Djuraev Djamshid Temurovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sharq va G‘arb dunyoqarashi an’analarida “makon” tushunchasi (Xitoy va Amerika paradigmalari siyosiy-falsafiy komparativictikasi)”, 23.00.01–Siyosat nazariyasi va falsafasi. Siyosiy ta’limotlar tarixi va metodologiyasi (siyosiy fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/Siyos68.
Ilmiy rahbar: Alimardonov To‘lqin Turdievich, siyosiy fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc29.08.2017.S.01.08.
Rasmiy opponentlar: Qodirov Anvar Qahharovich, falsafa fanlari doktori, professor; Samarov Rustam Samarovich, falsafa fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot akademiyasining Toshkent shahridagi filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: turli davrlarda Xitoy (Sharq) va Amerika (G‘arb)da shakllangan makonga oid o‘ziga xos yondashuvlarga turtki bo‘lgan qarashlarni o‘rganish orqali, milliy-sivilizatsiyaviy aynanliklar o‘rtasi g‘oyaviy to‘qnashuvlar keskinlashuvi va aksincha, bir-biriga o‘xshamagan sotsiumlararo muloqot va yaqinlashuvda, xususan, jamiyatning botiniy va zohiriy imkoniyatlari ko‘lamiga oydinlik kiritishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xalqlar va sotsiumlar (xitoyliklar va amerikaliklar ijtimoiy tajribasi asosida) tarixiy-madaniy an’analarini ob’ektiv qiyoslashda sotsiomadaniy xususiylik va ayrimlikning tahliliy ahamiyati asoslab berilgan;
makon va zamon kontinuumi chuqur qatlamlariga yo‘g‘rilgan makonni idrok etishning “sharqona an’analari” hozirgi bosqichga kelib, yanada moslashuvchanlik, ijtimoiylik va dolzarblik kasb etayotganligi sabablari ochib berilgan;
makonga oid tafakkuridan kelib chiqib u yoki bu sotsium, davlat ijtimoiy amaliyotining bunyodkor va aksincha vayronkor ekanligiga aniqlik kiritish (tashxis qo‘yish) mumkinligi ilmiy asoslangan;
o‘zbek xalqi tafakkuri va hayotiy faoliyatida ming yillar davomida shakllangan makon falsafasi qadriyatlar tizimi ma’no-mazmuni, aynan Sharq ma’naviy madaniyati doirasida yaqqol namoyon bo‘lishi mumkinligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sharq va G‘arb dunyoqarashi an’analarida “makon” tushunchasini Xitoy va Amerika paradigmalari siyosiy-falsafiy komparativictikasi kontekstida o‘rganish yuzasidan ishlab chiqilgan taklif hamda tadqiqot natijalari asosida:
xalqlar va sotsiumlar ijtimoiy tajribasi asosida tarixiy-madaniy an’analarini ob’ektiv qiyoslashda sotsiomadaniy xususiylik va ayrimlikning tahliliy ahamiyati, makon va zamon kontinuumi chuqur qatlamlariga yo‘g‘rilgan makonni idrok etishning “sharqona an’analari” hozirgi bosqichga kelib, yanada moslashuvchanlik, ijtimoiylik va dolzarblik kasb etayotgani haqidagi takliflardan O‘zbekiston Milliy universitetidagi A-1-163 raqamli “Demokratik jarayonlarda “o‘zbek modeli”ning konseptual masalalari tahlili va izchil rivojlanishning falsafiy-metodologik asoslari” (2015–2017 yillar) mavzuidagi amaliy grantda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 19 iyundagi 89-03-2333-son ma’lumotnomasi). Ilmiy ishlanmalardagi ijtimoiy borliqni idrok etishning Sharq hamda G‘arb dunyoqarashi an’analarida namoyon bo‘lishi, o‘zbek xalqi tafakkuri va hayotiy faoliyatida shakllangan makon falsafasi qadriyatlar tizimi, Sharq ma’naviy madaniyatiga doir mavzularning ilmiy ahamiyatini oshirishga xizmat qilgan;
tadqiqotning makonga oid tafakkuridan kelib chiqib u yoki bu sotsium, davlat ijtimoiy amaliyotining bunyodkor va aksincha vayronkor ekanligiga aniqlik kiritish mumkinligi, o‘zbek xalqi tafakkuri va hayotiy faoliyatida ming yillar davomida shakllangan makon falsafasi qadriyatlar tizimi ma’no-mazmuni, aynan Sharq ma’naviy madaniyati doirasida yaqqol namoyon bo‘lishi mumkinligiga doir xulosalardan O‘zbekiston Milliy universitetidadagi A-1-149 raqamli “O‘zbekiston falsafasi tarixi (uch tomlik, o‘zbek tilida)” asarining II tomini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 19 iyundagi 89-03-2333-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur grant doirasida nashr ettirilgan kitob va ilmiy ishlanmalar ilmiy qiymatining ortishiga, jumladan, makonni idrok etishning “sharqona an’analari” hozirgi bosqichdagi tavsiflashga doir xulosalarni chuqurlashtirishga olib kelgan.