Avazov Sardorjon Erkin o‘g‘lining
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Piyozning (Allium cepa L.)mikobiotasi va uning keng tarqalgan zararli kasalliklariga qarshi kurash choralari», 06.01.09– O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DSc/Qx90.
Ilmiy maslahatchi: Marupov Abbosxon, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Maxmudxodjaev Najmiddin Mavlyanxodjaevich, biologiya fanlari doktori, professor; Toreniyazov Elmurat Sherniyazovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Ramazanova Saviya Sulaymonovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Sabzavot, poliz ekinlari kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: piyoz o‘simliklarida zamburug‘ turlari qo‘zg‘atadigan kasalliklarni aniqlash, ularning morfologik, bio-ekologik xususiyatlarini tavsiflash hamda kurash choralarini ishlab chiqishdan iborat.
II. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor respublikamizning har-hil tuproq-iqlim sharoitida piyozning asosiy zamburug‘li kasalliklari to‘liq monitoring qilingan;
qishga saqlash uchun omborxona sharoitida havo tarkibidan, devordan va pollardan piyoz o‘simligiga zarar keltiruvchi zamburug‘ turlari aniqlangan;
ajratilgan va aniqlangan turlar sinflar, tartiblar, oilalar, turkumlar va turlarga mansubligi aniqlangan;
ulardan 80 ta turi Toshkent, 64 ta Farg‘ona, 62 tasi Qashqadaryo viloyatlari sharoitidan ajratilgan;
eng ko‘p turlar 72 ta Deuteromycetes sinfiga, Basidiomycetes va Ascomycetes sinflariga–10 tadan, Oomycetes va Zygomycetes sinfiga 9 ta zamburug‘ turlari mansubligi aniqlangan;
turlar soni jihatidan eng ko‘p turlar Botrytis turkumida–5 ta, Puccinia, Penicillium, Aspergillus turkumlarida 4 tadan, Melampsora, Phyllostictada –3 tadan, qolgan turkumlarda 1–2 tadan turlar qayd qilingan;
piyoz o‘simligining kasallangan a’zolaridan 72 ta zamburug‘ turlaridan 34 ta tur bargidan, 25 ta ildiz tizimidan, 23 ta piyozboshi tagchasidan, 21 ta piyozboshi bo‘g‘zidan, 19 ta urug‘laridan, 18 ta piyozboshining tashqi qobig‘idan, 3 ta ichki yumshoq qavatlaridan ajratilgan;
omborxona devor va pollaridan 24 ta, havo tarkibidan 32 ta zamburug‘ turlari aniqlangan;
aniqlangan zamburug‘ turlarini oziqlanish usullari bo‘yicha 29 ta tur fakul`tativ saprotrof, 14 ta haqiqiy saprotrof, 12 tasi haqiqiy parazit va 10 tasi fakul`tativ parazit turlarga mansubligi aniqlangan;
Respublikaning har xil tuproq-iqlim sharoitida piyoz o‘simligining asosiy kasalliklariga qarshi samarali kurash choralari ishlab chiqilgan;
piyoz navlarining asosiy kasalliklarga tolerantligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Piyoz o‘simligining asosiy zamburug‘ turlari qo‘zg‘atgan kasalliklariga qarshi kurash bo‘yicha olib borilgan ilmiy taqiqot natijalari asosida:
piyoz o‘simligining keng tarqalgan soxta un shudring, qorakuya, zang va turli xil dog‘lanish, chirish kasalliklariga qarshi Shavit-F, 72% v.g., Kurzat R, 70% s.p., Kvadris, 25% n.kuk., Akrobat MS v.d.g, Previkur SL, 722% s.e.k., Skor 250 em.k. hamda Difen Super, 55% n.kuk. fungisidlarini qo‘llash Toshkent viloyatining Qibray tumani «Temir Qadam Nosirov Abdiraym», «Qibray Salar Fayz»; Toshkent tumani «Islomxo‘ja Nig‘monxo‘ja», «Shuxrat ziyo» «Yaxyoxon Ziyo Nur Agro», «A’loxon Isoxon Agro», Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani «Axmonov Sherali», Farg‘ona viloyatining Beshariq tumani, «T.M.Zokirov» fermer xo‘jaliklarida jami 30 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 18 maydagi 02/023-54-son ma’lumotnomasi). Natijada Difen Super, 55% n.kuk. da 0,3 kg/ga me’yorda qo‘llanilganda biologik samaradorlik 90,9% tashkil etgan, kasallik rivojlanishi esa 7,2% dan 0,9 foizgacha tushgan, Skor 250 em.k. fungisidi 0,3 l/ga me’yorda qo‘llanilganda biologik samaradorlik 91,6% tashkil etgan, kasallik rivojlanishi esa 7,2% dan 0,7 foizgacha tushgan, Difen Super 55% n.kuk fungisidida gektaridan 20210,0 ming so‘m, Skor 250 em.k esa har gektardan 16360,0 ming so‘m sof foyda olishga erishilgan;
piyozning kulrang chirish va fuzarioz chirish kasalliklariga qarshi Ridomil Gold MS 68% s.d.g., va Fundazol 50% n.k. fungisidlarini qo‘llash Toshkent viloyatining meva-sabzavotlarni saqlash uchun mo‘ljallangan OOO «Golden Dried fruits» omborxonasida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 18 maydagi 02/023-54-son ma’lumotnomasi). Natijada Ridomil Gold MS 68% s.d.g. preparati ishlatilganda o‘rtacha kasallanish 7,70% dan 0,9% gacha, Fundazol 50% n.kuk fungisidi qo‘llanganda esa kasallanish 7,70% dan 1,3% gacha pasaygan, Ridomil Gold MS, 68% s.d.g. fungisidida 170,2 ming so‘m, Fundazol 50% n.kuk esa 157,0 ming so‘m sof foyda olishga erishilgan;
piyoz ekilgan dala o‘q ariq atroflarida o‘sayotgan begona o‘t turlariga qarshi Stomp, 33% k.e. va Samuray, 33% em.k., gerbisidlarini qo‘llash hamda piyozning 2–4 chin barg chiqargan davrida Goal 2 E, 24% vaXadaf, 24% gerbisidlarini qo‘llash Qashqadaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlar sharoitida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 18 maydagi 02/023-54-son ma’lumotnomasi). Natijada Samuray 33% em.k., 4,5-l/ga qo‘llanilganda 90% biologik samara ko‘rsatgan va hosildorlik 541,4-543,5 s/ga oshgan, qo‘shimcha 126,2-128,3 s/ga hosil saqlab qolingan, Goal 2 E, 24% va Xadaf, 24% 2,3-l/ga gerbisidlarida esa biologik samaradorlik 92,1% ni tashkil etgan, qo‘shimcha hosildorlik 130,9-140,1 s/ga oshgan va 481,3-490,1 s/ga hosil saqlab qolishga erishilgan.