Kodirova Shaxnoza Ishpulatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kuzgi bug‘doyning o‘sishi va rivojlanishiga nam to‘plovchi sug‘orish va o‘g‘itlar me’yorlarining ta’siri», 06.01.08–O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Qx46.
Ilmiy rahbar: Mo‘minov Komil Mo‘minovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand veterinariya medisinasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Atabaeva Halima Nazarovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Komilov Baxtiyor Sultonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Navoiy viloyatining kuchsiz sho‘rlangan o‘tloq-bo‘z tuproqlari sharoitida ekish oldi nam to‘plovchi sug‘orishni o‘tkazish orqali qisqa muddatda to‘liq nihollar olish hamda mineral va mahalliy o‘g‘itlardan samarali foydalanib, kuzgi yumshoq bug‘doy don hosildorligini oshirish va sifatini yaxshilashni ta’minlaydigan agrotexnik tadbirlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Navoiy viloyatining kuchsiz sho‘rlangan o‘tloq-bo‘z tuproqlarida kuzgi bug‘doy urug‘larining unib chiqishi va qulay o‘sishi uchun eng maqbul sharoitini ta’minlovchi nam to‘plovchi sug‘orish me’yori aniqlangan;
kuzgi bug‘doydan yuqori va sifatli don hosili olishni ta’minlashda mineral va mahalliy o‘g‘itlardan samarali foydalanish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
kuchsiz sho‘rlangan o‘tloq-bo‘z tuproqlar sharoitida intensiv tipdagi kuzgi yumshoq bug‘doy navlarining maqbul o‘sishi, rivojlanishini ta’minlaydigan, fotosintetik faoliyatini jadallashtiradigan mineral o‘g‘it me’yorlari aniqlangan;
kuchsiz sho‘rlangan o‘tloq-bo‘z tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doy etishtirishda o‘simliklarning oziqa moddalarni o‘zlashtirishiga nam to‘plovchi sug‘orish, mineral va mahalliy o‘g‘itlarning ta’siri aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Navoiy viloyatining kuchsiz sho‘rlangan o‘tloq-bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doy etishtirishda nam to‘plovchi sug‘orish, mineral va mahalliy o‘g‘it me’yorlarini qo‘llash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
Navoiy viloyatining g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer va tomorqa xo‘jaliklari uchun «Navoiy viloyati o‘tloq-bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doy hosildorligini oshirishda nam to‘plovchi sug‘orish, mineral va mahalliy o‘g‘itlarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyanoma» ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 25 iyundagi 02/021-163-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyalarni amaliyotga qo‘llash natijasida Xatirchi tumanidagi fermer xo‘jaliklarida gektaridan 14,1-17,9 sentner qo‘shimcha don hosili olishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
kuchsiz sho‘rlangan o‘tloq-bo‘z tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doy etishtirishda nam to‘plovchi sug‘orishni 1200 m3/ga me’yorida o‘tkazish, mineral o‘g‘itlarni go‘ng bilan birgalikda qo‘llash texnologiyasi 52 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 25 iyundagi 02/021-163-son ma’lumotnomasi) Buning natijasida tuproqdagi zararli tuzlar - xlor miqdori 0,001-0,002%, quruq qoldiq 0,034-0,037%ga kamayib, nitratli azot miqdori 2,8-3,9 va harakatchan fosfor 1,8-2,3 mg/kg tuproqda ortishi ta’minlangan;
kuzgi bug‘doy etishtirishda nam to‘plovchi sug‘orishlarni 1200 m3/ga me’yorida belgilash va mineral o‘g‘itlarni N150P120K50+10 t/ga go‘ng yoki N100P100K30+20 t/ga go‘ng bilan birgalikda qo‘llash agrotexnologiyasi Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi “Jaxongir Gadoyniyoz”, “Toshbotir bobo”, “Muxammad Said” va “Aminto‘p” fermer xo‘jaliklarida 2016-2017 yillarda jami 115 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 25 iyundagi 02/021-163-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida gektaridan 0,9-1,1 mln. so‘mgacha sof foyda olinib, rentabellik darajasi 49,4-52,7 foizni tashkil etgan.