Sarabekov Asadbek Tajikulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): « Helichrysum maracandicum, Helichrysum nuratavicum va Helichrysum mussae o‘simliklarining kimyoviy tadqiqi», 02.00.10 – Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/K400.
Ilmiy rahbar: Maulyanov Salixjan Alimjanovich, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.K.05.01.
Rasmiy opponentlar: Aripova Salimaxon, kimyo fanlari doktori, professor; Siddiqov G‘ofurjon Usmonovich, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Bioorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Oʻzbekiston florasida o‘suvchi Helichrysum maracandicum, Helichrysum nuratavicum hamda Helichrysum mussae o‘simliklari kimyoviy tarkibini va olingan birikmalarning biologik faolliklarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Respublikamiz florasida o‘suvchi Helichrysum maracandicum o‘simligidan jami 18 ta, jumladan, 2 ta fenolkarbon kislota, 4 ta triterpenoid, 11 ta flavonoid birikmalari va 1 ta siklik poliol individual holda ajratib olingan, shulardan 17 tasi o‘rganilayotgan o‘simlikda birinchi marotaba aniqlangan;
o‘simliklarning gullari va barglaridan gidrodistillash usulida 150 ta (Helichrysum maracandicum gulida - 52 ta, bargida - 57 ta; Helichrysum nuratavicum gulida - 45 ta, bargida - 79 ta; Helichrysum mussae gulida - 77 ta, bargida - 95 ta) uchuvchan uglevodorodlar, mono- va seskviterpenoidlar mavjudligi aniqlangan;
Helichrysum mussae o‘simligi gul va barglarining geksanli ekstraktlaridan gidrodistillash usulida 56 ta (gulida - 31 ta, bargida – 25 ta) uchuvchan ulgevodorodlar, mono- va seskviterpenoidlar mavjudligi aniqlangan;
Helichrysum maracandicum va Helichrysum mussae o‘simliklarining makro va mikro element tarkibi sifat va miqdoriy jihatdan tekshirilib, o‘simliklar tarkibidagi zaharli ogʻir metall ionlari miqdori Oʻzbekiston Respublikasi oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi gigienik normativlaridagi ruxsat etilgan darajadan past ekanligi isbotlangan;
ilk bor ajratib olingan biologik faol flavonoid - kversetinning sitizin bilan Mannix usuli bo‘yicha yangi hosilasi sintez qilingan;
Helichrysum maracandicum o‘simligi etilatsetatli flavonoidlar fraksiyasining gepatoprotektorlik faolligi Silimarin dori vositasiga nisbatan faolligi Silimarin darajasida ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Helichrysum maracandicum, Helichrysum nuratavicum va Helichrysum mussae o‘simliklarining kimyoviy tadqiqotlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Helichrysum maracandicum o‘simligi suvli, etilatsetatli va butanolli ekstraktlari asosida olingan yuqori antioksidantlik xossasiga ega bo‘lgan substansiyalarning gepatoprotektor faolligi natijalaridan №A-FA-2019-35 «Mahalliy xomashyo asosida olingan yangi immunotrop dori vositalarini yaratish» (2019-2022 y) amaliy tadqiqot loyihasida substansiyalar gepatoprotektorlik faolliklarini solishtirishda foydalanilgan (Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2022 yil 14 dekabrdagi 4/1255-3153-son ma’lumotnomasi). Natijada, Helichrysum L. turkumiga mansub o‘simliklarning terpenoidlari va flavonoidlarining tuzilishi hamda biologik faolliklarini tadqiq etish asosida antioksidant va gepatoprotektor ta’sirga ega dori vositalarini yaratish imkonini bergan;
H.maracandicum o‘simligining yer ustki qismidan ajratib olingan va identifikatsiya qilingan birikmalarning kimyoviy tuzilishi haqidagi spektral ma’lumotlardan xorijiy ilmiy nashrlarda terpenoidlar va flavonoidlarning tuzilishini aniqlashda qo‘llanilgan (Journal of natural fibers 2024, V. 21, No. 1, 1-15, WoS, IF 3.5; Chemistry of Natural Compounds, 2023, V. 59, 957-958, WoS, IF 0.8; Chemistry of Natural Compounds, 2023, V. 59, 941-943, WoS, IF 0.8). Natijada, o‘simliklardan ajratib olingan birikmalarning tuzilishini aniqlash imkonini bergan;
Helichrysum maracandicum o‘simligining er ustki qismi kimyoviy tarkibini aniqlash bo‘yicha olingan tadqiqot natijalaridan “Texnologii virashhivaniya i izvlecheniya biologicheski aktivnix soedineniy severnix yagodnix kultur i lekarstvennix trav (YugraBioFarm)» (Rossiya Federatsiyasi Surgut Davlat universiteti) mavzusida bajarilgan amaliy tadqiqot loyihasida mintaqa dorivor o‘simliklari tarkibining tuproq-iqlim sharoitlarga bog‘liqligi, flavonoidlarning biologic ta’sir mexanizmlarini tahlil qilishda foydalanilgan (Rossiya Federatsiyasi Surgut Davlat universitetining 2024 yil 16 apreldagi 03-01/45 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada, Rossiya Federatsiyasining shimoliy regionlaridan keltirilgan dorivor o‘simliklarni sifat va miqdoriy jihatdan o‘rganish imkonini bergan;
respublikamizning 5 ta hududida tarqalgan Helichrysum maracandicum o‘simligi gullari makro-mikro element tarkibining sifat va miqdoriy jihatdan qiyosiy o‘rganish natijalaridan xorijiy ilmiy nashrlarda mazkur turkum o‘simliklari element tarkibi tahlili uchun foydalanilgan (Saudi Journal of Biological Sciences, 2021, V. 29, 5268-5274, WoS, IF 4.219; Sustainability, 2021, V. 13, 9437, WoS, IF 3.251; Horticulturae, 2022; V. 8. 1–8, WoS, IF 2.331). Natijada, o‘simlik element tarkibini aniqlash hamda tahlil qilish uslubini yaratish imkonini bergan.