Amanova Guzal Ikromovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Janubiy Orolqumda tarqalgan Nitraria schoberi L. o‘simligining kimyoviy tarkibi va in vitro sharoitida kuchli sho‘rlanish muhitiga adaptatsiyalash biotexnologiyasi», 02.00.10 – Bioorganik kimyo (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/B588.
Ilmiy rahbar: Ziyavitdinov Jamolitdin Fazlitdinovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bioorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bioorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019.K/V.37.01.
Rasmiy opponentlar: Qo‘shiev Habibjon Hojiboboevich, biologiya fanlari doktori, professor; Gafurov Maxmudjon Bakiyevich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Janubiy Orolqumda tarqalgan Nitraria schoberi o‘simligining kimyoviy tarkibini aniqlash, biologik faol moddalarini skrining qilish, in vitro usulida mikroklonal ko‘paytirish hamda Orolqumning kuchli sho‘rlangan tuproqlariga adaptatsiyalangan mikronihollarini olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor N.schoberi ildizi va vegetativ organlari tarkibidan 37 ta, tuprog‘i tarkibidan 32 ta kimyoviy elementlarning miqdori aniqlanib, o‘simlik barglari tarkibidagi makro- mikroelementlar, umumiy va eruvchan oqsillar, erkin aminokislotalari sho‘rlanish darajasi yuqori bo‘lgan hudud Janubiy Orolqumda, Ustyurt va Vozrojdenie oroli namunalariga nisbatan ortganligi hamda V9 va RR vitaminlar, glyukoza, fruktoza kabi uglevodlarga boy manba ekanligi aniqlangan;
N. schoberi o‘simligining er ustki qismidan polifenollar yig‘indisi ajratib olib, 19 ta polifenol birikmasi hamda ular orasida viruslarga qarshi faolligi avvaldan ma’lum bo‘lgan 3,6-bis-O-galloil-1,2,4-tri-O-galloil-β-D-glyukoza, 2-bis-O-galloil-1,3,4,6-tetra-O-galloil-β-D-glyukoza va 1,2,3,6-tetra-O-galloil-β-D-glyukoza kabi polifenollar ham borligi aniqlangan;
N. schoberi o‘simlik urug‘larining laboratoriya, dala va in vitro sharoitida unuvchanligi, unuvchanlikka ta’sir qiluvchi omillar hamda urug‘larini in vitro sharoitida ko‘paytirishning eng maqbul sterillash usuli, optimal ozuqa muhiti hamda ularning me’yorlari aniqlangan;
Orol dengizi qurigan tubining koordinatalari N43°53,721660', E58°48,034980' va N44°08'18,6731", E58°52'17,2930" bo‘lgan hududlari tuprog‘idan suvda eruvchan tuzlar ajratib olinib, ushbu tuzlarni in vitro sharoitida ozuqa muhitiga qo‘shish orqali N. schoberi mikronihollari kuchli sho‘rlanish muhitiga moslashtirilgan hamda tuz stressi ta’sirida o‘simlik mikronihollari tarkibidagi erkin prolin, alanin, metionin hamda ABK ning miqdori ortganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
N. schoberi o‘simligini kimyoviy tarkibi va in vitro sharoitida kuchli sho‘rlanish muhitiga adaptatsiyalash biotexnologiyasi buyicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Orolqumning kuchli sho‘rlangan tuproqlarida o‘sishga moslashtirilgan ko‘chatlik biomateriallarini ko‘paytirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti amaliyotiga joriy qilingan (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasining 2024 yil 19 yanvardagi VK-03-87-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, N. schoberi ko‘chatlarini Orolqum hududlariga ekish orqali birlamchi plantatsiyalar tashkil qilish imkonini bergan;
N. schoberi ko‘chatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi Mo‘ynoq tumani bo‘limi amaliyotiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasining 2024 yil 25 maydagi 1-386-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Orol dengizining qurigan tubida cho‘l o‘rmonchiligini rivojlantirish va himoya o‘rmonzorlar maydonlarini kengaytirish imkonini bergan.