Abdullaeva Shoxida Norqulovnaning

falsafa doktori (PhD)dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “G‘aznachilik sohasida qo‘llaniladigan moliyaviy-iqtisodiy terminlarning chog‘ishtirma tadqiqi (ingliz, o‘zbek, rus tillari misolida)”, 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil207.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.21.01.

Ilmiy rahbar: Djusupov Maxanbet Djusupovich filologiya fanlari doktori, professor.

Rasmiy opponentlar: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor; Axmedov Oybek Saporboevich, filologiya fanlari doktori, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.

II. Tadqiqotning maqsadi: ingliz, o‘zbek va rus tillaridagi g‘aznachilik sohasida qo‘llaniladigan moliya-iqtisod terminlarining lingvistik xususiyatlari (o‘xshash va farqli jihatlari)ni ochib berish hamda terminlarning yasalish (hosil bo‘lish) yo‘llarini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ingliz, o‘zbek va rus tillaridagi g‘aznachilik sohasida qo‘llaniladigan moliyaviy-iqtisodiy terminlarning derivatsion tamoyillarini aniqlash orqali leksik-semantik, funksional-semantik va sintaktik usulda yasalishi ochib berilgan, affiksal, morfemik-morfologik modellari aniqlangan;

ingliz, o‘zbek va rus tillaridagi g‘aznachilik sohasida qo‘llaniladigan moliyaviy-iqtisodiy terminlarning tarixiy-genetik ildizlari (etimologiyasi), fondi-genafondi hamda tarixiy taraqqiyot bosqichlaridagi takomili, ularning semantikasidagi o‘ziga xos o‘zgarishlar va yangilanishlar faktik-analitik materiallar asosida dalillangan;

ingliz, o‘zbek va rus tillaridagi g‘aznachilik terminlarining hozirgi bosqichdagi holati, soha terminologiyasining ichki va tashqi omillar hisobiga boyib borish yo‘llari isbotlangan, o‘zlashma qatlamning og‘zaki va yozma nutqda qo‘llanish chastotasiga muvofiq faollik  darajasi hamda miqdoriy ko‘rsatkichlari aniqlangan;

chog‘ishtirilayotgan tillardagi g‘aznachilik terminlari tarjimasida stilistik va frazeologik birliklardan, ekspressivlikdan saqlanishi ilmiy asoslangan, evfemizatsiya va kontekstuallashtirish jarayonida yuzaga keladigan  qiyinchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kal`ka, tasviriy, muqobil tarjima qilish usullari orqali soha terminologik birliklarini adekvat tarjima qilish eng maqbul yo‘l ekanligi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Ingliz, o‘zbek, rus tillarida g‘aznachilik sohasida qo‘llaniladigan moliyaviy-iqtisodiy terminlarning leksik-semantik, derivatsion, semantik‑uslubiy, lingvostatistik xususiyatlarini ochib berish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:

ingliz, o‘zbek va rus tillaridagi g‘aznachilik sohasida qo‘llaniladigan moliyaviy-iqtisodiy terminlarning derivatsion tamoyillari, affiksal, morfemik-morfologik, leksik-semantik, funksional-semantik va sintaktik usulda yasalishi borasidagi taklif, tavsiya va xulosalardan OT‑F8‑062 raqamli «Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari» mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 15 fevraldagi 89-03-718-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar loyiha bo‘yicha tayyorlangan darslik, o‘quv-uslubiy majmua, elektron resurslarni yaratishga xizmat qilgan;

tilshunoslik nazariyasida terminologiyaning maxsus bo‘lim sifatidagi muammolari, terminosfera va terminosistema kabi tushunchalar A‑1‑209 raqamli «Madaniyatlararo va kommunikativ yondashuv nigohida xorijiy filologiya magistratura mutaxassisligi bo‘yicha nazariy fanlardan ingliz tilida darslik, o‘quv qo‘llanmalar yaratish» nomli amaliy tadqiqot loyihasi asosida tayyorlangan darslik mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 2 fevraldagi 89-03-545-son ma’lumotnomasi). Joriy etilgan materiallar moliya-iqtisod va g‘aznachilik sohalariga oid terminosferaning shakllanishi natijasida tillararo hamda sohalararo aloqalarda interterminlarni o‘zlashtirishda kal`kalash, transliteratsiyalash, g‘aznachilik sohasida qo‘llaniladigan terminlarning tarixiy ahamiyati, tarixiy taraqqiyot bosqichlaridagi leksik, semantik o‘zgarishlar kabi o‘ziga xosliklarini ochib berishga xizmat qilgan;

moliyaviy-iqtisodiy terminlarning poliaspekt chog‘ishtirma tadqiqi, terminosferaning ixtisoslashgan leksikasi shakllanishida leksik birliklarning mohiyati leksik birlikning mohiyati, soha terminologiyasining ichki va tashqi omillar hisobiga boyib borish yo‘llari hamda o‘zlashma qatlamning miqdoriy ko‘rsatkichlari va terminlarning chog‘ishtirilayotgan tillardagi derivatsion, funksional-strukturaviy xususiyatlariga doir xulosalardan ITD-1-07 raqamli «Tilshunoslik asoslari fanidan darslik, o‘quv-uslubiy majmua va ularning elektron nusxalarini yaratish» mavzusidagi amaliy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 2 fevraldagi 89-03-544-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi loyiha bo‘yicha tayyorlangan darslik, o‘quv-uslubiy majmua, elektron resurslarni terminologiya bo‘yicha eng so‘nggi ma’lumotlar va adabiyotlar bilan boyitishda muhim manba bo‘lgan;

ingliz, o‘zbek va rus tillarda g‘aznachilik sohasining o‘ziga xosligini targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston» teleradiokanalining DUK «Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar» muharririyati tomonidan tayyorlangan «Bedorlik» nomli radio (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanalining 2018 yil 9 fevraldagi O‘z/R-1-21-son ma’lumotnomasi) eshittirishida tadqiqot asosida ishlab chiqilgan usullardan foydalanilgan.Eshittirishlar uchun tayyorlangan materiallarda g‘azna, kassa, byudjet, mablag‘ kabi terminlarning ingliz, o‘zbek va rus tillaridagi moliyaviy-iqtisodiy tarjimasidagi o‘ziga xos jihatlarini tanishtirishda inobatga olish zarurligi ko‘rsatib berilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish