Berdiev Erkin Turdalievichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Na’matak va chakandani ko‘paytirish texnologiyasi», 06.03.01–O‘rmon ekinlari, seleksiya, urug‘chilik va shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish. O‘rmonlar agromelioratsiyasi va himoya o‘rmonlari barpo etish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Qx48.
Ilmiy maslahatchi: Qayimov Abdixalil, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, Andijon qishloq xo‘jalik instituti, DSc27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Kojaxmetov Sovetbek Kojaxmetovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori; Baymetov Karim Isaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Rahimova Tashxanim, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Akademik M.Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston florasida na’matak (Rosa L.) va chakanda (Hippophae L.) turkumidagi turlar biologiyasi, ekologiyasi, meva va urug‘larining morfologiyasini tadqiq etish, urug‘idan va vegetativ ko‘paytirish, ko‘chatlarini etishtirish texnologiyasini ishlab chiqish hamda istiqbolli shakllarini tanlash va baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekistonda na’matak (Rosa L) va chakanda (Hippophae L.) turkumidagi turlarni meva va urug‘larini morfologiyasi, urug‘ mahsuldorligi, urug‘larini terish va ko‘chatzorga ekishning maqbul muddatlari aniqlangan va urug‘larini unish hamda yuvenil o‘simliklarini rivojlanish xususiyatlari aniqlangan;
na’matakning yuqori miqdorda standart urug‘ ko‘chatlar chiqishini ta’minlovchi urug‘larini ekishning maqbul me’yorlari, urug‘ ko‘chatlar qalinligi va mineral o‘g‘itlarning maqbul me’yorlari aniqlangan;
chakandaning ildiz oldirish uchun yog‘ochlashgan novda qalamchalarini tayyorlash va ekishning maqbul muddatlari hamda ularni ildiz oldirishning maqbul substratlari aniqlangan;
unumdor tuproqli substratda va tumanlatib sug‘oruvchi issiqxonada qumli substratda chakanda novda qalamchalarini ildiz oldirish va ko‘chatlarini etishtirishning texnologiyasi ishlab chiqilgan;
chakandaning yog‘ochlashgan novda qalamchalarini ildiz oldirish va ko‘chatlarini etishtirishda maqbul qalamcha uzunligi hamda o‘stiruvchi moddaning ta’sir etish vaqti aniqlangan;
G‘arbiy Tyan`-Shanda na’matakning 32 ta, Zarafshon daryosi o‘rta oqimi to‘qayzorlarida chakandaning 11 ta xo‘jalik-biologik qimmatli belgilarga ega musbat shakllari tanlangan, kompleks baholangan va seleksiya maqsadlari uchun istiqbolli shakllari ajratilgan;
na’matak va chakandaning tanlangan shakllari mevalarining vitaminli va mikroelementli biokimyoviy tarkibi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Na’matak turlari va jumrutsimon chakandani ko‘paytirish va standart ko‘chatlarini etishtirish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
o‘rmon xo‘jaliklari uchun «Chakandaning istiqbolli shakllarini tanlash va ko‘paytirish», «Na’matakning istiqbolli shakllarini tanlash, ko‘paytirish va plantatsiyada o‘stirish», «Na’matakni ko‘paytirish va plantatsiyada o‘stirish», «Chakandani ko‘paytirish va plantatsiyada o‘stirish» tavsiyanomalari ishlab chiqilgan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2017 yil 28 noyabrdagi 01/18-2837-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanomalar dorivor o‘simliklar etishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
chakandaning «Dar Katuni» navi va mahalliy ekotiplarining ko‘chatlari asosida «Saksonota» davlat o‘rmon ishlab chiqarish korxonasida 0,70 ga, «Zomin» davlat qo‘riqxonasida 2,1 ga jami 2,8 ga maydonda ona plantatsiyasi barpo etilgan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2017 yil 28 noyabrdagi 01/18-2837-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida chakanda hosildorligi gektariga 4,6 tonnaga oshgan va iqtisodiy samaradorlik o‘rtacha 42154,0 ming so‘mni tashkil etgan;
chakandani novda qalamchalarini ildiz oldirish va ko‘chatlarini etishtirish texnologiyasi «Zomin» milliy tabiat bog‘ida 0,25 ga, «Darg‘om» davlat o‘rmon ishlab chiqarish korxonasida 0,20 ga, «Darxon» tajriba xo‘jaligida 0,10 ga, «Saksonota» davlat o‘rmon ishlab chiqarish korxonasida 0,10 ga, jami 0,65 ga ko‘chatzor maydonida joriy etilgan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2017 yil 28 noyabrdagi 01/18-2837-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘chatzordan standart ko‘chatlarni gektariga 70 ming dona chiqishiga erishilgan va iqtisodiy samaradorlik 39847,6 ming so‘mni tashkil etgan;
na’matakning urug‘idan ko‘paytirish va urug‘ ko‘chatlarini etishtirish texnologiyasi «Abu Ali ibn Sino» ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligida 0,35 ga, «Ohangaron» davlat o‘rmon xo‘jaligida 0,25 ga, «Manzarali bog‘dorchilik va gulchilik» mas’uliyati cheklangan jamiyatda 0,10 ga, jami 0,70 ga ko‘chatzor maydonida joriy etilgan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2017 yil 28 noyabrdagi 01/18-2837-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ko‘chatzordan standart nihollarni gektariga 400 ming dona chiqishiga erishilgan va iqtisodiy samaradorlik 57813,7 ming so‘mni tashkil etgan;
na’matakning xavfli zararkunandasi Mayer yong‘oqyasariga (Rhodites Mayri, Schllcht.) qarshi «Burchimullo» o‘rmon xo‘jaligi «Chotqol» o‘rmon bo‘limida 1,55 ga na’matak plantatsiyasida mexanik kurash usuli qo‘llanilgan (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2017 yil 28 noyabrdagi 01/18-2837-son ma’lumotnomasi). Natijada hosildorlik gektariga 4,9 tonnaga etishiga erishilgan va iqtisodiy samaradorlik 35185,0 ming so‘mni tashkil etgan.