Shadmanov Mirzamaxmud Alisherovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «OIV-assotsirlangan siydik yo‘llari infeksiyasi (tarqalishi, klinik kechishi, farmakoepidemiologiyasi va davolashni optimallashtirish yo‘llari)», 14.00.31–Urologiya (tibbiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Tib231.

Ilmiy rahbar: Yuldashev Fayzullo Yuldashevich, tibbiyot fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat tibbiyot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.49.01.

Rasmiy opponentlar: Alchinbaev Mirzakarim Karimovich, tibbiyot fanlari doktori, professor, akademik; Muxtarov Shuxrat Tursunovich, tibbiyot fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi «Milliy radiologiya tibbiyot tadqiqot markazi» federal davlat byudjt muassasasi filiali N.A. Lopatkin nomidagi Urologiya va intervension radiologiya ilmiy-tadqiqot instituti (Rossiya Federatsiyasi).

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: OIVga bog‘liq bo‘lgan siydik yo‘llari infeksiyasi tarqalganligi, klinik kechish xususiyatlarini aniqlash yo‘li bilan davolash natijalarini yaxshilash va mavjud bo‘lgan korreksiya usullarini optimallashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

OIV-infeksiya fonida siydik yo‘llari infeksiyasi rivojlanishi va klinik kechishining epidemiologik xususiyatlari aniqlangan;

OIV-infeksiyalangan bemorlarda siydik yo‘llari infeksiyasi rivojlanishiga sharoit yaratuvchi ahamiyatli xavf omillari va profilaktika mezonlari aniqlangan, natijada kasallik erta tashxislangan;

OIV-infeksiyalangan bemorlarda siydik yo‘llari infeksiyasining farmakoepidemiologik jihatlari aniqlangan va antiretrovirus davo fonida o‘tkaziladigan medikamentoz davo usullari optimallashtirilgan;

OIV-infeksiyalangan bemorlarda siydik yo‘llari infeksiyasi klinik kechishining o‘ziga xos tomonlari aniqlangan hamda immunologik status va fondagi komorbid holatlarni hisobga olgan holda davolash taktikasi optimallashtirilgan;

shoshilinch va rejali urologik xizmat sifatini yaxshilashga sharoit yaratuvchi OIV-infeksiyalangan bemorlarda siydik yo‘llari infeksiyasi profilaktikasi va metafilaktikasi model-algoritmi ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

OIV bilan bog‘liq bo‘lgan siydik yo‘llari infeksiyasi bilan bemorlarni davolash natijalarini yaxshilashga bag‘ishlangan tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

«OIVga bog‘liq bo‘lgan siydik yo‘llari infeksiyasi: prognostik, profilaktik va davolash jihatlari» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 6 maydagi 8n-d/92-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalar OIVga bog‘liq bo‘lgan siydik yo‘llari infeksiyasining diagnostikasi sifatini yaxshilash imkonini bergan;

«OIVga bog‘liq bo‘lgan siydik yo‘llari infeksiyasini modellashtirish» dasturi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 6 maydagi 8n-d/92-son ma’lumotnomasi). OIVga bog‘liq bo‘lgan siydik yo‘llari infeksiyasini modellashtirish dasturining tatbiq etilishi kuzatuvning yaqin muddatidayoq OIVga bog‘liq bo‘lgan siydik yo‘llari infeksiyasi rivojlanish chastotasini 16,4%dan 4,2%gacha kamaytirish imkonini bergan;

OIVga bog‘liq bo‘lgan siydik yo‘llari infeksiyasi bilan bemorlarni davolash sifatini yaxshilashga bag‘ishlangan tadqiqot bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliy faoliyatiga, xususan, Andijon viloyati OITS bilan kurash markazi va Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi amaliy faoliyatiga (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 6 maydagi 8n-d/92-son ma’lumotnomasi) tatbiq etilgan. OIVga bog‘liq bo‘lgan siydik yo‘llari infeksiyasini davolashning taklif etilgan algoritmining qo‘llanishi 80–85% hollarda davolash sifatini yaxshilash, OIVga bog‘liq bo‘lgan siydik yo‘llari infeksiyasini nozologiyaga qadar bo‘lgan davrda erta aniqlashni ta’minlash va OIVga bog‘liq bo‘lgan siydik yo‘llari infeksiyasida kontinuumning shakllanishi oldini olishning samarali yo‘nalishlarini aniqlash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish