Rasulov Faxriddin Faxmuddinovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Takroriy muddatda shirin qalampir navlarini tanlash va etishtirish texnologiyasining elementlarini takomillashtirish», 06.01.06–Sabzavotchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Qx31.

Ilmiy rahbar: Xakimov Rafiqjon Abdunabievich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti va Andijon qishloq xo‘jalik instituti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.

Rasmiy opponentlar: Dusmuratova Saodat Ismailovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Akramov Umidilla Ikramdjanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: respublikaning markaziy mintaqasi bo‘z tuproqlarida  shirin qalampirni boshoqli don ekinlaridan so‘ng takroriy ekin sifatida etishtirish uchun nav va duragaylarini tanlash, ko‘chat tayyorlash usuli va yoshi, maqbul ekish muddatlari hamda sxemalarini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor boshoqli don ekinlaridan so‘ng takroriy muddatda shirin qalampirning 28 ta nav namunalari va 10 ta F1duragaylarning, ushbu muddatda etishtirishga mos, ertapishar, hosildor, meva sifat ko‘rsatkichlari yuqori hamda issiqlikka chidamli turlari tanlangan;

shirin qalampirni takroriy ekin sifatida boshoqli don ekinlaridan so‘ng etishtirishda o‘simlikni o‘sib rivojlanishi va hosildorligiga ta’siri hamda maqbul ekish muddatlari aniqlangan;

shirin qalampirning o‘sib, rivojlanishi va hosildorligiga ta’sir etuvchi ko‘chat tayyorlash usuli va yoshi aniqlangan;

shirin qalampirni boshoqli don ekinlaridan so‘ng takroriy ekin sifatida etishtirishda o‘simlikni o‘sib rivojlanishi va hosildorligiga samarali ta’sir etgan eng maqbul ekish sxemasi aniqlangan; 

shirin qalampirning nav namunalarini o‘rganish natijasida tanlov usuli bilan yangi «Marjona» navi yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Takroriy ekin sifatida etishtirishga mos shirin qalampir nav va F1 duragaylarini tanlash va etishtirish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari  asosida:

«Takroriy muddatda sabzavot va kartoshka ekinlaridan mo‘l va sifatli hosil etishtirish agrotexnologiyasi» tavsiyanomasi ishlab chiqilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 2 oktyabrdagi 02/22-517-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma dehqon va fermer xo‘jaliklarida shirin qalampirni takroriy muddatda etishtirish hamda mavsum davomida bir maydondan ikki marotaba hosil olish orqali qo‘shimcha daromad olishga xizmat qilgan;

shirin qalampirni takroriy ekin sifatida etishtirish agrotexnologiyasi Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent viloyatlarida sabzavotchilik fermer xo‘jaliklarida jami 78,4 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 2 oktyabrdagi 02/22-518-son ma’lumotnomasi). Natijada shirin qalampirni oziqali tuvakchalarda etishtirilgan ko‘chatlardan foydalanilganda gektaridan 25,4–28,3 tonna hamda 70×40/2 sm ekish sxemasi qo‘llanilganda gektaridan 24,2–25,5 tonna hosil olishga erishilgan;

qimmatli xo‘jalik va biologik belgilari yuqori bo‘lgan xorijdan keltirilgan «D08018» (ISPN08-04 yoki 0636-6056) liniyasi asosida tanlov usuli bilan shirin qalampirning yangi «Marjona» navi yaratilgan (Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasining 2017 yil 2 oktyabrdagi 53/4-445-son ma’lumotnomasi). Yangi «Marjona» navi andoza navlarga nisbatan ustunligini namoyon etgan holda bir tupdagi mevalar soni 8,3 dona va hosildorligi gektariga 34,8 tonnani tashkil etgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish