Karimov Rivojiddin Gulamjanovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Tijorat xatlarining lingvopragmatik aspekti (ingliz va o‘zbek tillari materialida)», 10.00.06–Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil.208.

Ilmiy rahbar: Teshabaeva Dilfuza  Muminovna, filologiya fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.27.06.2017.Fil.21.01.

Rasmiy opponentlar: Safarov Shahriyor Safarovich, filologiya fanlari doktori, professor; Muhamedova Saodat Xudoyberdievna, filologiya fanlari doktori, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: ingliz va o‘zbek tillaridagi tijorat xatlarining  lingvopragmatik aspektini tadqiq etishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:

chog‘ishtirilayotgan tillardagi tijorat xatlar matnining semantik jihatdan uyg‘unligi, ularning nolisoniy omillarga bog‘liqligi, voqeaviy jihati, maqsadli ijtimoiy ta’siri kabi diskursiv, kommunikativ-uslubiy xususiyatlari asoslab berilgan;

ikki tildagi tijorat xatlarida stilistik jihatdan bo‘yoqdor so‘zlarga qaraganda neytral, betaraf leksikaning ustuvorligi, funksional leksika ulushining ko‘pligi kabi o‘xshash hamda kitobiy-yozma leksema va so‘z birliklari, tijoriy atamalar, rasmiy-idoraviy qolip iboralardan ingliz tilida keng, o‘zbek tilida esa o‘rtacha foydalanilishi, ingliz tilida ko‘p kuzatiluvchi ekspressiv-emotsional leksikaning o‘zbek tilida mavjud emasligi singari farqli jihatlari aniqlashtirilgan;

ingliz va o‘zbek tillaridagi tijorat xatlarini tuzishda diskurs, adresatning nutqdan ko‘zda tutgan maqsadi, uning adresantga ta’siri, ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar kabi o‘ziga xos pragmatik xususiyatlari  dalillangan;

tijorat xatlarining internet makonida namoyon bo‘ladigan adresant va adresat o‘rtasidagi o‘zaro aloqa sxemalari bilan tavsiflanuvchi agent-agent (tenglik) va agent-mijoz (ustunlik), adresatga kerakli professional ta’sir o‘tkazish (shartnoma tuzish), buyruq tarzini o‘z ichiga oluvchi matn kabi lingvopragmatik jihatlari yoritilgan;

ingliz va o‘zbek tillaridagi tijorat xatlarida xushmuomalalik kategoriyasi muhim ekstralingvistik omil ekanligi asoslangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Ingliz va o‘zbek tillarida tijoriy sohaga tegishli yozishmalarning leksik-semantik va lingvopragmatik xususiyatlarini ochib berish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:

ilmiy ijodda pragmatik yondashuv, til tizimida oddiylik va murakkablik masalalari talqiniga oid nazariy xulosalardan QXF-2-001 «O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnika vositalaridan foydalanish texnikasini oshirish, mashinasozlik korxonalarida ularni energiya-resurs tejamkorlik yo‘nalishlarida takomillashtirishning nazariy-metodologik asoslari va optimal modellarini ishlab chiqish» mavzusidagi fundamental loyiha doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 30 yanvardagi 05/05-1-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotda berilgan ilmiy xulosalar ob’ekt, sistema, sistemali yondashuv, sistematik tahlilning izohlanishida asos bo‘lib xizmat qilgan;

ingliz va o‘zbek tillaridagi tijorat xatlari matnlarining kommunikativ-uslubiy jihatlari, shuningdek, ularning o‘ziga xos pragmatik xususiyatlari borasidagi taklif etilgan materiallar ITD-4, 4-148 raqamli «Xorijiy filologiya magistrlari uchun nazariy va amaliy asosiy chet (ingliz) tili bo‘yicha yaratilgan o‘quv-uslubiy va uning elektron ifodasini yaratish» mavzusidagi amaliy loyihaga tatbiq etilgan (Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 23 noyabrdagi FTA-02.11/117-son ma’lumotnomasi). Natijada magistr talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, amalda qo‘llash malaka va ko‘nikmalarini rivojlantirishga erishilgan;

tadqiqotga tortilgan turli tizimli tillardagi tijorat xatlarining lingvopragmatik aspektiga bag‘ishlangan tahliliy fikrlar va nazariy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston» teleradiokanali DUK «Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar» muharririyati tomonidan tayyorlangan «Bedorlik» turkum radioeshittirishlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, «O‘zbekiston» teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2017 yil 30 noyabrdagi O‘z/x-1-122-son ma’lumotnomasi). Bu radiotinglovchilarni zamonaviy tijorat xatlarining turlari va kompozision xususiyatlari, tijoriy aloqalarining bugungi holati, ingliz va o‘zbek tillaridagi tijorat xat matnlarini tuzishdagi muammolar, tijorat xatlarining qo‘llanilish ko‘lami, ulardagi janr tabiati bilan tanishtirishda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish