik panteonni hamda uch qavatli olam modelini qadimgi turk-budda, moniylik, Ko‘k Tangri, Shomonlik matnlari asosida yoritishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

qadimgi turkiy yozma yodgorliklari, “Oltun yorug‘”, “Xuastuanift”, turkiy-run yozma yodgorliklari, “Irq bitik” va moniylik folnomalaridagi kosmogonik miflar umumturkiy, ayni paytda, o‘zbek mifologiyasining tayanch manbalaridan biri ekanligi asoslangan;

“Oltun yorug‘”, “Xuastuanift”, turkiy-run yozma yodgorliklari, “Irq bitik” va moniylik folnomalaridagi kosmogonik miflar fabulasiga asoslangan holda uch qavatli olam modeli haqidagi qadimgi turkiy qavmlar tasavvurlari tiklangan;

“Xuastuanift”da samoviy kul`t – Quyosh va Oy obrazlarining udumlar, marosimlar va urf-odatlar bilan bog‘liqligi asoslangan;

qadimgi turkiy she’rlardagi Kun Tangri, Oy Tangri obrazlarining semantik xususiyatlari va ularning qadimgi turkiy kosmogonik mifologiyadagi roli dalillangan;

qadimgi turkiy yozma yodgorliklardagi samoviy jismlar kul`ti turkiy xalqlar fol`klori namunalari, mif va afsonalari bilan qiyosiy o‘rganilib, semantik-funksional jihatlari ochib berilgan;

qadimgi turkiy yozma yodgorliklardagi Quyosh va Oy kul`tining shomonlik, moniylik, buddaviylik aqidalaridagi umumiy va juz’iy xususiyatlari oydinlashtirilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Qadimgi turkiy yozma yodgorliklarda kosmogonik mifologiya mavzusini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

qadimgi turkiy kosmogonik mifopoetikadagi “hayot daraxti”, “dunyo tog‘i”, “uch qavatli olam modeli” kabi mifologemalarga oid ilmiy-nazariy qarashlardan hamda O‘zbek mifologiyasi tarixi bilan aloqador fikrlardan “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligining o‘ttiz, o‘ttiz birinchi (“Avazxon”: dostonlar) jildlarida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2018 yil 15 fevraldagi 3/1255-417-son ma’lumotnomasi). Natijada “Avazxonning keltirilishi” dostoni variantlarini tekstologik tahlil qilish, dostonlarning syujet tizimidagi an’anaviy motivlarning mifologik asoslari va genezisi oydinlashtirilgan, ilmiy natijalarning qo‘llanishi asosida ilmiy izohlar tuzilgan, o‘zbek fol`klori bilan bog‘liq o‘rinlar tahlil qilingan;

O‘zbek bolalar o‘yinlari va mifologik asoslarini o‘rganish, qadimgi turkiy yozma yodgorliklarda, xususan, “Kul tegin”, “Elgesh” yodgorligi, “Irq bitik”dagi kosmogonik mifologik obrazlar, olamni paydo bo‘lishi va qurilishi haqidagi mifologik tasavvurlar bo‘yicha keltirilgan taklif va yangi yondashuvlar xorijiy jurnallarda (Turkish Studies. International Periodical for the Languages, Literature and History of Turkish or Turkic. 2017. Volume 12/22. DOI Number: http: // dx. doi. Org / 10. 7827 / Turkish Studies.12309. ISSN: 1308-2140; Vestnik Buryatskogo gosudarstvennogo universiteta. Gumanitarnie issledovaniya Vnutrenney Azii. 2017. Vip. 1. UDK 811:299.4. Doi: 10.18101/2305-753X-2017-1-16-2; Vestnik Buryatskogo gosudarstvennogo universiteta. Gumanitarnie issledovaniya Vnutrenney Azii. 2017. Vip. 4. UDK 396.11. Doi: 10.18101/2305-753X-2017-4-21-40) Turkiya va Sibir xalqlari mifologiyasini tadqiq qilishda foydalanilgan. Ilmiy natijalardan foydalanish o‘zbek va turk bolalar o‘yinlari va mifologik qatlamidagi parallellik, qadimgi turkiy yozma yodgorliklardagi uch olam modeli, kosmogonik mifologik jarayonlar, Erlik, Umay kabi mifologik obrazlarni batafsil tadqiq qilish imkonini bergan;

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Til ziynati” ko‘rsatuvi, “O‘zbekiston” radiokanali “Mangu xazina” eshittirishida o‘zbek tilidagi mifologik atamalar, ertaklardagi mifologik qahramonlar ismlari, turli urf-odat va bayramlar bilan bog‘liq eski inonchlarga tegishli tushunchalar izohida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2018 yil 2 fevralidagi 05-15/790-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ko‘rsatuv va eshittirishlarning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan va muxlislar mif, mifologik tasavvurlar va ularning udum va urf-odatlar bilan bog‘liqligi haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘lganlar.

Yangiliklarga obuna bo‘lish