Rashidov Oybek Rasulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda sovet hokimiyatining milliy siyosatida davlat idoralarining mahalliylashtirilishi (1918–1933 yy.)”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Tar242.
Ilmiy rahbar: Rajabov Qahramon Kenjaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Rasulov Abdulla Nuritdinovich, tarix fanlari doktori, professor; Bobojonova Dilorom Bobojonovna, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda sovet hokimiyatining milliy siyosatida davlat idoralarini mahalliylashtirishning mohiyati va mazmunini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Turkiston, Buxoro va Xorazm respublikalaridagi davlat boshqaruvi idoralarida kadrlarni joy-joyiga qo‘yish uchun rasmiy rus tili va tub xalqlar tillarining o‘rni va nisbiy muvozanatidagi nomutanosiblik aniqlangan;
markazdan O‘zbekistonga kelgan rusiyzabon xodimlar tomonidan mahalliylashtirish siyosatining yaxshi qabul qilinmaganligi, boshqaruv strukturasida mahalliy kadrlarning tayyorlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatganligi isbotlangan;
davlat idoralarini mahalliylashtirish siyosatida uning mazmun-mohiyati sezilarli o‘zgartirilgan holda asosiy e’tibor mahalliy kadrlarni tayyorlashga emas, balki sovet hokimiyatining turli boshqaruv idoralarini aholiga yaqinlashtirishga qaratilganligi isbotlangan;
mahalliylashtirish ishlarining markaziy idoralarda cheklangan tarzda olib borilganligi, milliy kadrlar nazoratda tutilganligi, ularning “millatchi” va “xalq dushmani” kabi soxta ayblovlar bilan qatag‘onga tortib turilganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda sovet hokimiyatining milliy siyosatida davlat idoralarining mahalliylashtirilishi yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
davlat idoralarini mahalliylashtirish masalasining nazariy asoslari, bosqichlari, uni amalga oshirilishida milliy tillar va mahalliy kadrlarning o‘rni, rusiyzabon xodimlarning mahalliylashtirish ishlariga to‘sqinlik qilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutida olib borilgan IFA-2012-1-4 raqamli “O‘zbekistonning sovet davridagi tarixi (1917-1991 yillar). 2-jild” mavzusidagi innovatsion loyiha doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi 2018 yil 19 apreldagi 3/1255-1014-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natijalar va xulosalarning qo‘llanilishi O‘zbekistonning sovet boshqaruvi davri tarixidagi ayrim muhim nazariy muammolarining echimi sifatida xizmat qilgan;
sovet boshqaruvidagi Turkiston ASSR, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi, Xorazm Xalq Sovet Respublikasi hamda O‘zbekiston SSRda davlat idoralarini mahalliylashtirish sohasida faoliyat yuritgan milliy kadrlarning nazoratda tutilganligi, ularni “antipartiyaviy”, “yot elementlar” kabi soxta ayblovlar bilan qatag‘on qilinganligiga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi “Turkiston Muhtoriyati hukumatining tugatilishi va sovet davlati qatag‘on siyosatining boshlanishi (1917-1924 yillar)” mavzusidagi 3-bo‘lim hamda “30-yillarning boshlaridagi siyosiy qatag‘onlar” mavzusidagi 6-bo‘limning muzey ekspozisiyasini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyining 2018 yil 4 maydagi 85-son ma’lumotnomasi). Bundagi natijalar milliy manfaatlar yo‘lida begunoh qurbon bo‘lganlarning xotirasini tiklashda hamda yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.