Mamadullaev Gulmurod Xamidovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qishloq xo‘jalik hayvonlari tuberkulyoziga qarshi kurashishning ilmiy asoslari», 16.00.03–Veterinariya mikrobiologiyasi, virusologiyasi, epizootologiyasi, mikologiyasi, mikotoksikologiyasi va immunologiyasi (veterinariya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1DSc/V8.

Ilmiy maslahatchi: Salimov Xait Salimovich, veterinariya fanlari doktori, professor

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Samarqand veterinariya medisinasi instituti, Chorvachilik va parandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.V/Qx.12.01.

Rasmiy opponentlar: Xamdamov Xabibullo Oblaqulovich, veterinariya fanlari doktori; Vafaqulov Sadillo Xakimovich, veterinariya fanlari doktori, professor; Mamatova Muborak Nurpulatovna, veterinariya fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Davlat veterinariya qo‘mitasi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: hayvonlar tuberkulyozi epizootologiyasining retrospektiv tahlili, diagnostikasi, qarshi kurash, oldini olish chora-tadbirlarining uslub va vositalarini takomillashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor respublikada qoramollar tuberkulyozining epizootik holati retrospektiv tahlil qilinib, o‘tkazilgan monitoring natijasida qoramollar tuberkulyozi bo‘yicha nosog‘lomlik darajasi mamlakatimizda keskin kamayishiga erishilgan;

hayvonlar tuberkulyozining diagnostikasi uchun milliy PPD tuberkulin diagnostikumi yaratilgan;

hayvonlar tuberkulyozining diagnostikasi bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqilgan;

tuberkulyozga qarshi faolsizlantirilgan vaksinaning tajriba seriyasi yaratilgan;

ETIS-1 va ETIS-2 preparatlari yordamida qoramollar tuberkulyoziga qarshi kurash va kimyoviy profilaktika qilish uslubi yaratilgan;

tuberkulyoz qo‘zg‘atuvchisiga qarshi hamkorlikda kompleks – tubazid MASGK, «Biomayrin» va «Selozan» preparatlari yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Qishloq xo‘jalik hayvonlari tuberkulyoziga qarshi kurashishning ilmiy asoslari bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida:

«Qoramollar tuberkulyoziga qarshi antigen-ad`yuvant preparatining tajriba seriyasi yaratilib, uning qo‘llanilishi bo‘yicha tavsiyanoma» ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Davlat veterinariya qo‘mitasining 1998 yil 28 avgustdagi 9-son ma’lumotnomasi). Natijada antigen-ad`yuvant preparatining qo‘llanilishi hisobiga 535 bosh qoramollarni tuberkulyozdan saqlab qolishga erishilgan;

sut emizuvchi hayvonlar tuberkulyozining diagnostikasi uchun PPD tuberkulin preparati yaratilgan (Davlat veterinariya qo‘mitasining 2015 yil 30 dekabrdagi 003710-son ma’lumotnomasi). Natijada tuberkulyozni diagnostika qilish orqali hayvonlarning ushbu kasallik bilan kasallanishi sezilarli darajada kamayishiga xizmat qilgan;

qoramollar tuberkulyoziga qarshi ETIS-1 preparati yaratilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashning 1991 yil 21 maydagi 21-son ma’lumotnomasi). Natijada respublikaning turli viloyatlaridagi 31 ta tuberkulyoz bo‘yicha nosog‘lom sut tovar fermalaridagi jami 14599 bosh qoramol kasallikdan saqlab qolingan va bitta sog‘lomlashtirilgan xo‘jalikdagi iqtisodiy samaradorlik o‘rtacha 157,3 ming so‘mni tashkil etgan;

respublikada qoramollar tuberkulyozi bo‘yicha nosog‘lom fermalarini sog‘lomlashtirish uchun ETIS-2 preparati yaratilgan (Davlat veterinariya qo‘mitasining 2014 yil 12 apreldagi 4-son ma’lumotnomasi). Natijada sut tovar fermalarida 3318 boshdan ortiq qoramol tuberkulyozdan sog‘lomlashtirilgan va sarflangan 1 so‘m xarajatga 8 so‘m iqtisodiy samaradorlik olishga erishigan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish