Davletov Sanjarbek Rajabovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «XX asr ikkinchi yarmi – XXI asr boshida O‘zbekistondagi ekologik vaziyat va uning ijtimoiy muammolari», 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Tar5.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
Ilmiy maslahatchi: Alimova Dilorom Agzamovna, tarix fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Rasulov Abdulla Nuritdinovich, tarix fanlari doktori, professor; Oblamurodov Naim Xalimovich, tarix fanlari doktori; Aimbetov Nagmet Kallievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Nukus davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: XX asr ikkinchi yarmi – XXI asr boshida O‘zbekistondagi ekologik vaziyatini zamonaviy yondashuvlar asosida xolisona o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sovet davrida ishlab chiqaruvchi kuchlarni joylashtirish va rivojlantirishning tabiatdan foydalanish qonuniyatlariga asoslanmaganligi oqibatida respublikada «tabiat-aholi-xalq xo‘jaligi» tizimi muvozanati izdan chiqqanligi ochib berilgan;
ma’muriy buyruqbozlik tizimi sharoitida ijtimoiy ekologiya masalalarining nazardan chetda qolganligi aholi salomatligi va ijtimoiy turmush darajasining pasayishiga, aholi genofondini xavf ostida qolishiga olib kelganligi isbotlab berilgan;
O‘zbekiston Respublikasidagi ekologik xavflarning global, mintaqaviy, milliy va mahalliy xususiyatlari iqlim o‘zgarishi, Orol va Orolbo‘yi muammolari, atrof-muhit va tabiiy resurslardan foydalanishning tashqi (transchegaraviy) va ichki muammolari orqali ko‘rsatib berilgan;
mustaqillik yillarida sohada transformatsion jarayonlarga olib kelgan ekologik siyosatning tashkiliy-huquqiy asoslari va strategik yo‘nalishlarining mohiyati tizimli ravishda ochib berilgan;
mamlakatda barqaror taraqqiyot tamoyillari asosida iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik vazifalarning uyg‘unlashuvi ekologik xavf darajasi yuqori bo‘lgan hududlardagi ekotizimlarning barqarorlashishiga, aholi salomatligi va turmushi uchun qulay sharoitlar yaratilishiga xizmat qilganligi asoslab berilgan, aholi va uning ehtiyojlari tez sur’atlarda o‘sishi sharoitida barqaror taraqqiyot asoslarini mustahkamlashning istiqboldagi vazifalari ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
XX asr ikkinchi yarmi – XXI asr boshida O‘zbekistondagi ekologik vaziyat va uning ijtimoiy muammolariga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
sovet davrida xomashyoviy xarakter kasb etgan ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi oqibatida yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan «Barqaror taraqqiyot va tabiatdan foydalanish asoslari» darsligini yaratishda foydalanilgan. Mazkur darslik oliy o‘quv yurtlarining barcha ta’lim yo‘nalishlari uchun tavsiya etilgan (25.08.2016 y., 335-060-con guvoxnoma). Bu «Barqaror rivojlanish maqsadlarida ta’lim bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Konsepsiyasi» vazifalaridan kelib chiqqan holda barqaror taraqqiyot tamoyillarini ta’lim jarayoniga integratsiyalashda muhim manba sifatida xizmat qilagan;
sovet tuzumining respublikadagi ekologik-iqtisodiy holatga noto‘g‘ri yondashuvi oqibatida shakllangan ijtimoiy-ekologik muammolar haqidagi ma’lumotlar Xorazm Ma’mun akademiyasi qoshidagi «Xorazm tarixi va madaniyati» doimiy ekspozisiyasining «Sovet davri bo‘limi»dagi «Paxta yakkahokimligi siyosatining oqibatlari va ekologiya inqirozi» burchagini qayta shakllantirish va ma’lumotlar bilan boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2017 yil 25 dekabrdagi 3/1255-2663-son ma’lumotnomasi). Bu ma’lumotlar respublikaning sovet davri tarixini yanada chuqurroq anglashga yordam beradi;
O‘zbekistondagi ekologik xavfsizlik va unga tahdid soluvchi global, mintaqaviy va milliy omillar tahlilidan olingan natijalar «Barqaror taraqqiyot va tabiatdan foydalanish asoslari» yangi o‘quv kursini oliy o‘quv yurtlariga tatbiq qilish mavzusidagi GEF/KGD ilmiy tadqiqot loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan (Global ekologik fond Kichik grantlar dasturining O‘zbekistondagi milliy koordinatorining 2016 yil 20 maydagi SGP/OL/016/008-son ma’lumotomasi). Bu barqaror taraqqiyot masalalari bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari pedagoglari uchun trening materiallarini yaratishga hissa qo‘shgan;
mustaqillik yillaridagi ekologik xavfsizlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan transformatsion jarayonlar haqidagi ilmiy xulosalar Xorazm viloyatidagi hududiy dasturni amalga oshirishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2017 yil 30 martdagi RF-02/10-2102-son ma’lumotnomasi). Bu aholi orasida tabiatni muhofaza qilish maqsadlariga yo‘naltirilgan targ‘ibot-tashviqotlar doirasida qo‘llanma va tarqatma materiallarini yaratish, teleko‘rsatuvlar, davra suhbatlari va ekologik aksiyalar tashkil etishga xizmat qilgan;
tadqiqotda keltirilgan suv va er resurslaridan foydalanish bo‘yicha materiallardan «Xorazm viloyatida er va suvdan foydalanishning iqtisodiy va ekologik qayta qurish» mavzusidagi ZEF/YuNESKO xalqaro ilmiy tadqiqot loyihasi doirasida elektron ma’lumotlar bazasini yaratish hamda ilmiy maqola va qo‘llanmalarni chop qilishda foydalanilgan. (ZEF/YuNESKO xalqaro loyihasi milliy koordinatorining 2011 yil 10 dekabrdagi 372/2011-son ma’lumotnomasi). Bu O‘zbekistonning shimoliy hududida aholining turli qatlamlari, xususa, yoshlarning ekologik bilimlarini oshirishga xizmat qilgan;
tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha ilmiy xulosalardan KRASS – Xorazm Agro-maslahat markazi tomonidan iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida er va suv resurslaridan samarali foydalanishda innovatsiyalarni taqdim qilish, qishloq aholisining yashash sharoitini yaxshilashga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirishda, xususan, BMTning «Orol fojiasidan zarar ko‘rgan aholi turmush tarzini yaxshilash» qo‘shma loyihasi doirasida amaliy seminar-treninglarni tashkil etishda foydalanilgan. (KRASS markazining 2016 yil 9 iyundagi №38/2016-son dalolatnomasi). Bu Quyi Amudaryo hududida aholining turli qatlamlari orasida ekonovatsiyalarni ommalashtirishga hissa qo‘shgan.