Nazarqulova Nodira Baxtiyor qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XIX asr oxiri – XX asr birinchi yarmida Koreyada ayollar vizual obrazining shakllanishi”, 07.00.03 – Jahon tarixi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Tar927.
Ilmiy rahbar: Shodmanova Sanobar Bazarbaevna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/31/01/2024/Tar.21.03 Rasmiy opponentlar:
Karimova Natalya Ermanovna, tarix fanlar doktori, professor.
Davlatova Saodat Tilovberdievna, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XIX asr oxiri – XX asr boshlarida (1876-1945) Koreyada xotin-qizlar vizual qiyofasi shakllanish jarayonini tarixiy aspektda ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
koreys xotin-qizlarining yangi vizual obrazining shakllanish jarayoni birinchi navbatda, xristianlikning kirib kelishi, faol ijtimoiylashuv, ta’limga jalb qilinganlik hamda xorijda o’qish imkoniyatlarining paydo bo’lishi, davriy nashrlarning doimiy mutolaasi, G‘arb madaniyati va mafkurasi bilan jadal tanishuv natijasida sodir bo’lganligi, shuningdek, Choson qirolligi so’nggi davrida (1876-1905) koreys xotin-qizlarining madaniy jihatdan ijtimoiylashuvi va zamonaviylashuvi bevosita missionerlarning ta’lim, tibbiyot va boshqa ijtimoiy sohalarni o’z ichiga olgan xristian dinining ta’siri bilan sodir bo’lgani, ayni holat mustamlakachilik davrida (1910-1945) ham saqlanib qolganligi dalillangan;
koreys xotin-qizlarining yangi vizual obrazi shakllanishidagi yakuniy o’zgarishlar mustamlakachilik davri siyosati bilan bog‘liq bo’lib, koreys ayollarining global darajadagi (ommaviy ravishda mi?) ijtimoiylashuvi, siyosiy va ijtimoiy sohada faollashuvi, XIX asr so’nggi choragida Koreyaga xos bo’lgan an’anaviy xotin-qizlarining tashqi ko’rinishi va dunyoqarashidan keskin farq qiluvchi “shin yosong” (“yangi ayol”) deb atalgan dastlabki ziyoli ayollar fenomenining vujudga kelishi aynan Yaponiya mustamlakachilik tuzumi davriga birinchi bosqichiga (1910-1930) to’g‘ri kelishi asoslab berilgan;
mustamlakachilik davri ikkinchi bosqichiga kelib (1930-1945) koreys xotin-qizlarining vatanparvarlik, siyosiy faollik, huquqlar va gender tengligi uchun kurasha olish qobiliyatlari yuzaga chiqib, an’anaviy “falonchining qizi, xotini, onasi” maqomidan o’z ismlari bilan murojaat qilinadigan qatlam vakillariga aylangani ularning siyosiy, ijtimoiy va madaniy tashkilotlarni tuzish, mustaqillik uchun kurash harakatlarida faol ishtirok etganligi orqali dalillangan;
XX asr boshlaridan chet davlatlarning Koreya yarimoroliga bo’lgan qiziqishi kuchayishi natijasida fotografiya sohasi ham rivojlanib borganligi, avvaliga xorijlik, keyin mahalliy suratkashlar tomonidan suratga tushish maydonlariga koreys xotin-qizlarining jalb qilinishi ham mustamlaka ma’muriyati siyosati bilan bog‘liqligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
XIX asr oxiri – XX boshida Koreyada ayollar vizual obrazi shakllanishi tarixini o‘rganish davomida ishlab chiqilgan xulosa va takliflardan:
Xotin-qizlarning vizual obrazini tasvirlash vizual materiallarda uch xil yo‘nalishda ro‘y bergan bo‘lib, ular mahalliy-an’anaviy yondashuv, xotin-qizlarning yangi qiyofasidagi yangiliklarga nisbatan salbiy munosabatda ochib berilganligi; yapon mustamlakachi ma’muriyatining liberal yondashuvi – unchalik sezilarli bo‘lmagan o‘zgarishlarni ham bo‘rttirib ko‘rsatish va targ‘ib qilinganligi; betaraf yondashuv – asosan, xorijliklar tomonidan olingan Koreya yarimorolidagi ayollarning kundalik hayotini ortiqcha bo‘yoqlarsiz ko‘rsatib berilganligi to‘g‘risidagi natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining konferensiya, seminar, davra suhbatlari, shuningdek, madaniy-ma’rifiy sohalardagi tadbirlarini tashkil etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining 2024-yil 16-maydagi 14-09-811-son ma’lumotnomasi). Mazkur xulosalar talaba yoshlarning koreys xotin-qizlari hayoti borasidagi tarixiy transformatsiya jarayonlarini chuqur anglashiga yordam bergan.
XX asr boshlaridan mustamlakachi davlatlarning Koreya yarimoroliga bo‘lgan qiziqishi kuchayishi natijasida fotografiya sohasi ham rivojlanib borganligi, hamda mahalliy fotograflar etishib chiqqanligi, oqibatda bu hududga fotografiyaning kirib kelishi bevosita siyosiy va iqtisodiy maqsadlarni ko‘zlagan mustamlaka ma’muriyati siyosati bilan bog‘liqligiga oid chiqarilgan ilmiy xulosalardan, t.f.d., prof. S.B. Shodmanova muallifligidagi “Vizual antropologiya” darsligida foydalanilgan. Darslik “Tarix” mutaxassisligi magistrlari uchun asosiy adabiyotlardan biri sifatida foydalanib kelinmoqda. “Vizual antropologiya” fanining namunaviy dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan. Mazkur dissertatsiyadan vizual materiallarni turkumlash va obraz tushunchasi, vizual materiallardan foydalanishning nazariy metodologik asoslari mavzular doirasida vizual manbalarning tarixiy tadqiqotlardagi ahamiyati va ulardan foydalanish borasidagi jahon tajribasi hamda ijtimoiy-madaniy antropologiya fanidan saboq berish jarayonida to‘plangan amaliy tajriba masalalariga doir tadqiqot natijalaridan foydalanilgan. Darslik universitet rektorining 2023-yil 10-iyuldagi 158-UM-sonli buyrug‘iga binoan nashrga tavsiya etilgan. (Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2024-yil 11-iyundagi 01-04-01/1311-son ma’lumotnomasi).
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanali ijodkorlari Nazarqulova Nodira Baxtiyor qizining “XIX asr oxiri – XX asr boshida Koreyada ayollar vizual obrazining shakllanishi” mavzusida tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasidan ayrim ko‘rsatuvlar ssenariysini shakllantirishda foydalanilganini ma’lum qilib, tarixiy tadqiqotlarda vizual materiallardan foydalanish, Turkistonda va Koreyada ayollar vizual obrazini tadqiq qilishda fotosuratlarning o‘rni, XX asr boshlaridan Koreya yarimoroliga e’tibor kuchayishi natijasida fotografiya sohasi ham rivojlanib borganligi ortidan mahalliy fotograflar etishib chiqqanligi, bu hududga fotografiyaning kirib kelishi bevosita siyosiy va iqtisodiy maqsadlarni ko‘zlagan mustamlaka ma’muriyat siyosati bilan bog‘liqligi, Xotin-qizlarning vizual obrazini tasvirlash vizual materiallarda uch xil yo‘nalishda ro‘y bergan bo‘lib, ular mahalliy-an’anaviy yondashuv, xotin-qizlarning yangi qiyofasidagi yangiliklarga nisbatan salbiy munosabatda ochib berilganligi, har ikki davlatda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va rolini ochib berishning ahamiyatiga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” dasturining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2024-yil 30-maydagi 02-31-692-son ma’lumotnomasi). Natijada teletomoshabinlar XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Koreyada xotin-qizlar vizual obrazi shakllanishi, turli vizual materiallarning jahon tarixiga tadqiqotlarda qo‘llanishi bo‘yicha batafsil ma’lumotga ega bo‘lgan.