Xurmamatov Abdugoffor Mirzabdullaevichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Neft`-gaz kondensati xomashyosini mexanik qo‘shimchalardan chuqur tozalash jarayonini takomillashtirish», 02.00.08–Neft` va gaz kimyosi va texnologiyasi (texnika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/T80.

Ilmiy maslahatchi: Salimov Zokirjon, texnika fanlari doktori, professor, akademik.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.T.04.01.

Rasmiy opponentlar: Yunusov Miraxmad Po‘latovich, texnika fanlari doktori, professor; Li Robert Chanirovich, texnika fanlari doktori; Gulyamov Shuxrat Mannapovich, texnika fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Buxoro muxandislik-texnologiya instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II.Tadqiqotning maqsadi: neft` va gaz kondensati xomashyosini mexanik qo‘shimchalardan chuqur tozalash jarayonini ishlab chiqilgan qobariqsimon gidrotsiklon qurilmasini qo‘llash orqali takomillashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

neft` va gaz kondensati aralashmalarini qattiq mexanik qo‘shimchalardan tozalash jarayonida zarrachalar o‘lchamlarining gravitatsiya va markazdan qochma kuch maydonlarida cho‘kish tezligiga qiyosiy ta’siri aniqlangan;

neft` va gaz kondensati aralashmalari tarkibidan ajratib olinayotgan qattiq mexanik zarrachalarni gidrotsiklonning qobariqsimon quyi qismi balandligi bo‘ylab o‘lchamlari bo‘yicha taqsimlanish qonuniyati o‘rnatilgan;

tarkibida neft` va gaz kondensatining o‘zaro nisbatlari 10%dan to 90%gacha bo‘lgan aralashmalarda muhitning fizik-kimyoviy xususiyatlarini qattiq zarrachalarning harakat rejimi va gidrotsiklonning rejimli ko‘rsatrichlariga ta’siri aniqlangan;

gidrotsiklonda yuzaga keluvchi muhitning turbulent oqimi ta’sirida qattiq zarrachalarning koagulyasiyalanish mexanizmi ochib berilgan;

markazdan qochma kuch maydonida suyuq uglevodorodlarni qattiq mexanik qo‘shimchalardan tozalash jarayonining optimal gidrodinamik rejimlari aniqlangan;

aralashmaning aylanma oqimidagi muallaq zarrachalar diametri va gidrotsiklonning qobariq quyi qismi balandligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ifodalovchi tenglama ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Uglevodorod aralashmalarini mexanik qo‘shimchalardan chuqur tozalash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

neftgazkondensat aralashmalarini mexanik qo‘shimchalardan tozalashning jadal texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha VII Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi bilan  xo‘jalik shartnomasi tuzilgan (2014 yil 24 aprelda 14/10 raqam bilan ro‘yxatga olingan). Natijada issiqlik va moddaalmashinish jarayonlarini 20-30%ga oshirish, energetik xarajatlarni 25%ga qisqartirish imkonini bergan;

neftgazkondensati aralashmalarini mexanik qo‘shimchalardan tozalash uchun gidrotsiklon qurilmasi Buxoro neftni qaytash ishlash zavodida amaliyotga joriy etilgan («O‘zbekneftegaz» AJning 2017 yil 6 dekabrdagi 12-2-190-son ma’lumotnomasi). Natijada rektifikatsion kolonnalar tarelkalariga o‘tirib qoluvchi qasmoqlar yig‘ilib qolishining oldini olish imkonini bergan;

markazdan qochma kuch maydonida ishlovchi qobariqsimon gidrotsiklon qurilmasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodida amaliyotga joriy etilgan («O‘zbekneftegaz» AJning 2017 yil
6 dekabrdagi 12-2-190-son ma’lumotnomasi). Natijada  tozalangan xomashyo tarkibidagi mexanik qo‘shimchalar miqdorini 0,1%dan 0,02%ga kamaytirish imkoniyati yaratilgan; 

suyuq uglevodorod aralashmalarini mexanik qo‘shimchalardan tozalash uchun samaradorligi yuqori bo‘lgan gidrotsiklon qurilmasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodida amaliyotga joriy etilgan (“O‘zneftmahsulot” AJning 2018 yil 26 fevraldagi  20/11-134-son ma’lumotnomasi). Natijada issiqlik almashinish qurilmalarining ichki devor yuzalariga yig‘ilib qoluvchi qasmoqlarning oldini olish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish