Raximov Zokir Toshtemirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ta’limning mobillashuvi sharoitida talabalar o‘quv-bilish faoliyatini rivojlantirish metodikasini takomillashtirish” (Kasb ta’limi yo‘nalishi misolida), 13.00.05–Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Ped92.
Ilmiy rahbar: Muslimov Narzulla Alixanovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi kadrlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti, DSc.27.06.2017.Ped.48.01.
Rasmiy opponentlar: Ismoilova Zuxra Karabaevna, pedagogika fanlari doktori, professor; To‘raqulov Olim Xolbo‘taevich, pedagogika fanlari doktori, dotsent
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:ta’limning mobillashuvi sharoitida kasb ta’limi yo‘nalishi talabalarining o‘quv-bilish faoliyatini rivojlantirishning ilmiy-metodik asoslarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kasbiy ta’lim mobillashuvi sharoitida talabalarning evristik va kreativ kompetentlik darajalarini rivojlantirish va gnostik, metodik, ijodiy-tashkiliy, tahliliy baholash kabi funksiyalarini innovatsionlik tamoyili asosida chuqurlashtirish orqali o‘quv-bilish faoliyati mantiqiy tuzilmasi komponentlarining mazmuni takomillashtirilgan;
“intellektual biatlon”, “bajarilgan topshiriqlar estafetasi” va “tizimlashtirilgan tushunchalar krossi” metodlarini o‘zaro intellektual bellashuv muhitini tashkil etish asosida takomillashtirish orqali talabalarning erudisiya, refleksivlik, texnik ijodkorlik kompetensiyalarini rivojlantirish imkoniyatlari kengaytirilgan;
interfaol (Interactive education), muammoli (Problematic education), loyiha (Project education), hamkorlik ta’limi (Cooperative education) texnologiyalarining samarali (muammolilik, mantiqiylik, ijodiy va amaliy yo‘nalganlik) imkoniyatlaridan foydalanish asosida mustaqil ta’limni tashkil etish metodikasi takomillashtirilgan;
talabalar o‘quv-bilish faoliyati rivojlanganlik darajalarini belgilovchi adekvat mezonlarning miqdoriy, vazniy, sifatiy, natijaviy parametr va indikatorlarini aniqlashtirish orqali reproduktiv, qisman izlanuvchan, ijodiy-kreativ xarakterdagi ob’ektiv baholash mazmuni takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Ta’limning mobillashuvi sharoitida kasb ta’limi yo‘nalishi talabalarining o‘quv-bilish faoliyatini rivojlantirishning ilmiy-metodik asoslarini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalari asosida:
ta’limning mobillashuvi sharoitida kasb ta’limi (qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish) yo‘nalishi talabalarining kasbiy bilim, ko‘nikma, malakalarni shakllantirish hamda o‘quv-bilish faoliyatini rivojlantirish jarayonining yaxlitligini, ularning kasbiy faoliyatga muvaffaqiyatli moslashishini ta’minlovchi pedagogik shart-sharoitlar asosida talabalar o‘quv-bilish faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan “Intellektual biatlon”, “Bajarilgan topshiriqlar estafetasi” va “Tizimlashtirilgan tushunchalar krossi” nomli metodlar mazmuni takomillashtirilgan hamda o‘quv jarayonida shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyalaridan foydalanishning samarali imkoniyatlari aniqlangan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 3 apreldagi 89-03-1234-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar talabalarning mustaqil ta’limini tashkil etish metodikasini takomillashtirishga xizmat qilgan;
tadqiqot natijalari asosida tayyorlangan “Interfaol metodlar va shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyalarining samarali imkoniyatlaridan foydalanish” va “Ta’lim jarayonida talabalar faolligini oshirish maqsadida mustaqil ta’limni tashkil etish metodikasini takomillashtirish” nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanmalaridan Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutlarida 5111000 – Kasb ta’limi (sohalar bo‘yicha) bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va 5A111000 – Kasb ta’limi (sohalar bo‘yicha) magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 24 maydagi 89-03-2004-son ma’lumotnomasi). Mazkur o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar talabalarning fikrlash va harakat strategiyasini inobatga olgan holda uning shaxsini o‘ziga xos xususiyatlari, qobiliyatlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan ta’lim metodlari va texnologiyalarini takomillashtirish hamda oliy ta’lim muassasalarida yuqori malakali bo‘lajak kasb ta’limi o‘qituvchilarini tayyorlashga xizmat qilgan;
kasb ta’limi yo‘nalishlari o‘quv jarayonida interfaol, muammoli, loyiha va hamkorlik ta’lim texnologiyalarini qo‘llash orqali “Qishloq xo‘jaligi mashinalari” fani bo‘yicha talabalarda kasbiy bilim, ko‘nikma, malakalarning shakllanganlik darajasini nazorat qilish va baholash metodikasi ishlab chiqilgan hamda tajriba-sinov maydonlari ta’lim jarayoniga tatbiq etilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 3 apreldagi 89-03-1234-son ma’lumotnomasi). Mazkur metodika globallashuv sharoitida talabalarning o‘quv-bilish faoliyatini samarali amalga oshirish va mustaqil ta’lim natijalarini ob’ektiv baholashga xizmat qilgan.