Xolov Aktam Xatamovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mahalliy davlat hokimiyati organlarida boshqaruv qarorlari qabul qilish mexanizmini takomillashtirish», 08.00.13–Menejment (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Iqt401.
Ilmiy rahbar: Axmedjanov Karimjon Bakidjanovich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.27.06.2017.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Yo‘ldoshev Nuriddin Qurbonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xoshimov Akrom Abdievich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy davlat hokimiyati organlarida boshqaruv qarorlari qabul qilish mexanizmini takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mahalliy davlat hokimiyati organlarida boshqaruv qarorlari loyihalarining muqobil variantlarini onlayn tartibda muhokama qilish orqali ochiqlik va shaffoflikka asoslangan qaror qabul qilish modeli takomillashtirilgan;
mahalliy davlat hokimiyati organlarida boshqaruv qarorlari qabul qilishning «smart regulation» mexanizmini joriy etish orqali ularni tartibga solish ta’sirini baholash uslubi taklif etilgan;
ochiqlik, shaffoflik, tizimlilik, kelishilganlik hamda jamoatchilik jalb etilishini ta’minlovchi konseptual jihatdan yangi mexanizmlarni joriy etishni nazarda tutuvchi boshqaruv qarorlarini elektron tarzda ilgari surish, ishlab chiqish va qabul qilish tizimi taklif etilgan;
mahalliy ijro hokimiyati organlarida boshqaruv qarorlari loyihalariga elektron ko‘rinishda viza qo‘yish, ularni muhokama qilish va baholashdan iborat idoralararo elektron kelishish mexanizmi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarida boshqaruv qarorlari qabul qilish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan takliflar asosida:
mahalliy davlat hokimiyati organlarida boshqaruv qarorlari loyihalarining muqobil variantlarini onlayn tartibda muhokama qilish orqali ochiqlik va shaffoflikka asoslangan qaror qabul qilish modeli bo‘yicha berilgan takliflar Farg‘ona viloyati hokimligi faoliyatida joriy etilgan (Farg‘ona viloyat hokimligining 2018 yil 12 martdagi 04-08/846-con ma’lumotnomasi). Natijada viloyat hokimining 2017 yil 30 dekabrdagi «Farg‘ona viloyatining 2018 yilgi mahalliy byudjeti parametrlari to‘g‘risida»gi 628-sonli, 2018 yil 27 martdagi «Bozorlar va savdo komplekslarida bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovi va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlarini tasdiqlash haqida»gi 148-sonli va 2018 yil 13 yanvardagi «Viloyatda 2018 yilda boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarda takroriy ekinlarni joylashtirish to‘g‘risida»gi 13-sonli qarorlarini qabul qilishga xizmat qilgan;
ochiqlik, shaffoflik, tizimlilik, kelishilganlik hamda jamoatchilik jalb etilishini ta’minlovchi konseptual jihatdan yangi mexanizmlarni joriy etishni nazarda tutuvchi boshqaruv qarorlarini elektron tarzda ilgari surish, ishlab chiqish va qabul qilish tizimi bo‘yichatakliflari Jizzax viloyatining Arnasoy, Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Buxoro viloyatining Shofirkon, Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa, Surxondaryo viloyatining Uzun, Samarqand viloyatining Urgut va Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanlari faoliyatiga joriy etilgan (Jizzax viloyati Arnasoy tuman hokimligining 2018 yil 21 apreldagi 01-546-son, Sirdaryo viloyat hokimligining 2018 yil 2 maydagi 3/01-2867-son, Buxoro viloyati Shofirkon tuman hokimligining 2018 yil 27 apreldagi 275-son, Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tuman hokimligining 2018 yil 10 maydagi 2463/1-son, Surxondaryo viloyati Uzun tuman hokimligining 2018 yil 25 maydagi 109/01-31-son, Samarqand viloyati Urgut tuman hokimligining 2018 yil 28 maydagi 08-16/319-son, Qashqadaryo viloyat hokimligining 2018 yil 4 iyundagi 03/1449-son ma’lumotnomalari). Natijada tuman hokimliklarida ochiqlikka asoslangan samarali qarorlar qabul qilish tizimi tatbiq etilib, tumanlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritalari» ishlab chiqilgan;
mahalliy ijro hokimiyati organlarida boshqaruv qarorlari loyihalariga elektron ko‘rinishda viza qo‘yish, ularni muhokama qilish va baholashdan iborat idoralararo elektron kelishish mexanizmi bo‘yicha berilgan takliflari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining 2018 yil 18 iyundagi 01/1-349-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar va huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha tadqiqot rejasi ishlab chiqilgan;
mahalliy davlat hokimiyati organlarida boshqaruv qarorlari qabul qilishning «smart regulation» mexanizmini joriy etish orqali ularni tartibga solish ta’sirini baholash uslubiga oid ilmiy xulosa va takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida «Davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirishning nazariy-metodologik masalalari», «Davlat boshqaruvida rahbar kadrlarga qo‘yilgan talablarning nazariy-metodologik asoslari» va «Yoshlarda tadbirkorlik ijtimoiy mas’uliyatini oshirish tamoyillari» nomli o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining 2018 yil 27 iyundagi 03/1241-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning amaliyotga joriy qilinishi akademiya tinglovchilari uchun o‘qitiladigan «Tizimli tahlil va boshqaruv qarorlarini qabul qilish», «Mahalliy boshqaruv» va «Menejmentning zamonaviy usullari» fanlari o‘quv dasturlarini (2017 yil 30 avgustdagi 1-sonli majlis bayonnomasi bilan tasdiqlangan) hamda fanlarning tegishli mavzulari bo‘yicha ma’ruza matnlari, o‘quv-uslubiy kompleks materiallari, mashg‘ulot ssenariylari, nazorat savollarini tayyorlashga xizmat qilgan;
mahalliy davlat hokimiyati organlarida boshqaruv qarorlari loyihalarini «Assessment-centre» uslubi asosida baholash amaliyotini joriy qilish va davlat hokimiyati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining boshqaruv kadrlarini innovatsion menejment yo‘nalishida malakasini oshirish kabi takliflari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi «2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi PF-5308-sonli farmoni asosida tasdiqlangan Davlat dasturining 11-bandida «Davlat hokimiyati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining boshqaruv kadrlari salohiyatini baholashning yangi usullarini joriy qilish» vazifasini belgilashda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi «Taraqqiyot strategiyasi» markazining 2018 yil 29 yanvardagi 0166/18-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida boshqaruv kadrlarini «Assessment-centre» uslubi asosida baholash amaliyoti joriy qilingan.