Xolliev Asamiddin Turaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Dukkakli don ekinlari (no‘xat, mosh, loviya) zararkunandalariga qarshi kurash usullarini ishlab chiqish», 06.01.09–O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Qx59.
Ilmiy rahbar: Gapparov Furqat Axatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti va Andijon qishloq xo‘jalik instituti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Kimsanboev Xujamurod Xamroqulovich, biologiya fanlari doktori, professor; Boyjigitov Fozil Muxammadievich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: dukkakli don ekinlari zararkunandalarining tur tarkibi, biologik xususiyatlari, tarqalishi va zararini aniqlash asosida ularga qarshi ilmiy asoslangan samarali kurash choralarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor respublikamiz sharoitida so‘nggi 50 yil ichida dukkakli don ekinlarining zararkunandalari turlari qayta tahlil qilinib, zararkunandalarning 34 ta turi aniqlangan hamda asosiy, ikkilamchi va zararsiz turlarga ajratilgan;
asosiy zararkunandalarning ya’ni g‘ovak hosil qiluvchi no‘xat pashshasi – (Liriomysa cicerina Rond.), donxo‘rlar (Bruchidae) tugunak uzunburunlar (Curculionidae) biologik xususiyatlari hamda no‘xat o‘simligida g‘o‘za tunlamining zarar etkazish darajasi aniqlangan;
dukkakli don ekinlari biotsenozida tabiiy entomofaglarning turlari va ularning zararkunandalar sonini kamaytirishdagi ahamiyati aniqlangan;
dominant tur zararkunandalarga qarshi biologik va kimyoviy kurash usullari ishlab chiqilgan;
zararkunandalarga qarshi insektisidlarni qo‘llashning yangi texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Dukkakli don ekinlari zararkunandalariga qarshi kurash usullari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarning natijalari asosida:
dukkakli don ekinlarida shiralar, tuganak uzunburunlar, ildiz kemiruvchi tunlamlariga qarshi urug‘dorlagich: Avalanche (5 kg/t), Kruizer (4 l/t) preparatlarini qo‘llash Toshkent viloyati, Qibray tumani O‘simlikshunoslik ITI hamda O‘rtachirchiq tumani Toshkent sholi, don va dukkakli ekinlar ilmiy tajriba stansiyasi xo‘jaliklarida, Qashqadaryo valoyati, Qamashi tumani «Baxtishod», Yakkabog‘ tumani «Boyjigit bobo» fermer xo‘jaliklari ekin maydonlarida joriy etilgan («O‘zagrokimyohimoya» aksiyadorlik jamiyatining 2017 yil 17 noyabrdagi 02/13-2030-son ma’lumotnomasi). Bunda dukkakli don ekinlari hosildorligi 25–30 foizga oshgan va iqtisodiy samaradorlik gektaridan 1822000–2157000 so‘mni tashkil etgan;
dukkakli don ekinlarining asosiy zararkunandalariga qarshi o‘suv davrida o‘rgimchakkanaga qarshi «Vertimek», «Nissoran», «Ximgold», «Nurell-d», donxo‘rlarga qarshi «B-58», «Karache», «Atilla», preparatlari, g‘o‘za tunlamiga qarshi «Akito», «Avaunt», «Mospilan» preparatlari, g‘ovak hosil qiluvchi no‘xat pashshasiga qarshi «Entolucho», «Nurinol» va «Polo» preparatlarini qo‘llash Qibray tumani O‘simlikshunoslik ITI hamda O‘rtachirchiq tumani Toshkent sholi, don va dukkakli ekinlar ilmiy tajriba stansiyasi xo‘jaliklarida, Qashqadaryo valoyatini Qamashi tumani «Baxtishod», Yakkabog‘ tumani «Boyjigit bobo» fermer xo‘jaliklari sharoitida jami 680 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 25 noyabrdagi 07/23-1094-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida no‘xat, mosh, loviya ekinlaridan gektaridan 3,5–4,5 sentnergacha don hosilini saqlab qolishga erishilgan.