Sayidov Yoqub Siddiqovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Jadid badiiy asarlari leksikasi», 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2DSc/Fil56.
Ilmiy maslahatchi: Dadaboev Hamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.27.06.2017 Fil.19.01.
Rasmiy opponetlar: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor; Ko‘chimov Shuhrat Norqizilovich, filologiya fanlari doktori, professor; Yo‘ldoshev Ma’rufjon Muhammadjonovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: jadid adabiyoti namoyandalarining o‘zbek adabiy tili taraqqiyotida tutgan o‘rnini aniqlash, ularning she’riy asarlarida qo‘llanilgan so‘zlarning lingvostatistik, mavzuiy, tarixiy-etimologik, leksik-semantik, lingvopoetik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jadid she’riyati leksikasidagi o‘z va o‘zlashgan qatlamning qo‘llanish darajasi, genetik asosi, o‘zaro nisbati‚ faollik darajasi, miqdori‚ mavzuiy guruhlari, qadimgi turkiy til, turk tili va ozarbayjon tiliga xos so‘zlar aniqlangan, leksik-semantik va funksional xususiyatlari ochib berilgan;
jadid asarlari leksikasini qadimgi va eski turkiy til hamda eski o‘zbek tili bilan qiyoslash orqali o‘zbek adabiy tilining leksik tarkibi yangilanganligi asoslangan, umumturkiy qatlamning miqdor va sifat jihatdan boyiganligi isbotlangan;
«Chig‘atoy gurungi» a’zolari she’riyati tilida qadimgi turkiy so‘zlarning qo‘llanish sabablari va manbalari aniqlangan;
jadid asarlari leksikasi turkiy til va xalq shevalar asosida shakllantirilganligi aniqlangan, yangi ilmiy-madaniy tushunchalar uchun o‘zbek adabiy tiliga yangi so‘zlar olib kirilganligi ochib berilgan;
metafora, metonimiya va sinekdoxalarning tuzilmaviy-semantik, poetik-estetik tabiati va lingvopoetik imkoniyat hamda xususiyatlari yoritib berilgan;
millat taqdiriga bevosita aloqador erk‚ vatan va ma’rifat kabi tushunchalarni ifodalovchi metaforalar alohida tizim sifatida shakllanganligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi.
Jadid badiiy asarlari leksikasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
jadid asarlari leksikasidagi so‘zlarning ma’nosiga doir izohlardan, leksikografik talqinlardan «Islomshunoslik qomusiy lug‘ati»ning lug‘at maqolalarida tushuncha hamda terminlarning mohiyatini ochib beruvchi izohlar tahririda foydalanilgan (O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2018 yil 16 iyuldagi 1488-son ma’lumotnomasi). Natijada lug‘at islom madaniyatiga doir yangi ma’lumotlar bilan boyigan, izohtalab so‘zlarning mohiyati ochib berilgan;
hozirgi o‘zbek adabiy tilining qadimgi turkiy tilga munosabati, qadimgi turkiy leksikaning leksik-semantik va funksional xususiyatlari, mavzuiy guruhlari tasnifi, izohtalab qadimgi turkiy so‘zlarning lug‘aviy ma’nosi hamda o‘zbek xalq shevalarida qo‘llanishda davom etayotgan qadimgi turkiy tilga oid so‘zlarning manbalarini aniqlashga doir xulosalardan «Devonu lug‘otit turk»dagi xalq maqollari» lug‘at-ma’lumotnomani yaratishda foydalanilgan (Toshkent: Navro‘z, 2015. – 90 b.). Ilmiy natijalar til birliklarini izohlashda asos bo‘lib xizmat qilgan;
jadid lirik asarlarining lingvostatistik‚ funksional-semantik¸ lingvopoetik tavsifi va o‘zbek milliy tilining shaklanish jarayonlari tarixiga doir masalalar echimlaridan OT-F8-090 raqamli «Jadid adabiyoti – jahon ilg‘or adabiyotining sintezi sifatida»(2007–2011) fundamental loyihasida jadid badiiy merosinining lingvistik xususiyatlarini aniqlashda foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 18 noyabrdagi FTK-0313/818-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanishi jadidlarning tilshunoslik merosini, milliy tilni shakllantirish borasidagi ilmiy-nazariy qarashlari va faoliyatini aniq baholash imkonini bergan;
jadid adabiyoti namoyandalarining o‘zbek adabiy tili va uning me’yorlariga munosabati¸ XX asr boshlari adabiy tilning asosiy xususiyatlari, rivojlanish yo‘llari va qonuniyatlari¸ hozirgi o‘zbek adabiy tilining jadid badiiy asarlari leksikasiga munosabatini aniqlashga oid xulosalardan F-1-06 raqamli «Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida G‘arbu Sharq adabiy an’analari sintezi» (2012–2016) fundamental loyihasida jadid adabiyotiga oid ilmiy tadqiqotlar ro‘yxatini shakllantirishda foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 18 noyabrdagi FTK-0313/818-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan materiallar jadid adabiyoti va adabiyotshunosligi bibliografiyasini mukamallashtirishga xizmat qilgan;
jadidlarning ilmiy-badiiy merosi, ularning o‘zbek adabiy tili rivojidagi o‘rnini aniqlash, o‘zbek milliy tilining shakllanishi va taraqqiyoti bilan bog‘liq masalalarni baholash, jadid she’riyatining badiiy-lisoniy xususiyatlarini aniqlashga doir xulosalardan Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2015–2017 yillarda efirga uzatilgan «Munosabat», «Interv`yu plyus», «Dolzarb mavzu» kabi ko‘rsatuv hamda radioeshittirishlar ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2017 yil 4 dekabrdagi 1/320-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv va radioeshittirishlarning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan, mazmuni mukammallashgan.