Xabibullaev Jaxongir Asatillaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sellyulozaning bioparchalanuvchan hosilalari sintezi, tuzilishi va biologik faolligi», 02.00.10 – Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/K234.
Ilmiy rahbar: Shomurotov Shavkat Abduganievich, kimyo fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bioorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bioorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019.K/V.37.01.
Rasmiy opponentlar: Ziyavitdinov Jamoliddin Fazliddinovich, kimyo fanlari doktori, professor; Yaqubov Ubaydullo Majidovich, kimyo fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent farmatsevtika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sellyulozaning karboksil va guanidin guruhlari tutuvchi bioparchalanuvchan hosilalarini sintez qilishning maqbul sharoitlarini aniqlash, olingan mahsulotlarning tuzilishi va biologik faolligini isbotlash orqali struktura – biologik faollik orasidagi bog‘liqliklarni aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sellyulozani HNO3/H3PO4-NaNO2 tarkibli oksidlovchi aralashma yordamida oksidlash jarayonida ilk bor ultratovushdan foydalanish oksidlanish jarayonini jadallashtirishi, hamda mahsulotning oksidlanish darajasini ortishiga olib kelishi va oksidlanish vaqtini 4 marta qisqartirishi isbotlagan;
sellyuloza saqlovchi materiallarni azot (IV)-oksidi gazi yordamida oksidlashning maqbul reaksiya sharoitlari aniqlangan va boshlang‘ich materiallarni faollashtirish orqali oksidlanish jarayonini tezlashtirish usuli ishlab chiqilgan;
sellyulozaning polialdegid hosilasining guanidin bilan konyugatsiyalanishning maqbul reaksiya sharoitlari aniqlangan va tarkibida 17-90 mol% guanidin tutuvchi hosilalar sintez qilingan;
sellyulozaning karboksil hamda guanidin guruhlari saqlovchi hosilalarining strukturasi va fizik-kimyoviy xususiyatlari o‘rganilgan va sintez-struktura bog‘liqliklari aniqlangan;
sellyulozaning karboksil guruhlar tutgan hosilasi asosida polianion tabiatli, guanidin guruh tutuvchi hosilasi asosida esa polikation tabiatli gemostatik vositalar olish mumkinligi isbotlangan va ularning struktura-faollik bog‘liqliklari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sellyuloza va uning hosilalari asosida bioparchalanuvchan gemostatik vositalar olish, ularning strukturasi va biologik faolligini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
oksidlangan sellyuloza asosida gemostatik vosita olish usuliga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali model patenti olingan (UZ FAP 02268, 2023). Natijada, sellyuloza saqlovchi materiallarni azot (IV)-oksidi yordamida eritmada oksidlash jarayonida ultratovushni qo‘llash orqali yuqori samarali gemostatik vositalar olish imkonini bergan;
sintez qilingan oksidlangan sellyuloza namunalari Belarussiya milliy fanlar akademiyasi “Mikrobiologiya” institutida probiotiklarni adsorbsion imobilizatsiyalash uchun bioparchalanuvchan asos (polimer matrisa) sifatida foydalanilgan (Belarussiya milliy fanlar akademiyasi “Mikrobiologiya” institutining 2024 yil 26 iyundagi 272-01-16/781-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, oksidlangan sellyuloza namunalari probiotik hujayralarni stress omillar ta’siridan himoya qilish va ularning faolligini saqlab qolish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish