Abdullaev Anvar Atamuratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Amudaryo bo‘limida siyosiy-ma’muriy boshqaruv va sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlar” (1873–1924 yy.), 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Tar134.
Ilmiy rahbar: Ziyaeva Dono Xamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Rasulov Abdulla Nuritdinovich, tarix fanlari doktori, professor. Djumashev Asqar Mambetovich, tarix fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.
II. Tadqiqotning maqsadi: XIX asrning so‘ngi va XX asrning birinchi choragida (1873–1924 yillar) Amudaryo bo‘limida hukm surgan mustamlaka va sovet davridagi siyosiy-ma’muriy boshqaruv tizimi va sud-huquq sohasidagi o‘zgarishlarni qiyosiy tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
1873 yilda tashkil topgan Amudaryo okrugi Rossiya imperiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysundirilib, Orolbo‘yi va Xiva xonligini mustamlakachilar izmida saqlab turish maqsadida harbiylashtirilgan platsdarmga aylantirilganligi, ma’muriy boshqaruv hamda sud-huquq tizimida «buyuk davlatchilik shovinizmi»ning hukm surganligi, bo‘lim boshlig‘i ma’muriy-huquqiy boshqaruvda cheksiz vakolatga ega bo‘lib, zarur holatlarda sud`ya va prokuror vazifasini bajarganligi, harbiy dala sudlarini tashkil qilganligi, 1881 yilda bo‘limda rus (uezd) sudi tashkil qilingunga qadar, Amudaryo bo‘limida sud tizimi hokimiyatdan ajratilmaganligi aniqlangan;
Amudaryo bo‘limida an’anaviy qozi va biy sudlari saqlab qolinib, sud jarayonida apellyatsiya vazifasini bajarish uchun xalq sud`yalari s’ezdi, favqulodda sud`yalar s’ezdi kabi yangiliklar kirib kelsa-da, amalda ularning vakolati asosan, oila-nikoh, meros masalalari bilan cheklanganligi, ular ustidan Amudaryo bo‘limi boshlig‘ining, 1887 yildan boshlab esa, qo‘shimcha ravishda prokuraturaning nazorati o‘rnatilganligi, rus sudlari va prokuratura faoliyatiga asos bo‘lgan «nizom»larda mahalliy va kelgindi aholi huquqlari teng kafolatlanmaganligi aniqlangan;
1917 yil oktyabr` to‘ntarishi natijasida Rossiya va Turkistonda ag‘darib tashlangan Muvaqqat hukumat organi Amudaryo bo‘limida 1918 yilda ham ishlab turganligi bois, hududda sovet ma’muriy-huquqiy organlari nisbatan kech shakllanganligi, 1918 yil oktyabrda qayta tashkil qilingan Amudaryo deputatlari sovetining ijroiya qo‘mitalari barcha masalalarni zo‘ravonlik bilan hal etganligi, xalq sudlari esa, 1919 yil mayda tashkil qilinib, amalda to‘laqonli ish yurita olmaganligi, cheksiz vakolatlarga ega bo‘lgan favqulodda organlarning «zanjirli tizgini» – komissiya, boshqarma, tribunallar (ChK, GPU, OGPU, Inqilobiy tribunallar) tomonidan insonlar taqdiri sudsiz, qonun va huquqiy normalardan tashqari holatda, «inqilob» nomidan repressiv choralar bilan hal etilganligi, 1922 yilda sovet prokuraturasi tashkil etilgach, sudlar vakolati aniq belgilanib, ular asosan fuqarolik va jinoyat ishlarini ko‘rish bilan shug‘ullanganligi, ular bilan parallel ravishda faoliyat yuritgan partiyaviy sudlar partiya a’zolarini jazolash, ularni insoniy huquqlardan mahrum etish vakolatiga ega bo‘lganligi aniqlangan;
Amudaryo bo‘limida hukm surgan Rossiya imperiyasining harbiylashtirilgan mustamlaka boshqaruv tizimi hamda sovet hokimiyatining ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan boshqaruv tuzumi sharoitida shakllangan, bir-biridan tubdan farq qiluvchi sud-huquq organlari garchi dunyoviy qonunchilikka asoslangan bo‘lsa-da, amalda hukmron tuzum va mafkura ta’sirida teng huquqlilik hamda adolatli sudlovni to‘laqonli ta’minlay olmaganligi, davlat va partiya nazorati hamda tazyiqi ostida bo‘lganligi, aksariyat hollarda inson huquqlari poymol etilganligi, tergov va sudsiz, qonunga zid holda surgun, o‘lim, qamoq, musodara, siyosiy va fuqarolik huquqlardan mahrum qilish kabi g‘ayriqonuniy va g‘ayriinsoniy choralar qo‘llanilganligi, huquqiy qonunchilik, kadrlar masalasi, moddiy ta’minot borasida muammolar bo‘lganligi ko‘rsatib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Rossiya imperiyasi va sovet tuzumi hukmronligi davrida Amudaryo bo‘limida siyosiy-ma’muriy boshqaruv, sud-huquq tizimining shakllanishi va faoliyatining mazmun hamda mohiyatini ochib berish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
mustamlaka davrida Amudaryo bo‘limida yuz bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, shahar va bo‘lisliklardagi ma’muriy-siyosiy boshqaruv tizimi, sud-huquq sohasida yuz bergan o‘zgarishlar haqidagi materiallardan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida FA–F1–G001 raqamli «Qoraqalpog‘iston jahon madaniyati kontekstida: Quyi Amudaryo etagidagi shahar va shahar madaniyatining tarixiy istiqboli. 2012–2016 yillar» mavzusidagi fundamental ilmiy loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2017 yil 13 noyabrdagi 177/1-son ma’lumotnomasi). Qo‘llanilgan natijalar mazkur ilmiy loyihani materiallar, manbalar va ma’lumotlar bilan to‘ldirishga, o‘lka, xususan, Amudaryo bo‘limi siyosiy-ma’muriy boshqaruv tizimi, sud, prokuratura faoliyati haqidagi ma’lumotlarni ilmiy asosda yoritishga xizmat qilgan;
Sovet siyosiy-ma’muriy boshqaruv organlari, sud-huquq tizimi xalqni nazoratda ushlashga va uning itoatini ta’minlashga xizmat qilganligi haqidagi tadqiqot materiallaridan Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi ekspozisiyalarini tayyorlashda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyining 2017 yil 15 dekabrdagi 360-son; Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi 2018 yil 10 maydagi 2–04/916-son ma’lumotnomalari). Tadqiqot natijasida to‘plangan hujjat va materiallarning muzey ekspozisiyalarida namoyish qilinishi o‘lka xalqlarining boshidan kechirgan tarixiy jarayonlarni ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega.